Talaba 11-marotaba sudlandi
Firibgar o‘qituvchi nomiga kredit rasmiylashtirib, pullarni onlayn qimorga tikib yuborgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Talaba 11-marotaba sudlandi
Firibgar o‘qituvchi nomiga kredit rasmiylashtirib, pullarni onlayn qimorga tikib yuborgan.
O‘zgalar nomiga olingan kreditlar
Firibgarlikda ustasi farang bo‘lib ketgan yigit bundan oldin ham 10 marotaba sudlangan ekan. O‘zining so‘zlariga qaraganda, har bir sudda ikki yoki uchtagacha jabrlanuvchi bo‘lgan.
Firibgar odamlarni aldab ularning nomiga kreditlar rasmiylashtirgan. Shunchalik ko‘p odamlarni chuv tushirganidan ularning aniq sonini ham bilmas ekan.
Telegram guruhlaridan foydalangan
Ushbu shaxs bank nomiga ochilgan Telegram guruhlaridan odamlarni topib ularga o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, ularni aldab kelgan.
U xuddi shu usulda Urgutlik o‘qituvchini ham chuv tushirgan. O‘qituvchi olgan kreditining to'lov grafigini olish uchun Telegram guruhiga murojaat qiladi, bu paytda esa firibgarga duch kelgan edi.
Firibgar o‘qituvchining soddaligidan foydalanib bank akkauntiga ikkinchi foydalanuvchi bo‘lib qo‘shiladi va uning nomiga 28 million 200 ming so‘m online kredit rasmiylashtirgan. Pullarni boshqa kartaga o‘tkazgach esa ularni onlayn qimor o‘yiniga tikib yuborgan.
11-jinoyat ishi va qo‘shimcha muddat
Odamlarni nayranglariga ishontirib ularni chuv tushirib ketgan firibgarga nisbatan Jinoyat kodeksining 60-moddasiga binoan tayinlangan 4 yil-u 8 oylik ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosiga qisman qo‘shilib, uzil-kesil 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi.



