$
 12900.00
-20.16
 14595.06
-86.12
 157.32
-1.29
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

O‘zbekiston chempionatida 23 yillik an’anaga chek qo‘yilishi mumkin

Nasaf fc

Superliga 19-turining so‘nggi o‘yinida “Nasaf” asosiy ta’qibchisi ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, chempionlik sari katta qadam tashladi.

An’analar qachondir yakunlanadi

Kuni kecha Qarshida Superliga 19-turining so‘nggi o‘yinida “Nasaf” asosiy ta’qibchisi ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, chempionlik sari katta qadam tashladi. Qarshidagi o‘yinda Javohir Siddiqov tomonidan kiritilgan ikkita gol mezbonlarga OKMK ustidan g‘alaba keltirdi – 2:0. Shu tariqa, 1-o‘rindagi “Ajdarlar” ochkolari sonini 44 taga yetkazib, umumiy jadvalda 2-o‘rindagi OKMKdan 9 ochkoga uzoqlashdi. Mavsum yakuniga qadar yana 8 ta tur mavjud. Biroq jamoalarning oldinda kutib turgan raqiblari va oradagi ochkolar orasidagi farq bizni yuqoridagi xulosaga undamoqda. E’tiborlisi, mamlakat chempionatining oltin medallarini 2001-yilda "Neftchi" qo‘lga kiritgach, sovrin 23-yil davomida poytaxtda qolgan. Endigi vaziyat o‘laroq "Nasaf" chempionlikni qo‘lga kiritgan ilk voha klubi sifatida tarixga kiribgina qolmay, 23 yil davom etgan an’anaga chek qo‘yishi ham mumkin bo‘ladi.

“Qachondir maqsadga erishsak, unda to‘xtasak bo‘ladi”

Qarshidagi o‘yin yakunlangach, mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etib, markaziy o‘yin haqida o‘z fikrlarini ma’lum qildi. 

“G‘alaba qozonish yoqimli, kuchli raqibni yutsang, bu ikki karra yoqimli. Futbolchilarimiz juda yaxshi o‘yin namoyish etib berishdi. Muxlislarimizga ham rahmat aytamiz. O‘yin haqida aytadigan bo‘lsam, biz to‘pni raqibga topshirib, yaxshi himoyalandik. Qarshi hujumlarda keskinroq va yaxshiroq harakat qildik. Shuning natijasiga g‘alabali natijani qo‘lga kiritdik deb o‘ylayman. Biz o‘yindan keyin ham kiyinish xonasidan shunchaki kiyimlarni olish uchun kirdik xolos. Bu kutilmagan kayfiyatni keltirib chiqardi. Barchamizda maqsad bor, orzu bor, bu albatta chempionlik. Uzoq safardan qaytganimiz balki jismoniy jihatdan sezildi. Har qanday o‘yinga jiddiy yondashyapmiz. Hozircha hech narsaga erishmadik. Qachondir maqsadga erishsak, unda to‘xtasak bo‘ladi. OKMK 31 ta gol urib, 21 ta o‘tkazgan. Bu jamoaning hujumkor futbol tarafdori ekanini ko‘rsatadi. Ular qanchalik oldinga chiqsa, bizda qarshi hujumda imkoniyat bo‘lardi”, - deydi Ro‘ziqul Berdiyev.  

“Futbolni muxlislar uchun o‘ynaymiz”

O‘z navbatida OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ham matbuot anjumanida fikrlarini ommaga taqdim qildi

“Birinchi navbatda “Nasaf” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Har ikki jamoa uchun ham muhim o‘yin edi. “Nasaf” qarshi hujumda juda yaxshi harakat qiladi. Ular o‘yin boshida shu uslubdan unumli foydalanishdi. “Nasaf” ko‘proq qarshi hujumda o‘ynab, natijaga erishdi. Kuchli bosimga duch kelmadik deb o‘ylayman. 
Qarshi hujumda gol o‘tkazib yuborish mumkin emas. Yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanish kerak. Bugun yuta olmadik, ko‘rsatgan o‘yinimiz muxlislarga yog‘gan bo‘lsa, bundan xursandmiz.
Futbolda har-xil kutilmagan vaziyatlar bo‘ladi. Muxlislar hurmati uchun ham oxirigacha o‘ynashimiz lozim. O‘sha pandemiya davrida muxlislarsiz o‘ynadik, futbol aslidek bo‘lmadi. Futbolni muxlislar uchun o‘ynaymiz”, - dedi Mirjalol Qosimov.