$
 12199.10
30.12
 14585.24
-2.93
 160.49
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Qish kayfiyatidan yiroq fevral: Bahorgi kiyimlarni chiqarishga vaqt keldidmi?

“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonda joriy yilning fevral oyi yanvarga nisbatan iliqroq kelishi kutilmoqda. O‘rtacha havo harorati odatdagidan 2–3 darajaga, tog‘li hududlarda esa 1–1,5 darajaga yuqori bo‘ladi. Shu bilan birga, sinoptiklar oy davomida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Fevralning boshlanishi

Oyning dastlabki besh kunligida mamlakatning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik kuzatiladi. Asosan yomg‘ir yog‘ishi bashorat qilinmoqda. Havo harorati bosqichma-bosqich ko‘tarilib boradi: kechasi 5–10 daraja, kunduzi esa 13–18 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.

Oy davomidagi ob-havo manzarasi

Fevral oxiriga qadar iliq va nisbatan sovuq kunlarning almashinib turishi kuzatiladi. Tungi soatlarda harorat 2–7 daraja iliqdan 0–5 daraja sovuqqacha o‘zgarib turadi. Kunduzi esa harorat 5–10 darajadan 13–18 daraja iliqqacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Oyning har bir o‘n kunligida (dekadasida) 2–3 kun davomida yomg‘ir yoki qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar bo‘lishi mumkin.

Iqlimiy ma’lumotlar

Ko‘p yillik kuzatuvlarga ko‘ra, fevral O‘zbekistonda yilning eng seryog‘in oyi hisoblanadi. Shunga qaramay, ayrim yillarda ob-havo ko‘rsatkichlari o‘rtacha me’yorlardan sezilarli darajada farq qilgan. Masalan, 2016-yilning fevralida yog‘ingarchilik miqdori me’yorning 20 foizidan ham kam bo‘lgan bo‘lsa, 2010-yil fevralida bu ko‘rsatkich me’yordan 200–300 foizga oshib ketgan.

Harorat rekordlari va qor qoplami

Turli yillarda fevral oyida O‘zbekistonda 24–29 darajagacha, ayrim janubiy hududlarda esa hatto 30–32 darajagacha issiq haroratlar qayd etilgan.

Joriy asrdagi eng uzoq davom etgan qor qoplami 2008-yilning fevral oyida kuzatilgan. O‘shanda markaziy hududlarda qor 20–25 kungacha, janubiy viloyatlarda esa 8 kundan 15 kungacha erimay saqlanib turgan.

Yanvarga nisbatan iliqroq ob-havo kutilayotgan bo‘lsa-da, fevral baribir qish oyi bo‘lib qolaveradi. Haroratning keskin o‘zgarishi va kutilmagan yog‘ingarchiliklar ehtimoli borligini inobatga olib, sinoptiklar safarlar va kundalik rejalarni tuzishda ob-havo sharoitlarini hisobga olishni tavsiya etadilar.

Теги :
Jamiyat