$
 12931.94
-8.17
 14107.45
51.9
 150.18
4.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Gaz hisoblagichlari ko‘rsatkichlarni uzatmayapti. Muammo ilovadami yoki tizimda?

gaz hisoblagich

So‘nggi kunlarda gaz hisoblagichlari ko‘rsatkichlarni uzatmayapti degan shikoyatlar ko‘paydi. Iste’molchilar 1104 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish qiyinligi, operatorlarga ulanish uchun uzoq vaqt kutishga to‘g‘ri kelayotganini bildirgan. Ba’zilar esa muammo faqat ilovada bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan o‘z-o‘zidan tuzalishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.  

Hududgazta’minot masalaga rasmiy munosabat bildirib, billing tizimidan ma’lumot almashishda qisqa muddatli uzilishlar bo‘lganini va hozirda ilova yangilanib, muammo bartaraf etilganini ma’lum qildi. Biroq amalda ko‘plab iste’molchilar hali ham hisoblagichlar bilan bog‘liq muammolar davom etayotganini bildirgan.  

Gaz hisoblagichlarida qanday muammo kuzatilmoqda? 

Ko‘plab iste’molchilar shaxsiy kabinetda “O‘zgarishlar qayd etilmadi” degan ogohlantirish chiqayotgani, to‘lovlar aks etmayotgani va hisoblagichlarning oxirgi ko‘rsatkichlari ilovada ko‘rinmayotganini ma’lum qilmoqda. Ayrim iste’molchilar bu holatni hisoblagich batareyalarining ishlamay qolishi bilan bog‘lamoqda. Kimdir batareyasi tezda almashtirilganini, boshqalarga esa ikki hafta kutish kerakligi aytilganini bildirgan

1104 qisqa raqamiga murojaat qilmoqchi bo‘lgan iste’molchilar esa uzoq navbatlar va operatorlarga ulanish qiyinligi sababli shikoyat qilishmoqda. Hududgazta’minot ushbu muammoni texnik ishlarga bog‘lab, muammo bartaraf etilganini ta’kidlamoqda.  

Hududgazta’minot rasmiy bayonoti – muammo hal bo‘ldimi? 

Hududgazta’minot rasmiy bayonotida billing tizimi yangilanishi tufayli vaqtincha uzilishlar yuz bergani va hozirda ilova orqali ma’lumotlar uzatilayotgani haqida xabar berdi

Bundan tashqari, kompaniya iste’molchilarga barcha gaz hisoblagichlarda batareyalar yoki aloqa uzatishda muammo yuzaga kelsa ham, so‘nggi 90 kunlik sarflangan gaz ma’lumotlari saqlanib qolishini bildirdi. Ushbu ma’lumotlar EGHU (elektron gaz hisoblash uskunasi) orqali tiklanishi va to‘lovlar hisob-kitobga kiritilishi qayd etilgan.  

Hududgazta’minot iste’molchilarga shaxsiy kabinet va gaz hisoblagichlaridagi ma’lumotlarni vaqti-vaqti bilan solishtirib borish, agar hisoblagich aloqaga chiqmayotgan bo‘lsa yoki balans o‘zgarmayotganini sezsa, 1104 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish tavsiya etilgan.  

Hududgazta’minot muammoni hal qilish o‘rniga uzr so‘rash bilan kifoyalanmoqda 

Ko‘plab iste’molchilar rasmiy bayonotda keltirilgan muammolar hanuz davom etayotganini ta’kidlab, Hududgazta’minot faqat bayonot berish bilan cheklanib, muammoni real hal etmayotganidan norozi. Ba’zilarga hisoblagich batareyasi tezda almashtirilgan bo‘lsa, boshqalarga bu jarayon ikki haftagacha cho‘zilishini aytishmoqda.  

1104 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish muammo bo‘lib qolayotgani ham iste’molchilar noroziligini oshirmoqda. Gaz hisoblagichlarida nosozlik yuzaga kelgan holatda, odamlar o‘z vaqtida javob olishi va bu ularning to‘lov jarayoniga ta’sir qilmasligi kerak. Hududgazta’minot esa bu borada qo‘shimcha chora ko‘rish o‘rniga, muammoni “hal bo‘ldi” deb bayonot berish bilan kifoyalanayotgandek tuyulmoqda.

Теги :
Jamiyat