$
 12803.06
26.0
 13902.84
-17.77
 131.84
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Messi yoki Ronaldu? — Jahonning eng boy futbolchilari kimlar?

Messi

Forbes nashri 2024/25 yilgi mavsumga ko‘ra, jahonning eng serdaromad futbolchilari reytingini e’lon qildi. O‘zbek futbolchilari qancha maosh oladi?

O‘lchov mezoni

Ro‘yxatni shakllantirishda futbolchilarning klubdagi maoshi, bonuslari va turli hamkorliklar orqali topayotgan daromadlari hisobga olingan. Reytingni hamon Krishtianu Ronaldu boshqarmoqda. Portugaliyalik 39 yoshli forvardning joriy mavsumdagi daromadi 285 million dollarni tashkil etgan. Lionel Messi 135 mln. dollar daromad bilan 2-o‘rinda bo‘lsa, Neymar jami 110 mln. daromadi bilan uchlikni yakunlab bergan.

Top—10 

1. Krishtianu Ronaldu (An-Nasr) – 285 mln. dollar (220 mln. klubdan tushadigan daromad, 65 mln. futboldan tashqari daromad);

2. Lionel Messi (Inter Mayami) – 135 mln. (60+75 mln. MLS taqvimi sababli mavsumdagi emas, 2024-yildagi daromadi ko‘rsatilgan);

3. Neymar (Al-Hilol) – 110 mln. (80+30 mln.);

4. Karim Benzema (Al-Ittihod) – 104 mln. (100+4 mln.);

5. Kilian Mbappe (Real) – 90 mln. (70+20 mln.);

6. Erling Holand (Manchester Siti) – 60 mln. (46+14 mln.);

7. Vinisius Junior (Real) – 55 mln. (40+15 mln.);

8. Muhammad Saloh (Liverpul) – 53 mln. (35+18 mln.);

9. Sadio Mane (An-Nasr) – 52 mln. (48+4 mln.);

10. Kevin de Bryuyne (Manchester Siti) – 39 mln. (35+4 mln.).

O‘zbekistondagi vaziyat qanday?

O‘zbekiston futbolida boshqa sohalardagi kabi maosh masalasi ochiqlanavermaydi, desak xato bo‘ladi. Ochiqlanmaydi. Faqatgina bundan uch yil avval "Paxtakor" klubi matbuot xizmati tarixda ilk bor klub futbolchilari, murabbiylar shtabi va rahbariyatining maoshlari va daromadlari bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqlagandi. O‘shanda bu holat jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Shu sabab, o'zbek futbolchilarining yillik daromadini aniqlashimiz mushkul ish. 

“Paxtakor” futbolchilarining 3-yil avvalgi ochiqlangan maoshlari miqdori

Ma’lum bo‘lishicha, klubning eng yuqori maosh oluvchi futbolchilari legionerlar — shveysariyalik Eren Derdiyo‘q (yillik maosh 1,3 mln. yevro) hamda serbiyalik Dragan Cheran (350 ming dollar) hisoblanishgandi. Asosiy tarkibdagi mahalliy futbolchilarga esa bir xilda - yiliga 153 million 120 ming so‘mlik maosh tayinlangan. Shu bilan birgalikda, futbolchilarga o‘yinlardagi ishtiroki va ko‘rsatgan natijalariga qarab alohida mukofot pullari belgilangan va bu miqdorlar yillik maoshlardan bir necha baravar (ayrim holatlarda bir necha o‘n baravar) yuqori ko‘rsatilgan. Masalan, jamoa himoyachisi Yegor Krimetsga 4 milliard so‘mdan ortiq mukofot puli chiqarilgan. Shuningdek, Anzur Ismoilov (1,7 mlrd.), Aziz Turg‘unboyev (1,4 mlrd.), Sardor Sobirxo‘jayev (1,4 mlrd.), Farrux Sayfiyev (1,1 mlrd.), Sherzod A’zamov (1,1 mlrd.), Eldor Suyunov (1,1 mlrd.), Abror Ismoilov (1 mlrd.) miqdorida mukofot puli olgan. 

Superliga futbolchilarining amaldagi maoshlari qancha?

Shu-shu yuqoridagi “sherlar” sinovdan o‘tkazib bergan tendensiya yo‘q bo‘lib ketdi. Klublar ortiqcha “bosh og‘rig‘i”dan, muhokamalar markazida bo‘lishdan o‘zlarini tortishdi. Biroq oradan vaqt o‘tib O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda Superligada faoliyat olib borayotgan futbolchilarning oyliklari haqida navbatdagi qiziqarli ma’lumotni ochiqladi. “Endi faoliyatini boshlayotgan futbolchilar 2—3 million so‘m oylik oladi. Eng yuqori maosh oluvchi futbolchilar 100—150 million so‘m atrofda maosh oladi. Shuni aytishim mumkin. Bu hamma futbolchi shuncha maosh oladi, degani emas. O‘rtacha maosh miqdori Superligada 25—30 millionni tashkil qiladi. Pro Ligada o‘rtacha oylik 10—15 million atrofida”, — dedi PFL bosh direktori.

Murabbiy va legioner futbolchilar

Yuqorida PFL bosh direktori ko‘p ehtimol mahalliy futbolchilarning maoshi haqida so‘zladi. Tabiiyki, o‘quvchida yana savollar tug‘iladi. Legionerlar va murabbiylar qancha maosh oladi? Yuqorida Superliganing uzoq yillik to‘purari Dragen Chernning uch yil avvalgi maoshi bilan tanishdingiz. Qolgan legionerlarning ham maoshini klub ambitsiyalari va o‘yinchining mahoratidan kelib chiqib taxmin qilishingiz mumkin. Masalan, O‘tgan mavsum “Nasaf”ga olib kelingan va jarohat sabab ko‘plab o‘yinlarda maydonga tusha olmagan Andres Chavez qarshiliklar safida oyiga 30 ming AQSH dollari miqdorida maosh olgan. O‘zbekistonlik legioner futbolchilar ham xorij jamoalarida oyiga eng kamida 20 ming AQSH dollaridan maosh olishadi. Murabbiylarning maoshiga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda bugungi kunda grand jamoalar murabbiylari tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra 15-25 ming dollar oralig‘ida oylik maosh olishadi.

Теги :
Иқтисодиёт