Hatto internetda qidirishni bilmaydigan sun’iy intellektli chatbotlar ham Google’dan qobiliyatliroq
Sun’iy intellekt va qidiruv tizimlari o‘rtasida raqobat kuchaymoqda. Qayd etilishicha, hozirgi kunda yosh avlod axborot yig‘ish uchun boshqa platformalardan, ayniqsa, SIdan foydalanmoqda. eMarketer prognozlariga ko‘ra, 2025-yilda Googleʼning qidiruv reklamalari bozoridagi ulushi tarixda ilk bor 50 foizdan pasayadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy intellektning rivojlanishi, marketpleyslarning ommalashuvi va Google tomonidan taqdim etilayotgan ma’lumotlar sifatining pasayishi tufayli mazkur qidiruv tizimidan foydalanish kamaymoqda, deb xabar beradi The Wall Street Journal. Ushbu tendensiyalar Googleʼning qidiruv trafigini pasaytirishi va kompaniyani “qo‘shimcha foyda”dan mahrum qilishi mumkin.
Googleʼning ulushi 50 foizdan pasayadi
eMarketer prognozlariga ko‘ra, 2025 yilda Googleʼning AQSh qidiruv reklamalari bozoridagi ulushi kompaniya bu ko‘rsatkichni kuzatishni boshlaganidan beri ilk bor 50 foizdan pastga tushadi. Bu o‘z-o‘zidan Google uchun katta moliyaviy yo‘qotishlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Sun’iy intellektli chatbotlar Google uchun tahdidmi?
Qayd etilishicha, hozirgi kunda yosh avlod axborot yig‘ish uchun boshqa platformalardan, ayniqsa, sun’iy intellektdan foydalanmoqda. Masalan OpenAI korporatsiyasi ChatGPT’ga internet-qidiruv funksiyasini qo‘shgan. Meta Platforms ham o‘zining qidiruv tizimini yaratishni rejalashtirmoqda.
“Hatto internetda qidirishni bilmaydigan sun’iy intellektli chatbotlar ham ko‘plab masalalarni hal qilishga tobora qobiliyatli bo‘lib bormoqda”, — deya ta’kidlanadi maqolada. Bundan tashqari, Microsoft va Apple ularni o‘z operatsion tizimlariga integratsiya qilmoqda.
Marketpleyslarning ta’siri kuchaymoqda
Shuningdek, WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchilar tovarlarni izlashda Googleʼni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Amazon kabi marketpleyslarga murojaat qilishmoqda. Amazon reklama beruvchilardan milliardlab dollar ishlab topmoqda, chunki u foydalanuvchilar uchun ancha qulayroq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yechim taklif qilyapti.



