$
 12076.18
20.37
 13995.09
-13.76
 169.47
0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Yashil maydon qirolligi 122 yoshda: FIFA aslida boshqa maqsadda ochilganligini bilarmidingiz?

FIFA

XX asr boshlarida futbol tez sur’atlarda ommalasha boshladi. Turli davlatlar o‘rtasidagi xalqaro uchrashuvlar ko‘paydi, ammo ularni yagona tizim asosida boshqaradigan tashkilot yo‘q edi. Shu sabab Yevropadagi futbol rahbarlari yangi xalqaro organ tuzishga qaror qilishdi.

1904-yil 21-mayda fransuz jurnalisti va sport arbobi Robert Guérin boshchiligida yetti mamlakat – Belgiya, Daniya, Fransiya, Niderlandiya, Ispaniya, Shvetsiya va Shveytsariya milliy futbol assotsiatsiyalari tomonidan FIFA(Federation Internationale de Football Association)ga asos solinadi. Bundan ko‘zlangan maqsad regbi yoki Amerika futbolidan farqli oʻlaroq, anʼanaviy futbolni ommalashtirish boʻlgan. Shuningdek, barcha darajadagi oʻyinlarni tashkil etish orqali federatsiyalar va futbolchilar oʻrtasida doʻstona aloqalarni mustahkamlash hamda futbolning barcha turlarini nazorat qilish rejalashtirilgan. Guerin esa FIFA tarixidagi ilk prezident bo‘lib, tashkilotni 1904–1906-yillarda boshqardi.

Bugungi kunda FIFA 211 ta a’zoga ega. Bu koʻrsatkich bilan u nufuzi bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) yaqinlashgan. O‘zbekiston 1994-yildan beri assotsatsiya a’zosi. Shuningdek, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ilk bor 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatiga yoʻllanma olgan.

FIFA tarixidagi eng mashhur prezidenti Jules Rimet bo‘lgan, u 33 yil davomida prezident sifatida faoliyat yuritib, futbolning global sportga aylanishida muhim rol o‘ynadi. Aynan uning davrida futbol bo‘yicha ilk jahon chempionati tashkil etilgan.

2016-yilda tashkilotda navbatda tashqari kongress o‘tkaziladi. Mazkur kongress koʻplab FIFA rasmiylariga qarshi korrupsiya ayblovlari ortidan oʻtkazilgan boʻlib, oʻshanda sobiq prezident Jozef Zepp Bletter oʻz lavozimidan chetlashtirilgan edi. Shundan so‘ng, Janni Infantiono ushbu lavozimga tayinlandi va hozirgacha FIFAni boshqarib kelmoqda.  

FIFA – birlashtiruvchi kuch

FIFA boshqaruvi ostida futbol oddiy o‘yin emas, dunyoni birlashtirgan kuchga aylandi. Bugun bu sport Yer yuzidagi eng mashhur sport turi hisoblanadi

Yaqqol misol, FIFAning 2006-yildagi “Big Count” hisobotiga ko‘ra, 150 milliondan ortiq ro‘yxatdan o‘tgan futbolchi mavjud bo‘lib, ularning 10 milliondan ziyodi ayollar tashkil qiladi.

Ammo futbolning haqiqiy sehri faqat maydonda emas. Uni milliardlab insonlar stadionlarda, uyida, ekran qarshisida birga his qiladi.

2014-yil Braziliyada o‘tgan Jahon chempionati bunga yorqin misol bo‘ldi. Turnir o‘yinlari 200 dan ortiq mamlakatda namoyish etildi. 64 ta uchrashuvni stadionlarning o‘zida 3,4 milliondan ortiq muxlis kuzatdi, tasavvur qilishingiz uchun bu raqamlar deyarli Andijon viloyati aholisi soniga teng. Har bir o‘yinga o‘rtacha 53 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich FIFA Jahon chempionatlari tarixidagi eng yuqori natijalardan biri bo‘lib qoldi.

FIFA o‘yinlari tarixidagi “eng, eng, eng” holatlar

1. Eng daxshatli va “sharmandali” hisob (149:0)

Bu voqea 2002- yil Madagaskar oliy ligasida sodir bo‘lgan. “SO l’Emyrne” jamoasi hakamning qaroriga norozilik sifatida oʻz darvozasiga ketma-ket 149 ta gol urgan. Raqib jamoa futbolchilari shunchaki qarab turishgan. Bu professional futbol tarixidagi eng yirik hisob hisoblanadi.  

2. Rad etishning eng g‘alati sababi (Oyoqyalanglar).

1950-yilgi Braziliyadagi Jahon chempionatiga Hindiston terma jamoasi yoʻllanma oladi. Biroq ular musobaqaga borishmaydi. Buning eng asosiy sababi — hindistonlik futbolchilar butsada emas, oyoqyalang oʻynashga odatlanishgan edi. FIFA esa xavfsizlik qoidalariga koʻra oyoq kiyimsiz oʻynashni taqiqlab qoʻyadi. Natijada Hindiston turnirdan voz kechadi.

3. Eng tezkor gol (11-soniya)

Jahon chempionatlari tarixidagi eng tezkor gol turkiyalik hujumchi Hakan Shukur tomonidan kiritilgan. 2002-yilgi JCHda Janubiy Koreyaga qarshi kechgan uchrashuvda u oʻyin boshlanganidan atigi 11 soniya oʻtib raqib darvozasini ishgʻol qilgan.

4. Eng yosh va eng qari “qirollar”.

Eng yosh gol urgan futbolchi: Afsonaviy Pele. U 1958-yilgi Jahon chempionatida Uels darvozasiga gol urganda bor-yoʻgʻi 17 yoshu 239 kunlik edi.

Eng yoshi ulugʻ futbolchi: Misrlik darvozabon Essam El-Hadari. U 2018-yilgi JCHda Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushganida 45 yoshu 161 kunlik edi (va oʻsha oʻyinda penaltini qaytarishga ham ulgurgan!).  

5. Eng jizzaki oʻyin: “Nyurnberg jangi” (2006-yil)

2006-yilgi JCHda Portugaliya va Niderlandiya oʻrtasidagi nimchorak final uchrashuvi futbol tarixiga kirdi. Rossiyalik hakam Valentin Ivanov oʻyin davomida 16 ta sariq va 4 ta qizil kartochka koʻrsatgan. Futbolchilar maydonda haqiqiy jang tashkil qilishgan edi.  

6. Bitta oʻyinda eng koʻp gol (12 ta gol)

1954-yilgi Jahon chempionatida Avstriya va Shveytsariya oʻrtasidagi oʻyin tarixdagi eng sermaxsul uchrashuv boʻlib qolmoqda. Oʻshanda Avstriya 7:5 hisobida gʻalaba qozongan — muxlislar bir oʻyinda naqd 12 ta gol koʻrishgan.  

7. Eng katta mojaro

1986-yil Jahon chempionatida katta anglashilmovchilik yuzaga keladi. Unda Diego Maradona to‘p havoga ko‘tarilganda darvozabon bilan bir paytda qo‘li bilan darvozaga yo‘naltiriladi. Hakam buni sezmaydi va golni hisoblaydi. Raqib jamoa norozilik bildirsada, u vaqtda VAR tizimi bolmagani uchun gol bekor qilinmaydi. O‘yindan so‘ng intervyuda u bu golni „biroz Maradonaning boshi va biroz Xudoning qo‘li“ deb izohlaydi. Shu-shubu mojaro tarixga „Xudoning qo‘li“ nomi bilan kirgan. 

8. Eng ko‘p Jahon chempionatida qatnashgan futbolchilar

Millionlar qalbini zabt etgan Krishtiano Ronaldo va Lionel Messi 5 ta mundialda qatnashgan.  

O‘zbekistonda ham futbolni sevishadi

  • O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1994-yilda Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

  • Ravshan Ermatov Jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p o‘yin boshqargan hakamalardan biri bo‘lgan.
  • FIFA Futsal World Cup 2024 mezbonligi Oʻzbekistonga berilgan va bu Markaziy Osiyo uchun tarixiy voqea bo‘lgan.
  • O‘zbek futbolida legionerlar soni oshib bormoqda. Futbolchilar Rossiya, Turkiya, Eron, Qozog‘iston, BAA, Italiya, Fransiya, Belarus va boshqa davlatlar ligalarida o‘ynamoqda. Eng mashhur legionerlar – Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev, Jaloliddin Masharipov va Otabek Shukurovlarning transferlari alohida e’tibor qozondi.

  • Abduqodir Husanov dunyoning eng nomdor klublaridan biri Angliyaning “Manchester siti” klubi futbolchisiga aylanichi O‘zbekiston uchun haqiqiy sensatsion fenomenga aylandi. Bu FIFA skautlari e’tiborini kuchaytirgan. U hozirda “shaharliklar” safida Angliya liga kubogi va Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. Bu orqali Husanov o‘zbek futbolida “ilk, ilk, ilk” degan sahifani yozib bermoqda.
  • Muxlislar va OAV terma jamoamizni asosan “oq bo‘rilar” deb atasada, xalqaro maydonda yana bir qiziqarli nom bor: “Osiyo Italiyasi”. Bu taxallus jamoamizning an‘anaviy oq va ko‘k rangli liboslari hamda maydondagi tartibli, ko‘pincha himoyaviy va taktik o‘yin uslubi o‘xshashligi sababli berilgan.
  • O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixidagi eng yirik g‘alabani 1998-yil 5-dekabrda, Tailandda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida qayd etgan. O‘shanda vakillarimiz Mo‘g‘uliston terma jamoasini 15:0 hisobida mag‘lub etishgan.
  • 2008–2010-yillarda O‘zbekiston futbolida chinakam shov-shuv yuz berdi. 1999-yilgi dunyoning eng yaxshi futbolchisi (“Oltin to‘p” sohibi), braziliyalik afsonaviy Rivaldo Toshkentning “Bunyodkor” klubida to‘p surdi. U nafaqat o‘ynadi, balki 2009-yilgi mavsumda 20 ta gol bilan O‘zbekiston chempionati to‘purari ham bo‘ldi. O‘sha paytda jamoani yana bir jahon chempioni – murabbiy Luis Felipe Skolari boshqargan edi.
  • Uzoq yillik omadsizliklar, alamli “bir qadam qolganda” to‘xtashlardan so‘ng, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2025-yil iyun oyida Jahon chempionati saralash bosqichida BAA bilan durang o‘ynab, o‘z tarixida ilk bor mundial (JCh-2026) yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu yutuq bilan O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda birinchi, balki sobiq Ittifoq davlatlari ichida Rossiya va Ukrainadan keyin mundialga yo‘llanma olgan uchinchi davlatga aylandi. Jamoamiz guruh bosqichida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.Milliardlar orzusi ro'yobga chiqdi: O'zbekiston mundialda!
Теги :
Jamiyat