$
 11973.90
64.24
 13700.54
111.62
 154.82
2.54
weather
+26
Кечаси   +14°

FIFAda “tanish-bilish”: Tramp sababli amerikalik futbolchiga berilgan qizil kartochka bekor qilindi

futbol

Jahon chempionatida olingan qizil kartochka odatda hakam qarori bilan yakunlanadi. Ammo bu safar voqea boshqacha kechdi. Donald Tramp jamoasi, Oq uy va FIFA o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng AQSh hujumchisi Folarin Balogun muhim o‘yinda ishtirok etish imkoniyatini saqlab qoldi.

Xo‘sh, FIFA nima uchun futbolchining diskvalifikatsiyasini bekor qildi?

Bitta qizil kartochka Oq uygacha qanday yetib bordi?

AQSh terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogun Bosniya va Gersegovinaga qarshi Jahon chempionati uchrashuvida qo‘pol harakati uchun qizil kartochka oldi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, u avtomatik ravishda keyingi uchrashuvni ham o‘tkazib yuborishi kerak edi. Bu esa AQShning Belgiya bilan 1/8 final bahsida jamoaning asosiy hujumchisiz maydonga tushishini anglatardi. Politico nashrining AQSh hukumati va futbol doiralaridagi manbalarga tayanib yozishicha, Bosniya ustidan qozonilgan g‘alabadan bir necha daqiqa o‘tib Oq uyning FIFA Jahon chempionati bo‘yicha ishchi guruhi ijrochi direktori Endryu Juliani Donald Trampni futbolchining jazosi haqida xabardor qilgan.

Qayd etilishicha, Tramp va Juliani Jahon chempionati masalasini turnir boshlanishidan ancha oldin muntazam muhokama qilib kelgan. Prezident musobaqa logistikasi, xavfsizlik choralari va AQSh terma jamoasining imkoniyatlari haqida doimiy ravishda ma’lumot olib turgan. Turnir boshlanganidan keyin esa bu muloqotlar haftasiga bir necha martagacha ko‘paygan. Politico ma’lumotiga ko‘ra, Balogunning chetlatilishi Oq uyda oddiy sport hodisasi sifatida emas, balki AQSh terma jamoasining mundialdagi imkoniyatlariga ta’sir qiladigan muhim masala sifatida baholangan.

Oq uy, FIFA va hakam qarori atrofidagi to‘rt kunlik kurash

O‘yin tugashi bilan Oq uy, AQSh futbol federatsiyasi va hukumatning bir qator yuqori lavozimli amaldorlari Balogunning jazosini bekor qildirish ustida ish boshlagan. Endryu Juliani, AQSh savdo vaziri Govard Latnik hamda AQSh futbol federatsiyasining yuqori martabali vakillari San-Fransisko yaqinidagi “Levi’s Stadium”da uchrashuvni bevosita kuzatgan va hakamning qaroriga qarshi qanday choralar ko‘rish mumkinligini muhokama qilgan. Futbol mutaxassislarining ayrimlari ham qizil kartochkani haddan tashqari og‘ir jazo deb baholagan.

Shundan so‘ng Oq uy, AQSh futbol federatsiyasi va boshqa mutasaddilar ishtirokida to‘rt kun davom etgan huquqiy va diplomatik muzokaralar boshlangan. Muzokaralar Oq uydan tortib FIFAning Syurixdagi bosh qarorgohigacha davom etgan. AQSh futbol federatsiyasi yuristlari FIFAga rasmiy apellyatsiya tayyorlagan, Endryu Juliani va Govard Latnik esa zarurat tug‘ilsa Oq uy yuristlari ham huquqiy tahlil va maslahat bilan yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Shu bilan birga, Juliani hamda investitsiya fondi menejeri Skott Gudvin qizil kartochka ko‘rsatgan braziliyalik hakam Rafael Klausning avvalgi faoliyatini ham o‘rganishni boshlagan. Hukumatning yuqori lavozimli vakillari hakam ishtirokidagi bahsli vaziyatlar haqidagi maqolalar va materiallarni tahlil qilib, apellyatsiyani kuchaytirishi mumkin bo‘lgan barcha dalillarni yig‘ishga harakat qilgan. Keyinchalik masala FIFAning huquqiy va intizom organlariga yetib borgan. FIFAning yuridik masalalar bo‘yicha direktori Emilio Garsiya Janni Infantinoga mavjud huquqiy imkoniyatlar yuzasidan maslahat bergan, mutaxassislar esa Balogunning qizil kartochkasini qayta ko‘rib chiqish uchun yetarli asoslar bor yoki yo‘qligini o‘rgangan.

FIFAning qarori nima uchun bahslarga sabab bo‘ldi?

5-iyul kuni, AQSh va Belgiya o‘rtasidagi 1/8 final uchrashuvidan bir kun oldin FIFA Intizom qo‘mitasi Balogunning bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasini bir yil muddatga to‘xtatib turish haqida qaror chiqardi. Natijada futbolchi Belgiya bilan o‘yinda maydonga tushish huquqini saqlab qoldi. Qarordan so‘ng Donald Tramp FIFAga minnatdorlik bildirib, federatsiya “to‘g‘ri ish qilgani va katta adolatsizlikni bartaraf etgani”ni aytdi.

Politico yozishicha, Bosniya bilan o‘yindan keyingi kun Tramp FIFA prezidenti Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilgan. Ikki rahbar so‘nggi sakkiz yil davomida yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, Infantino Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida Oq uyga bir necha bor tashrif buyurgan. Hatto ayrim AQSh siyosiy qarorlari FIFA manfaatlariga zid bo‘lgan paytlarda ham ular aloqani uzmagan. Suhbat davomida Tramp qizil kartochka va diskvalifikatsiya qoidalari haqida so‘ragan. Infantino prezidentning fikrlarini tinglagan, biroq qaror yuzasidan hech qanday kafolat bermagan.

FIFA esa Politico’ga bergan izohida Balogun bo‘yicha qaror mustaqil 18 nafar a’zodan iborat Intizom qo‘mitasi tomonidan qabul qilinganini va unda hech qanday siyosiy aralashuv bo‘lmaganini ta’kidlagan. Biroq tashkilot qaror ovoz berish orqali qabul qilinganmi yoki yo‘qmi, bunga aniqlik kiritmagan. Shuningdek, boshqa intizomiy ishlaridan farqli ravishda bu holat bo‘yicha batafsil hisobot ham e’lon qilinmagan.

Shunga qaramay, Yevropadagi ko‘plab futbol amaldorlari Oq uyning bu jarayondagi faolligi FIFAning sport qarorlarini siyosiy ta’sirdan xoli saqlash tamoyillariga zid bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Belgiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi ham yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha barcha huquqiy imkoniyatlarni o‘rganayotganini ma’lum qildi. Politico xabariga ko‘ra, qaror e’lon qilingach Tramp va Infantino yana telefon orqali muloqot qilgan. Shuningdek, ular 19-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati finalidan keyin g‘olib jamoaga kubokni birgalikda topshirishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat