$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinlari butun mamlakat bo‘ylab maktablarda bepul namoyish etiladi

Futbol translyatsiya Foto: SI

2026-yilning iyun-iyul oylarida O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida jahon chempionatida ishtirok etayotgan milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Muxlislar maydoni” loyihasi hayotga tatbiq etiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikamizning 208 ta shahar va tumanlarida o‘yinlarni tomosha qilish uchun maxsus maydonchaga aylanadigan maktablar belgilab olindi. Endilikda o‘quvchilar, ota-onalar va barcha futbolsevarlar O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarni ulkan ekranlarda jonli efirda kuzatib borishlari mumkin.

Tashrif buyuruvchilar futbol o‘yinlaridan maroqli bahramand bo‘lishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — muxlislarni bir maqsad yo‘lida birlashtirish hamda milliy terma jamoamizga jahon birinchiligida cheksiz dalda bo‘lishdir.

Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionatining guruh bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi Kolumbiya, Portugaliya va Kongo termalariga qarshi maydonga tushadi.

Bunday fan-zonalar boshqa mamlakatlarda ham tashkil etiladi

Jahon chempionati o‘yinlarini jamoaviy bo‘lib tomosha qilish tajribasi butun dunyoda keng ommalashgan. Masalan, Fransiyada JCh-2026 munosabati bilan muxlislar uchun ulkan ekranli o‘nlab maxsus maydonchalar hozirlanmoqda. Parijda esa terma jamoalar o‘yinlari Yevropaning eng yirik “Grand Rex” kinoteatrida, shuningdek, madaniyat maskanlari va ijtimoiy markazlarda namoyish etiladi. Muxlislar uchun qo‘shimcha ravishda konsertlar, ko‘ngilochar dasturlar, fud-kortlar (tamaddixonalar) va mavzuga oid turli tadbirlar ham tashkil etiladi.

O‘zbekiston terma jamoani qo‘llab-quvvatlashning o‘ziga xos formatini tanladi

Aksariyat mamlakatlarda fan-zonalar an’anaviy ravishda maydonlar, stadionlar, istirohat bog‘lari va madaniyat markazlarida tashkil etilsa, O‘zbekistonda bu maqsadlar uchun ilk bor umumta’lim maktablaridan foydalaniladi. Bu tashabbus tufayli yurtimizning barcha hududlaridagi aholi milliy terma jamoamizning jahon chempionatidagi debyut chiqishini bir oiladek hamjihatlikda kuzatish va qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘yinlar taqvimi (Toshkent vaqti bilan):

  • O‘zbekiston — Kolumbiya — 18-iyun, soat 07:00
  • O‘zbekiston — Portugaliya — 23-iyun, soat 22:00
  • O‘zbekiston — Kongo — 28-iyun, soat 04:30

👉 Maktablarning to‘liq ro‘yxati.

Теги :
Jamiyat