Gvardiola “Manchester Siti” bosh murabbiyligini tark etmoqda
Angliyaning “Manchester Siti” klubida ulkan davr yakuniga yetmoqda. Jamoani 2016-yilning iyul oyidan buyon boshqarib kelayotgan kataloniyalik mutaxassis Xosep Gvardiola joriy mavsum yakunlangach, bosh murabbiy lavozimidan ketadi. Bu haqdagi rasmiy bayonot klubning internet nashrida e’lon qilindi.
5 daqiqa o‘qiladi

Angliyaning “Manchester Siti” klubida ulkan davr yakuniga yetmoqda. Jamoani 2016-yilning iyul oyidan buyon boshqarib kelayotgan kataloniyalik mutaxassis Xosep Gvardiola joriy mavsum yakunlangach, bosh murabbiy lavozimidan ketadi. Bu haqdagi rasmiy bayonot klubning internet nashrida e’lon qilindi.
O‘n yillik faoliyati davomida Gvardiola jamoaning rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shdi va klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiyga aylandi. U o‘z faoliyati davomida “shaharliklar” bilan birgalikda jami 20 ta yirik sovrinni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Gvardiola klub tizimida qoladi
Bosh murabbiylikdan ketganidan keyin ham Gvardiola jamoa tuzilmasini butunlay tark etmaydi. U City Football Group (CFG) xoldingi bilan aloqalarni saqlab qolgan holda, global elchi sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Ushbu yangi vazifasida mutaxassis guruh tarkibidagi barcha klublarga strategik va texnik maslahatlar beradi. Shuningdek, u maxsus loyihalarni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bilan shug‘ullanishi belgilangan.
Gvardiolaning qo‘l ostidagi yutuqlar

Xosep Gvardiola boshqaruvi davrida “Manchester Siti” ham ichki, ham xalqaro maydonda mutlaq yetakchiga aylandi. Angliya ichki musobaqalarida jamoa 6 bor mamlakat chempionligini rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, uning qo‘l ostida futbolchilar 5 marta Angliya liga kubogini, 3 martadan Angliya Kubogi hamda Angliya Superkubogini boshlari uza baland ko‘tarishdi.
Xalqaro arenalarda ham klub sezilarli muvaffaqiyatlarni qayd etdi. Gvardiola murabbiyligida “Manchester Siti” o‘z tarixida ilk bor UEFA Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi. Ushbu muvaffaqiyat ortidan jamoa UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham tengsiz deb topildi.
Pep sharafiga

“Manchester siti” klubi Pep Gvariola ketishi munosabati bilan afsonaviy murabbiy sharafiga klubning uy stadioni — “Etihad Stadium”ning shimoliy tribunasini “Pep Gvardiola tribunasi“ga o‘zgartirilganini e’lon qildi. Shuningdek, klub tez orada Gvardiola uchun haykal o‘rnatilishini ham ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 1,5 yil oldin hamyurtimiz Abduqodir Husanovning “shaharliklar” safiga kelib qo‘shilishida ham shaxsan Gvardiolaning o‘zi bosh-qosh bo‘lgan.
Kataloniya va Germaniyadagi zafarli yillar

Xosep Gvardiolaning “Manchester Siti”dagi muvaffaqiyatlari tasodif emas, balki uning avvalgi klublarda shakllangan g‘oliblik falsafasining qonuniy davomidir. “Shaharliklar” safiga o‘tguniga qadar ham mutaxassis Ispaniya va Germaniya futbolida o‘chmas iz qoldirishga ulgurgan edi. Murabbiylik faoliyatini o‘zi ulg‘aygan Ispaniyaning “Barselona” klubida boshlagan Pep ilk mavsumidayoq butun dunyoni hayratda qoldirdi. U 2008-2012-yillar davomida kataloniyaliklar bilan jami 14 ta nufuzli sovringa ega chiqdi. Gvardiola boshqaruvidagi “Barselona” uch marta Ispaniya chempionligini, ikki marta Qirol kubogini va uch marta Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Xalqaro maydonda esa jamoa ikki bor UEFA Chempionlar ligasida zafar quchdi va ushbu muvaffaqiyatlar ortidan ikki martadan UEFA Superkubogi hamda Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida tengsiz deb topildi. Aynan o‘sha davrda Pep futbol tarixida bir mavsumning o‘zida oltita musobaqada g‘olib chiqqan ilk murabbiyga aylandi.

Kataloniyadagi muazzam yillardan so‘ng Gvardiola o‘z kuchini Germaniya Bundesligasida sinab ko‘rishga qaror qildi va Myunxenning “Bavariya” klubi rullini egalladi. 2013-yildan 2016-yilgacha davom etgan Myunxendagi uch mavsumlik faoliyati davomida u nemis futboliga o‘zgacha taktik takomillashuv olib kirdi. Gvardiola qo‘l ostida “Bavariya” ichki chempionatda mutlaq gegemonlikni saqlab qolib, ketma-ket uch marta Germaniya buchempioni bo‘ldi. Shuningdek, murabbiy jamoa bilan ikki bor Germaniya kubogini boshi uza baland ko‘tardi. Garchi nemis klubi bilan Chempionlar ligasida g‘olib chiqish nasib etmagan bo‘lsa-da, Pep dastlabki mavsumidayoq UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionligini jamoa muzeyiga taqdim etdi va Germaniyadagi umumiy sovrinlari sonini yettitaga yetkazdi. Ushbu ikki grand klubdagi poydevor keyinchalik uning Angliyada yaratadigan ulkan imperiyasi uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tab berdi.
Murabbiyning shaxsiy yutuqlari
Xosep Gvardiola nafaqat u boshqargan jamoalarning umumiy g‘alabalari, balki uning futbol olamiga ko‘rsatgan ulkan taktik ta’siri tufayli ham shaxsiy sovrinlar borasida murabbiylar orasida mutlaq yetakchilardan biri hisoblanadi. Uning o‘yin falsafasi jahon miqyosida tan olingan va u faoliyat olib borgan har bir mamlakatda eng nufuzli individual mukofotlarni qo‘lga kiritgan.
Global miqyosda Pep ikki marta dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan. U ilk bor 2011-yilda “Barselona” bilan, oradan yillar o‘tib esa 2023-yilda “Manchester Siti” bilan FIFA talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi murabbiyi unvoniga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) Gvardiolani 2009, 2011 va 2023-yillarda jami uch marta dunyoning eng yaxshi klub murabbiyi deb e’lon qilgan. Yevropa darajasida esa u UEFA tomonidan ikki bor, ya’ni 2009 va 2023-yillarda qit’aning eng yaxshi murabbiyi sifatida taqdirlangan. Bundan tashqari, nufuzli “World Soccer” jurnali uni uch bor yil murabbiyi deb topgan bo‘lsa, 2020-yilda o‘tgan yigirma yillikdagi xizmatlari uchun unga “Asr murabbiyi” maxsus mukofoti topshirilgan.

Angliyadagi faoliyati davomida Pep Premyer-liganing individual rekordlarini ham yangiladi. U “Manchester Siti” boshqaruvida jami besh marta “Mavsum murabbiyi” deb topildi. Angliya professional murabbiylari assotsiatsiyasi (LMA) esa uni uch marta yilning eng yaxshi mutaxassisi deb e’tirof etdi. Angliya chempionatida u jami 11 marta “Oy murabbiyi” mukofotini qo‘lga kiritgan bo‘lib, 2017-yilning sentyabr oyidan dekabr oyigacha ketma-ket to‘rt marta ushbu sovringa loyiq ko‘rilgan va bu ko‘rsatkich bilan liga tarixida mutloq rekord o‘rnatgan.
Ispaniya davrida, ya’ni “Barselona”ni boshqargan yillarida Gvardiola ichki chempionat mukofotlarini butunlay o‘ziniki qilib oldi. U to‘rt mavsum ketma-ket La Liganing eng yaxshi murabbiyi unvonini hech kimga bermadi. Taniqli “Don Balón” nashri uni ikki bor yil murabbiyi deb topgan bo‘lsa, “Marca” gazetasi tomonidan eng yaxshi murabbiyga beriladigan Migel Munos sovrini ham Pepga ikki marta nasib etgan. Murabbiylik qobiliyatidan tashqari, uning jamiyatga ko‘rsatgan ta’siri munosib baholanib, Ispaniya hukumati tomonidan Qirollik sport xizmatlari uchun oltin medali va vatani Kataloniya parlamentining eng oliy fuqarolik mukofoti bo‘lgan Oltin medal bilan taqdirlangan.
Pep Gvardiola tarixda ikki xil klub bilan “Trebl” qayd etgan yagona murabbiy bo‘lish barobarida, har ikki tarixiy mavsum yakunida ham shaxsiy sovrinlar bo‘yicha dunyoda tengsiz deb topilgan noyob mutaxassisdir.



