$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Bunyodkorning “sho‘riga sho‘rva to‘kildi”

Rivaldo

FIFA o‘tmishdagi ikki futbolchi va "Bunyodkor" klubi o‘rtasidagi ancha yillik nizo bo‘yicha o‘z qarorini ma’lum qildi. Bu haqda Tribuna.uz sayti o‘z manbasiga tayangan holda xabar bergan.

FIFA qarori

FIFA tartib-intizom qo‘mitasi "Bunyodkor" klubi va jamoaning sobiq o‘yinchilari Rivaldo hamda Denilson o‘rtasida uzoq davom etayotgan moliyaviy tortishuv bo‘yicha qaror qabul qilgan. Manba taqdim etgan hujjatlarga ko‘ra, FIFA "Bunyodkor" klubining Rivaldo oldidagi qarzdorligi – 8,1 million yevro, Denilson oldidagi qarzdorlik – 1,1 million yevro mablag‘ni to‘lash bo‘yicha qarorni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yuborgan. FIFA tartib-intizom qo‘mitasi a’zolari 22-fevral kuni "Bunyodkor" klubi va braziliyalik o‘yinchilar o‘rtasidagi mazkur ish bo‘yicha qarorni qabul qilgan. 

FIFA qarorida quyidagilar ma’lum qilingan: "Bunyodkor" va Rivaldo o‘rtasidagi ish bo‘yicha: 

1. "Bunyodkor" klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasining 2017-yil 21-sentyabrda qabul qilgan qarorini to‘liq bajarmaganlikda aybdor deb topilgan. Bu Sport arbitraj sudi tomonidan 2023-yil 6-noyabrda chiqarilgan qarorda to‘liq tasdiqlangan. 

2. "Bunyodkor" klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasi va CAS qaroriga ko‘ra, Rivaldo Vitor Borba Ferreyrega quyidagilarni to‘lashi shart: 2 489 947 yevro – klub tomonidan braziliyalik futbolchiga to‘lanmagan mukofot puli hamda yillik 5 foiz ustama; 

5 664 000 yevro – shartnoma bekor qilinishi sababli tovon puli hamda yillik 5 foiz bonus. 10 ming Shveysariya franki – arbitraj sudi jarayonida xarajatlar uchun tovon puli.

Denilson ishi

"Bunyodkor" va Denilson o‘rtasidagi ish bo‘yicha: 

1. "Bunyodkor" klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasining 2017-yil 21-sentyabrda qabul qilgan qarorini to‘liq bajarmaganlikda aybdor deb topilgan. Bu Sport arbitraj sudi tomonidan 2023-yil 6-noyabrda chiqarilgan qarorda to‘liq tasdiqlangan. 

2. "Bunyodkor" klubi Denilson Martinsh Nasimentoga quyidagilarni to‘lashi shart: 700 000 AQSH dollari – klub tomonidan braziliyalik futbolchiga to‘lanmagan mukofot puli hamda yillik 5 foiz ustama; 

400 000 AQSH dollari – kelishuv shartlari buzilganligi uchun tovon puli hamda yillik 5 foiz bonus. 10 ming Shveysariya franki – arbitraj sudi jarayonida xarajatlar uchun tovon puli. 

30 kun muddat

Qayd etilishicha, FIFA tomonidan "Bunyodkor" klubiga 30 kun ichida ushbu mablag‘ni to‘lash muhlati berilgan. Aks holda tashkilot tomonidan tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan. Shuningdek, har ikki futbolchi bo‘yicha "Bunyodkor" klubi 30 000 ming shveysar franki miqdorida jarimaga tortilgan.