$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda davlat gerbi atrofida qizg‘in bahslar avj oldi

Senat a’zosi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqovning maqolasi e’lon qilingach, jamoatchilik o‘rtasida mamlakat davlat ramzlari bo‘yicha faol munozara boshlanib ketdi. Muhokamalarning bosh mavzusiga gerbda aks ettirilgan paxta va bug‘doy tasvirlari aylandi.

Rafiqov nimalarni ta’kidladi?

Senator o‘z maqolasida mustaqillikning ilk yillaridagi davlat ramzlari 1990-yillardagi “qo‘rquv, siyosiy xavotir va ichki ishonchsizlik”ni aks ettirganini yozadi. Uning fikricha, gerbda paxta va bug‘doyning saqlanib qolinishi sovet o‘tmishi bilan g‘oyaviy bog‘liqlik belgisi bo‘lib kelgan.

Rafiqov Ittifoq parchalanganidan keyin ham jamoatchilik ongi uzoq vaqt davomida paxta, hosil va rejalarni bajarish tushunchalari atrofida aylanib qolganini qayd etgan. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, bunday ritorika erkin fikrlash doirasini cheklab, eski boshqaruv modellarini saqlab qolishga xizmat qilgan.

Shuningdek, senator Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yillarda paxtadan keladigan daromad “hatto bir milliard dollarga ham yetmagani” haqidagi gaplarini yodga olib, aynan qishloq xo‘jaligi ekinlari mamlakatning ma’naviy va ijtimoiy o‘zligini belgilashi kerakmi, degan savolni o‘rtaga tashlagan.

Sovet simvollari sabab bo‘lgan tanqidlar

Maqola e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda gerbni yangilash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchilar bilan bir qatorda, bunday bayonotlarni tanqid qiluvchilar ham paydo bo‘ldi.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston“ davrida barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasidagi sovet simvollariga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, zamonaviy memorial majmuada o‘roq va bolg‘a tasvirlaridan foydalanilgani mamlakat gerbidagi ramzlardan kam bo‘lmagan savollarni tug‘diradi.

Jurnalist agar sovet merosidan voz kechish masalasi ko‘tarilayotgan bo‘lsa, bu kabi muhokamalar faqatgina gerb bilan cheklanib qolmay, barcha davlat obektlariga daxldor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Kutilayotgan xarajatlar atrofidagi tortishuvlar

Bloger Zafarbek Solijonov esa gerbni o‘zgartirish g‘oyasini amaliy jihatdan tanqid ostiga oldi.

Uning tushuntirishicha, davlat ramzini yangilash juda katta mablag‘ talab qiladi. Chunki gerb tasviri minglab maktablar, bog‘chalar, oliygohlar, shifoxonalar, hokimliklar, sudlar va boshqa davlat idoralariga o‘rnatilgan. Bundan tashqari, o‘zgarishlar Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Mudofaa vazirligining xizmat transportlariga ham daxldor bo‘ladi.

Solijonov budjet mablag‘larini, eng avvalo, maktablarni ta’mirlashga va bundan ko‘ra dolzarbroq bo‘lgan ijtimoiy muammolarni hal qilishga yo‘naltirish lozim, deb hisoblaydi.

Muhokama gerb doirasidan chiqib ketdi

Qudratilla Rafiqovning maqolasi atrofidagi bahslar tez fursatda birgina davlat ramzi doirasidan chiqib ketdi. Tortishuvlar jamiyatning sovet merosiga bo‘lgan munosabati, milliy o‘zlik, mustaqillik ramzlari va bugungi sharoitda davlat uchun ustuvor vazifalar nimalardan iborat ekanligi kabi keng ko‘lamli mavzularni qamrab oldi.

Теги :
Jamiyat