$
 12715.13
-45.08
 14730.48
25.61
 161.75
1.67
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Yong‘inkent: Poytaxtda oy boshlanganidan beri 5 ta yirik yong‘in bo‘ldi

Yong‘in

May butun O‘zbekiston uchun issiq kelishi bilan birgalikda poytaxt uchun og‘ir ham keldi. Sababi oy boshlanganidan buyon Toshkent kun ora yirik yong‘inlarni “namoyish” qilmoqda. Poytaxtni chin ma’noda “Yong‘inkent” deb atash ham xato bo‘lmay qoldi. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, oy boshlanganidan buyon toshkentliklar turli xil tashkilotlarda 5 ta yirik yong‘in guvohiga aylanishdi.

Texnoparkdagi yong‘inda ikki kishi halok bo‘ldi

Hozircha eng yirigi bo‘lib turgan Texnoparklardan birida sodir bo‘lgan yong‘in poytaxtdagi “olovli” mavsumni boshlab berdi. Unga ko‘ra, 1-may kuni soat 07:01 da Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Qo‘shbegi ko‘chasidagi Texnopark hududida joylashgan sintifon ishlab chiqarish sexida yong‘in ro‘y berganligi to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan.

FVVning ma’lum qilishicha, yong‘in -qutqaruv ekipajlari soat 07:04 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in 07:45 da o‘rab olingan va soat 08:09 da o‘chirilgan.

Yong‘in bartaraf etilgandan so‘ng, yong‘in joyini o‘rganish davomida ikki nafar fuqaroning jasadlari aniqlangan. Shuningdek, 5 nafar fuqaro tan jarohati bilan shifoxonaga yuborilgan. Yong‘in ishlab chiqarishda texnologik jarayonni buzilishi natijasida yuzaga kelganligi taxmin qilinmoqda. Yong‘inni bartaraf etishga 11 ta asosiy, 6 ta maxsus turdagi yong‘in o‘chirish texnikalari jalb etilgan.

Yong‘in natijasida sexning taxminan 700 kv.m maydonda tomi, shifti va mahsulotlari yonib zararlangan.

Navbatdagi yong‘in ishlab chiqarish korxonasida

Oradagi bir muddat tanaffusdan so‘ng, Mirzo Ulug‘bek tumanida ishlab chiqarish korxonasida keyingi yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Unga ko‘ra, 11-may kuni soat 18:18 da Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani, Jasorat ko‘chasida joylashgan, ishlab chiqarish korxonasi hududida, chiqindi saqlash joyida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Toshkent shahar FVBga xabar tushgan. Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari aytilgan manzilga soat 18:25 da yetib borib, soat 18:41 da qurshab olindi, soat 18:49 da esa to‘liq bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagan. FVB yong‘inga nima sabab bo‘lganligi va keltirilgan moddiy zarar miqdori haqida to‘liq ma’lumot bermagan.

Sergelidagi omborda yirik yong‘in

Shuningdek, 14-may kuni Sergeli tumani Nilufar ko‘chasida joylashgan omborxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Omborxonada bo‘lgan ishchilarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in ertalab chamasi 8:30 atrofida yuzaga kelgan. Hodisa to‘g‘risida murojaat soat 11:03 da shahar FVBga kelib tushgan.

Omborda spirtli mahsulotlar, turli xil materiallar, chetdan olib kelingan tovarlar hamda tibbiyotga oid vositalar saqlangan. Bu esa yong‘inning tez tarqalishiga va alangalanish darajasining yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga hokimiyat tomonidan 12 ta asosiy, 6 ta maxsus va 6 ta suv tashuvchi yong‘in o‘chirish texnikasi jalb qilingan.

Yong‘in joyidagi harorat balandligi va mahsulotlarning yonish xususiyati tufayli o‘t o‘chirish ishlari oson kechmadi. Yong‘in soat 12:15 da qurshab olindi va soat 13:31 da batamom o‘chirildi.

Tan jarohati olganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. FVV yong‘in kelib chiqish sabablari va keltirilgan moddiy zararlar haqida ma’lumotlarni ochiqlamagan.

Quyosh paneli sabab do‘kon tomida yong‘in chiqdi

Kuni kecha soat taxminan 10:00 atrofida Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Havas” do‘koni tom qismida yong‘in yuz berdi. Hodisa Sergeli-3 dahasida, Qipchoq ko‘chasida sodir bo‘lgan. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Yong‘inni bartaraf etish uchun hodisa joyiga 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. Ular soat 10:21 da yetib kelib, yong‘inni soat 11:04 da to‘liq bartaraf etgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga do‘kon tomiga egasi tomonidan o‘rnatilgan quyosh paneli sabab bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Salkam 3 soatda o‘chirilgan yong‘in

Shu bilan birga kecha tunda soat 23:58 da Favqulodda vaziyatlar vazirligiga Toshkent shahrining Mirobod tumani Turkiston ko‘chasida joylashgan vagon ta’mirlash bazasi hududida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi.

Voqea joyiga tegishli yong‘in-qutqaruv guruhlari soat 00:03 da yetib borgan, 01:31 da yong‘in o‘chirilgan. Yong‘in soat 02:48 da to‘liq bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar bo‘g‘uvchi tutun va yonish hididan uyg‘onganliklarini qayd etishgan.

Теги :
Jamiyat