$
 12175.53
-4.28
 14151.62
12.08
 155.08
-1.65
weather
+26
Кечаси   +14°

Zaxiralar “nol”ga yaqin: Yevropa gazsiz qolish arafasidami?

Gaz

Yevropa Ittifoqi davlatlari joriy yilning bahorini energetika sohasidagi jiddiy xavotirlar bilan kutib olmoqda. Gas Infrastructure Europe (GIE) tashkilotining so‘nggi ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, qit’adagi yer osti gaz omborlaridagi (YEGO) zaxiralar miqdori kuzatuvlar tarixidagi eng past ko‘rsatkichga yetgan.

2026-yilning 6-mart holatiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi bo‘yicha umumiy gaz zaxiralari 30 foizlik psixologik chegaradan pastga tushib, bor-yo‘g‘i 29,52 foizni tashkil etmoqda. Bu raqamlar ortida qit’a iqtisodiyoti va aholisi uchun muhim bo‘lgan 31,82 milliard kubometr “ko‘k olov” mavjudligini ko‘rish mumkin. Taqqoslash uchun, joriy isitish mavsumi boshlangan 2025-yil 12-oktabr sanasida omborlar 83,15 foizga (89,52 mlrd m³) to‘la edi. O‘tgan vaqt mobaynida Yevropa umumiy hisobda 57,69 milliard kubometr gaz sarflagan.

Niderlandiya: Inqiroz markazidagi gigant

Yevropa Ittifoqida gaz saqlash quvvati bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi Niderlandiyada vaziyat ayniqsa og‘ir. Mamlakat omborlaridagi to‘ldirilish darajasi 10 foizdan ham pastga tushib, 9,89 foizni tashkil etmoqda.

Niderlandiyada gaz olish mavsumi 2025-yil 6-noyabrda boshlangan edi. O‘sha paytda 9,96 milliard kubometr (73,14%) zaxira bilan qishga kirgan mamlakat, bugungi kunga kelib 8,61 milliard kubometr gazni sarflashga ulgurdi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, 2025-yilning yozida yig‘ilgan 7,1 milliard kubometrlik jamg‘arma joriy yilning 8-fevralidayoq to‘liq tugagan. Hozirgi kunda iste’mol asosan avvalgi yillardan qolgan 1,5 milliard kubometrlik strategik zaxiralar hisobidan qoplanmoqda.

Germaniya va Fransiya xavf ostida

Yevropaning yirik iqtisodiyotlari ham energetik tanqislikdan mustasno emas. Xususan, mintaqaning eng yirik gaz saqlash quvvatiga (23,7 mlrd m³) ega davlat bo‘lmish Germaniyada omborlarning atigi 20,88 foizi to‘la. Bu sanoat giganti uchun o‘ta xatarli ko‘rsatkichdir.

Fransiyada ham holat ko‘ngildagidek emas: 11,9 milliard kubometr quvvatga ega tizimning atigi 21,72 foizi band. Nisbatan barqarorlik Italiya (46,54%) va Avstriya (36,0%) ko‘rsatkichlarida ko‘rinsa-da, umumiy mintaqaviy tendensiya pasayishda davom etmoqda.

Xulosa o‘rnida

Yozgi mavsumda yig‘ilgan 52,9 milliard kubometr gazning allaqachon sarflanib bo‘lingani va zaxiralarning tarixiy minimal darajaga tushishi kelgusi “to‘ldirish mavsumi” uchun ulkan yuklamani yuzaga keltiradi. Mutaxassislarning fikricha, mart oyidagi bunday past ko‘rsatkichlar kelgusi qishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini ham murakkablashtirishi va energiya bozoridagi narxlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

Теги :
Jamiyat