Toshkentda “garmoshka” haydovchisi “ilon izi” shaklida harakat qildi
Qoidabuzar ishdan bo‘shatilib, “qora ro‘yxat”ga kiritildi. Shuningdek, haydovchilik huquqidan ham mahrum qilinishi mumkin.
1 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda King Long avtobusi haydovchisining yuqori tezlikda “ilon izi” shaklida haydayotgani aks etgan video tarqaldi. Vaziyatga “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati izoh berdi.
Haydovchi ishdan olindi
Ushbu holat “Toshshahartransxizmat” AJ, Transport nazorati inspeksiyasi rahbariyati va mas'ul xodimlar ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi. O‘z xizmat vazifasini suiste'mol qilib qo‘pol qoidabuzarlik sodir etganligi, shahar ko‘chalarida qarama-qarshi harakatlanib xavfli monyovrlarni amalga oshirganligi va avariya holatini keltirib chiqarganligi uchun ushbu haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
“Qora ro‘yxat”
Ma’lumot uchun, qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgani uchun mehnat shartnomasi bekor qilingan haydovchilarning elektron bazasi, ya'ni, “Qora ro‘yxat”i joriy etilgan bo‘lib, unga ko‘ra ushbu haydovchilar avtobus saroyi filiallariga qayta ishga olinmasliklari qat'iy belgilangan. Shu kunga qadar ushbu ro‘yxatga kiritilgan haydovchilar soni 197 nafarni tashkil etmoqda.
“Yuqoridagi qoidabuzarlik sababli ishdan bo‘shatilgan 58-sonli avtobus haydovchisi F.S ham ushbu qora ro‘yxatga kiritilganligini ma'lum qilamiz”, – deyiladi xabarda.
Haydovchilik guvohnomasidan maxrum qilinadi
Qoidabuzarlik chog‘ida nafaqat o‘zining balki boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining ham hayotini xavf ostiga qo‘yganligi sababli, haydovchi F.S ni haydovchilik guvohnomasidan maxrum qilish yuzasidan Jinoyat ishlari sudiga maxsus taqdimnoma kiritilgan.



