Yakshanba, 18-oktabr, 2026
Havo 92 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +21° kechasi +11°

Bog‘cha va maktab ta’miri uchun ajratilgan mablag‘lar maqsadli sarflanyaptimi?

O‘tgan yilda maktablarda 181,5 ming yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratilib, 95 ta yangi sport zallari qurildi.

2 daqiqa o‘qiladi

Bog‘cha va maktab ta’miri uchun ajratilgan mablag‘lar maqsadli sarflanyaptimi?

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning bajarilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

O‘tgan yilda qancha maktabning kamchiligi bartaraf etildi?

Axborotda keltirilishicha, ta’lim uchun qulay muhit yaratish maqsadida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan 2023-yilda 868 ta maktabda hojatxonalar qurish va ta’mirlash, 68 ta maktabga sport zallari, 40 ta maktabga faollar zallari qurish, 322 ta maktablarni atrofini o‘rash, 79 ta maktabga oshxonalar qurish va 160 tasini ta’mirlash, 147 ta maktabga toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari amalga oshirilgan.

Prezidentning 2023-yil 25-dekabrdagi tegishli qarori bilan joriy yilda aholi hududlariga toza ichimlik suvi tarmog‘ini ulash dasturi doirasida ushbu hududlardagi maktablarga ham uzluksiz toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari amalga oshirilmoqda.

181,5 ming yangi o‘quv o‘rni

Shuningdek, mazkur qarorga asosan 4,1 trln so‘m mablag‘ hisobiga 608 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Bu boradagi ishlar natijasida 181,5 ming yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratilib, 101,7 ming o‘quvchi o‘rni mukammal ta’mirlandi va 95 ta yangi sport zallari qurildi.

Bog‘chalarda vaziyat qanday?

Shu bilan birga, Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” investitsion loyihasi doirasida 2022 – 2023-yillarda respublikamizning barcha hududlarida joylashgan 6 213 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 20 ta dan ortiq turdagi mebel jihozlari va o‘quv materiallari yetkazib berildi.

70 ta davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari esa zamonaviy reabilitatsiya asbob-uskunalari, didaktik materiallar, maxsus o‘yinchoqlar va boshqa aksessuarlar, korreksion, pedagogik va reabilitatsiya muolajalarini imkon qadar samarali qiladigan turli trenajyorlar bilan jihozlandi.

Bundan tashqari, davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan ko‘rishda og‘ir nuqsoni bo‘lgan tarbiyalanuvchilarning ta’lim olish jarayoni sifatini yaxshilash maqsadida 130 ta Brayl alifbosi to‘plamlari davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yetkazib berildi va ta’lim jarayonida joriy etilmoqda.