JCH-2026 saralashi: O‘zbekiston Markaziy Osiyo derbisida Qirg‘iziston ustidan zafar quchdi
O‘zbekiston milliy jamoasi dastlabki ikki turni ham g‘alaba bilan yakunlab, 6 ochko bilan hozircha A guruhi peshqadamiga aylandi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi biroz avval Osiyoda JCH-2026 hal qiluvchi 3-saralash bosqichining 2-turi doirasida Bishkekda Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushib, g‘alaba qozondi — 3:2. Ushbu natija orqali jamoamiz o‘z guruhida vaqtincha peshqadam maqomida bo‘lib turibdi.
Markaziy Osiyo derbisi
Ushbu o‘yin nafaqat Mundial saralashi, balki Markaziy Osiyo derbisi maqomi o‘laroq ham ahamiyatli edi. O‘yinning 15-daqiqasida «Dinamo» hujumchisi Joel Kojo hisobni ochib, qirg‘izlarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, keyingi hujumdayoq Eldor Shomurodov muvozanatni tikladi – 1:1. Shundan so‘ng, 35-daqiqada Odiljon Abdurahmonov stadionni ikkinchi bor larzaga keltirib, mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi – 2:1. Bo‘lim yakunida Sherzod Nasrullayevning uzatmasini Husniddin Aliqulov bosh bilan golga aylantirdi – 2:2. Ikkinchi bo‘limda esa Srechko Katanes shogirdlari 72-daqiqada nihoyat hisobda oldinga chiqib olishdi. Shomurodovning pasini Oston O‘runov chiroyli harakatlari va zarbasi bilan g‘alaba goliga aylantirdi – 3:2.
Guruhdagi holat
O‘zbekiston milliy jamoasi dastlabki ikki turni ham g‘alaba bilan yakunlab, 6 ochko bilan hozircha A guruhi peshqadamiga aylandi. Guruhdagi dastlabki bahsda KXDR Qatar bilan durang (2:2) qayd etgan bo‘lsa, yana bir uchrashuvda BAA bugun Eronni qabul qiladi. Ayni mana shu o‘yin guruhning yakuniy ko‘rinishini hosil qiladi.




