$
 12129.33
28.04
 14061.53
30.08
 149.17
1.16
weather
+26
Кечаси   +14°

“Andijon”,“Navbahor”,“Neftchi” va bir qator klublarni jiddiy sanksiyalar kutib turibdi

Andijon Neftchi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (OFA) tomonidan Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitaning qarorlari ijrosi yuzasidan tahlil o‘tkazildi.

Qarzdorlikni bartaraf etmagan klublar aniqlandi

Qo‘mita qarorlariga ko‘ra, futbol klublariga mavjud qarzdorliklarni belgilangan muddatlarda to‘liq bartaraf etish majburiyati yuklatilgan. Biroq tahlil natijasida “Navbahor lochinlari”, “Neftchi”, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, “Qumqo‘rg‘on-1977” va “TerDU” futbol klublari ushbu majburiyatlarni to‘liq bajarmayotgani aniqlangan.

Qarzdorliklar tafsiloti

  • “Navbahor lochinlari” futbol klubi futbolchilar Jamshid Iskanderov, Ibrohim Yo‘ldoshev, Diyorjon Turopov, Odil Hamrobekov, Abror Ismoilov, Shahzodbek Ubaydullayev hamda murabbiy Muhiddin Ortiqov oldidagi qarzdorlikni to‘liq qoplamagan.
  • “Neftchi” klubi futbolchilar Azizbek Amonov, Manuchehr Safarov va Shohruh Gadoyev oldidagi majburiyatlarni bajarmagan.
  • “Andijon” klubi “Paxtakor” va “Bunyodkor” oldidagi mashg‘ulot kompensatsiyasi hamda transfer shartnomalari bo‘yicha qarzdorlikni to‘lamagan.
  • “Xorazm” va “Buxoro” klublari ham “Paxtakor” oldidagi mashg‘ulot kompensatsiyasi qarzlarini qoplamagan.
  • “Qumqo‘rg‘on-1977” futbolchisi Orzu Razzoqov, “TerDU” esa futbolchilar Sarvar Husanov va Farrux Haydarov oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarmagan.

Transfer taqiqi va vaqtinchalik choralar

Qarzdorliklar sababli qo‘mita tomonidan 2025-yilgi mavsumning qishki transfer oynasida “Navbahor lochinlari” va “Neftchi” klublariga milliy hamda xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yilgan edi.

Keyinchalik Namangan va Farg‘ona viloyat hokimliklarining qarzdorlikni to‘liq bartaraf etish kafolat xatlari hamda futbolchilar bilan kelishuvlari inobatga olinib, taqiq vaqtincha olib tashlandi. Shunga qaramay, klublar tomonidan belgilangan muddatlarda to‘liq to‘lovlar amalga oshirilmagan.

Takroriy buzilish va reglament talablari

Qo‘mita qarorlarining ijrosi ta’minlanmagani uchun klublarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgan bo‘lsa-da, qarzdorliklar baribir bartaraf etilmadi.

Futbolchilarning maqomi va transferi reglamentining 12-bis moddasiga binoan, klublar o‘z moliyaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi shart. Mazkur moddaning 6-bandida esa majburiyatlarning takroriy buzilishi og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanib, yanada qat’iy jazo choralarini qo‘llash belgilangan.

Kutilayotgan jazo chorasi

OFA a’zosi sifatida barcha klublar qo‘mita qarorlariga rioya etishi majburiydir. Ammo ayrim klublarning bepisandligi sababli, ularga nisbatan qat’iyroq intizomiy jazo choralarini qo‘llash masalasi 2025-yil 3-noyabr kuni ko‘rib chiqiladi.

Kun tartibida quyidagi choralar mavjud:

  • “Navbahor lochinlari” va “Neftchi” klublaridan 3 ochko olib tashlash, shuningdek qishki transfer oynasida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yish;
  • “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, “TerDU” klublariga ham xuddi shunday transfer taqiqini joriy etish;
  • “Qumqo‘rg‘on-1977” klubini esa musobaqadan chetlashtirish masalasini ko‘rib chiqish.
Теги :
Jamiyat