$
 12900.37
-2.96
 13818.88
256.19
 143.80
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

Argentina, Urugvay, Kamerun: O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘rtoqlik o‘yinlari taklifini rad etgan terma jamoalar

Suarez vs Ganiev

Mundialdan so‘ng Jahon chempionlari bilan o‘yin o‘tkazish, Afrika jamoasining 500 ming AQSH dollari so‘rashi, afsonaviy “Sentenario”da bo‘lishi kutilgan o‘yin, arablar va forslar bilan o‘ynashdan bosh tortish — O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘rtoqlik o‘yini takliflarini rad etgan terma jamoalar.

O‘rtoqlik o‘yini uchun 500 ming AQSH dollari

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2022-yili Janubiy Koreyada Kamerun terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, 2:0 hisobida zafar quchgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvdan so‘ng, Kamerun terma jamoasiga 2023-yilning oktyabr FIFA kunlarida Toshkentga kelish taklifi bildirilganda, afrikaliklar 500 ming AQSH dollari pul so‘rashgan. Bunga javoban O‘zbekiston tomoni rad javobini bergan. Keyinchalik OAVda e’lon qilingan axborotlarda ma’lum qilinishicha boshqa terma jamoalar ham bu summani to‘lashdan bosh tortgan. Faqatgina mojarolar sabab raqib topa olmayotgan Rossiya oktyabr FIFA kunlarida Kamerunni Moskvada qabul qiladi. Rossiya futbol ittifoqi Kamerunning barcha xarajatlarini qoplash, shu jumladan, barcha futbolchilarga biznes-klass aviachiptalar olib berishdan tashqari, Kamerun futbol federatsiyasi hisob raqamiga 800 ming AQSH dollari o‘tkazib bergan. 

Picture background

Paulu Bentuning qaysarligi sabab rad etilgan taklif

Yana bir ma’lumotga ko‘ra, Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogi oldidan BAA terma jamoasi O‘zbekistonga o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish taklifi bilan chiqqan. Ammo tomonlar uchrashuv bo‘ladigan shahar va o‘rtoqlik uchrashuvining sanasi bo‘yicha kelishuvga erisha olishmagan. BAA terma jamoasining portugaliyalik bosh murabbiyi Paulu Bentu o‘rtoqlik uchrashuvini 31-dekabr kuni Abu Dabi shahrida o‘tkazish variantida qat’iy turib olgan va terma jamoamizdan rad javobini olgan. Shundan so‘ng, BAA terma jamoasi Qirg‘iz Respublikasi bilan kelishuvga erishadi. Bu vaqt Dubayda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazayotgan O‘zbekiston terma jamoasi BAA bilan o‘rtoqlik uchrashuvi uchun Abu Dabiga borish va o‘yin sanasining noqulayligi tufayli mezbonlar taklifini rad etgan.

O‘zbekiston 2018-yildan beri Tehronda Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishdan bosh tortib keladi

Fors nashrlarida yozilishicha, O‘zbekiston terma jamoasi bir necha marotaba Tehronda Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishdan bosh tortgan. Eron terma jamoasining o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etishdagi muammolariga bag‘ishlangan maqolada O‘zbekiston terma jamoasi 2018-yildan beri Eronda o‘ynashdan bosh tortib kelayotganligi qayd etiladi. Bunga pasportdagi Eronga kirish vizasining kelajakda AQSH, Kanada va Buyuk Britaniya kabi davlatlarga kirishda muammolar keltirib chiqarishi sabab qilib ko‘rsatilgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugunga qadar Eron termasi bilan 15 bor o‘zaro to‘qnash kelib, faqatgina bir bora zafar qucha olgan. Umumiy hisobdagi o‘yinlarning 10 tasida Eron, 1 tasida O‘zbekiston g‘alaba qozongan bo‘lsa, 4 uchrashuvda g‘olib nomi aniqlanmagan. Qiziqarlisi, O‘zbekistonning yagona g‘alabasi aynan mehmonda, mana shu mashhur stadionda sodir bo‘lgan. O‘shanda vakillarimiz 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Uchrashuvdagi yagona golga esa Ulug‘bek Baqoyev mualliflik qilgan. Ta’kidlash joiz, nafaqat O‘zbekiston terma jamoasi, balki Yevropa va Janubiy Amerikaning ko‘plab terma jamoalari aynan yuqoridagi sabab tufayli Eronga kelishdan bosh tortishgan.

Urugvay tomoni xatoligi sabab o‘tkazilmagan o‘yin

Urugvay terma jamoasi O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yini taklifini rad etgan eng mashhur terma jamoa bo‘lmasa-da, ular qatoriga kiradi. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston terma jamoasi 2022-yilning iyun oyida Osiyo kubogi saralashi doirasida Tailand, Maldiv orollari va Shri Lanka terma jamoalariga qarshi o‘yin o‘tkazishidan bexabar bo‘lgan Urugvay, O‘zbekiston terma jamoasini xuddi shu muddatga, afsonaviy “Sentenario” stadionida o‘rtoqlik uchrashuviga taklif etadi. Ammo O‘zbekiston ushbu yoqimli taklifni rad etishga majbur bo‘ladi. Urugvay esa Panama terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan. Shu paytgacha, Urugvay milliy terma jamoasi bilan ikki marta va yoshlar terma jamoalari bilan ko‘plab o‘rtoqlik o‘yinlarining o‘tkazgan. O‘zbekiston ilk bor 2018-yilning iyun oyida safarda Urugvay terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan. O‘yinida vakillarimiz raqiblarga 0:3 hisobida imkoniyatni boy beradi. Ikkinchi o‘yin esa China Cup-2019 musobaqasining yarim final uchrashuviga to‘g‘ri keladi. Unda vakillarimiz yana 0:3 hisobida taslim bo‘ladi. 

Picture background

Amaldagi Jahon chempionlari taklifining rad etilishi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi shu bugunga qadar o‘rtoqlik o‘yini taklifini rad etgan eng mashhur terma jamoa amaldagi Jahon chempionlari bo‘lishadi. Albatta, sizning xayolingizga kelganidek, ushbu ma’lumot rasman hech qayerda tasdiqlanmagan. Umuman olganda, OAVga nisbatan yopiqroq bo‘lgan ushbu kelishuvlarning bunday tarzda e’lon qilinishini kutish ham mantiqsiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qatarda Jahon chempionligi qo‘lga kiritilgach, Argentina terma jamoasi shu yilning mart oyida haqiqatdan ham O‘zbekiston terma jamoasini Buenos-Ayresda qabul qilish bo‘yicha qiziqish bildirgan. Hattoki, jamoa ma’muriyati O‘zbekiston terma jamoasining Argentinadagi mahalliy xarajatlarini qoplashga ham rozilik bildirgan. Biroq Argentina o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘yicha taklifni juda kech, O‘zbekiston terma jamoasi Venesuela va Boliviya bilan kelishuvga erishganidan so‘ng bergan. Shu sababdan, O‘zbekiston kelishuv imzolagan raqiblariga hurmatni saqlagan holda, Argentinaga rad javobini berishga majbur bo‘lgan. Ushbu taklif berilishi Jahon kubogi muxlislar oldida namoyish etiladigan ilk o‘yinda Argentinaga o‘z darajasidan pastroq sparring raqib zarurligi hamda O‘zbekiston Argentinaga o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘yicha tez-tez taklif bildirib kelgani bilan izohlanadi.

Теги :
Jamiyat