Germaniya yana bir qadam yaqinlashdi
Mamlakatdagi katta demografiya muammolar ish oʻrinlariga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shuning uchun nemis kompaniyalari talab qilinadigan til bilish darajasini biroz pasaytirishga rozi boʻldi.
2 daqiqa o‘qiladi

Mamlakatdagi katta demografiya muammolar ish oʻrinlariga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shuning uchun nemis kompaniyalari talab qilinadigan til bilish darajasini biroz pasaytirishga rozi boʻldi. Avvalroq esa oʻzbeklar uchun 50 ming boʻsh ish oʻrinlari yaratilgani haqida ham maʼlumot berilgan edi.
"Bizga 1000 dan ortiq tibbiyot boʻyicha mutaxassis yetishmayapti"
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Germaniyaning "Mangold Consulting Gmbh" kompaniyasi direktori Klaus Mangold bilan uchrashdi. Uchrashuv xorijda ishlovchilar uchun sharoit yaratish, kasb-hunar sohasini rivojlantirish va Germaniyadagi ishlarga jalb qilish masalasida boʻldi. Demografik muammolar tufayli Germaniyada ish oʻrinlari koʻpayib ketmoqda, shu sohalardan biri tibbiyot hisoblanadi. Ancha yillardan beri bu sohada hamyurtlarimiz Olmon oʻlkasida ishlab kelishmoqda, shunga qaramasdan 1000 dan ortiq ushbu soha bilimdonlari uchun talab bor. Ammo til bilishdagi muammolar sababli bu jarayon juda sekin harakatlanmoqda, uchrashuvda esa ushbu muammoni yechimi oʻrtaga tashlanib, bu talablarni biroz yengillashtirish, til boʻyicha oʻquv kurslarining muddatini qisqartirish boʻyicha kelishildi. Uchrashuvda faqat tibbiyot bilan cheklanib qolmasdan, metallni qayta ishlash, mexatronika, logistika, yuk mashinalari haydovchiligi kabi sohalarda ham talab borligi aytildi.
Oʻzbekistonliklar uchun 50 ming boʻsh ish oʻrni
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Germaniyada oʻzbeklar uchun 50 mingdan ortiq ish oʻrni bor ekanligini aytib, fuqarolarni bu ishlarga taklif etdi. Ish oʻrinlari quyidagi sohalarda:
- hamshira
- yuk avtomobili haydovchisi
- yuk va qishloq xo‘jaligi avtomobillariga texnik xizmat ko‘rsatish
- mehmonxona
- restoran
- turizm
- hunarmandchilik
- qurilish va boshqa sohalar
Oylik maosh:
- kasbiy taʼlim orqali ishga jalb qilish - 1000 yevrodan
- toʻgʻridan-toʻgʻri ishga jalb qilish - 2000 yevrodan.
Ular uchun albatta til kurslari tashkil etish masalalari ham hal qilindi.



