$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Mubin Mirzayev: “1000 metr³gazni 2 million so‘mdan import qilyapmiz”

gaz

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida davlat budjeti daromadlarida bilvosita soliqlar ulushi kamayganini tushuntirdi.

Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2024-yilning birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan 18,7 trillion yoki 18,3 foizga o‘sib, 121 trillion so‘mga yetganini ma’lum qilgandi.

Davlat byudjeti daromadlarida bevosita soliqlar (aylanmadan olinadigan soliqlar, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad va foyda soliqlar) ulushi 33,3 foiz — 40,3 trillion so‘mni, bevosita soliqlar (bojxona to‘lovlari, aksiz solig‘i va QQS) 33,1 foiz yoki 40 trillion so‘mni, resurs soliqlari — 14,2 foiz yoki 17,2 trillion so‘mni, boshqa daromadlar — 19,5 foiz yoki 23,5 trillion so‘mni tashkil etdi.

Davlat byudjeti xarajatlari 16 foizga oshib, 149,8 trillion so‘mni tashkil etdi.

Bilvosita soliqlar ulushi kamaygan

Deputat Faxriddin Samadov bilvosita soliqlar ulushi 3 foizga, resurs soliqlarining ulushi 1,4 foizga kamayganini ta’kidladi. U nega bilvosita soliqlar ulushi kamaygani va bu kamayish qaysi manbalar hisobidan sodir bo‘lganini so‘radi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning ma’lum qilishicha, soliq organlari tomonidan 85,8 trillion so‘m soliq tushumi ta’minlangan, bu 2023-yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 12,5 foizga ko‘p. Uning taʼkidlashicha, bilvosita soliqlar ulushi QQS va aksiz solig‘i hisobiga 22,8 foizdan 21,4 foizga (-1,4 foiz) kamaygan.

17,8 trillion so‘m QQS tushumi

Soliq organlari 17,8 trillion so‘m (+12,3 foiz) QQS tushumini ta’minlagan. O‘tgan yilga nisbatan QQS qaytarish summasi 40 foizga oshib, 14 trillion so‘mni tashkil etdi.

“2024-yil birinchi yarimyilligida 1000 kub metr gazni 160 dollardan import qilyapmiz yoki 2 million so‘mdan. Va 240 so‘m bojxonada to‘lanyapti. Va aholi va tashkilotlarga biz bugungi kunda buni 480 ming so‘mdan to 1,5 million so‘mgacha sotyapmiz. 60 ming so‘mdan (QQS) har 1000 kub metrga qaytarib beryapmiz”, — dedi u.

8 trillion so‘mga aksiz solig‘i undirilgan

Mubin Mirzayevning aytishicha, birgina 2024-yilning birinchi yarmida tabiiy gazni xarid qilish va sotish funksiyalarini markazlashgan holda amalga oshiruvchi UzGasTrade kompaniyasi ushbu summani “undirish o‘rniga” 1 trillion so‘mga QQS qaytargan.

Shuningdek, soliq organlari tomonidan byudjetga 8 trillion so‘mga aksiz solig‘i undirilgan, uning ulushi 0,2 foizga kamaygan.

“Birinchi navbatda, mana shu tabiiy gazdan 1,4 trillion so‘m tushumlar tushmasligi sabab bo‘ldi… 2023-yilning olti oyida agar bizda 2,3 milliard kub metr gaz import qilingan bo‘lsa, 2024-yilning birinchi yarmida 5,2 milliard kub metr gaz import qilindi va deyarli 2,2 barobar oshdi. Va shuning hisobiga biz 1,3 trillion so‘mlik aksiz solig‘ini olmadik”, — dedi u. SQ rahbariyati vakili Prezident qaroriga ko‘ra, gaz importi uchun nol aksiz stavkasi belgilanganligini eslatdi.

 Gaz oʻtkan yilga nisbatan 1,4 milliard kub metrga kam qazib olingan

O‘zbekistonda birinchi yarimyillikda gaz qazib olish hajmi 13,7 milliard kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan 1,4 milliard kub metrga kam. Oqibatda byudjetga ham 104 milliard so‘m aksiz tushumlari yo‘qotildi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi yarimyillikda O‘zbekistonga gaz importi 809 mln dollardan oshdi, bu 2023-yilning birinchi yarmidagi ko‘rsatkichdan 4 barobar ko‘p.