Joriy yilning ilk choragida 22ta erta turmush qurish holati qayd etilgan
Oʻzbekistonda erta nikoh boʻyicha 2024-yilning ilk chorak statistikasi e’lon qilindi.
3 daqiqa o‘qiladi

Nikoh - muqaddas tushuncha. Nikoh bu - ikki insonning davlat va jamiyat tomonidan tan olingan oʻzaro ittifoqi. Oʻzbekistonda bu ittifoqning yosh chegarasi har ikki jins vakillari uchun 18 yosh etib belgilanganidan keyin erta turmush qurish holatlari sezilarli darajada kamaygan.
Xoʻsh, erta nikoh boʻyicha bu yilgi statistika nima deydi?
Oʻzbekistonda 2024- yilning oʻzida 22ta erta nikoh holatlari aniqlangan. Prokuratura organlari taqdim etgan ma’lumotga koʻra ushbu holatlar yuzasidan 41 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 55ta holatda erta nikohning oldi olingan. Erta nikoh holati aniqlangan vaziyatda bu prokuratura tomonidan nazoratga olinadi. Profilaktika ishlari amalga oshiriladi hamda nafaqat nikoh oʻqigan diniy ulamo, balki ota-onalar ham ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Erta nikoh sababi
Bosh prokuratura katta prokurori Laylo Fayzimurodovaga koʻra voyaga yetmagan shaxslarning erta turmush qurishiga undaydigan asosiy sabab homiladorlik holatlari kuzatilishidir. Buni yashirish maqsadida bolalar ota-onalar tomonidan sha’riy nikohlab qoʻyiladi.
“Yaxshi” yangilik
— Erta tugʻruq masalasiga keladigan boʻlsak, 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar orasida erta tugʻruq holatlati oʻtgan yilgiga nisbatan 10taga kamaygan. Bu yaxshi yangilik boʻlishiga qaramay, muammoli masala ekanligicha qolaveradi, — deydi Laylo Fayzimurodova jurnalistlarga bergan bayonotida.
Jinsiy ta’lim fan sifatida
Fayzimurodovaning fikriga ko‘ra, jinsiy tarbiya darslari ushbu holatlar uchun to‘liq va samarali yechim emas. Shu bilan birga u O‘zbekistonda ushbu ta’lim dasturini o‘ta oladigan o‘qituvchilar yo‘qligini, mutaxassislar hali tayyor emasligini aytdi.
— Ijtimoiy tarmoqlarga qarasak, aksariyat foydalanuvchilar erta tugʻruqqa jinsiy ta’limni chora sifatida koʻrsatayotganiga guvoh boʻlamiz. Lekin biror-bir davlatda jinsiy ta’lim fan sifatida yechim oʻlaroq koʻrsatilmagan. Sababi, jinsiy masala har bir voyaga yetmagan shaxs uchun individual masaladir. Birinchi navbatda bunday fanga mutaxassisning oʻzi tayyor boʻlishi, ma’lumotlarni oʻsmirga aniq va toʻgʻri yetkazib bera olishi kerak. Bunga esa hali mutaxassislarimiz tayyor emas.
Ikkinchidan, jinsiy ta’lim fan sifatida guruhlar kesimida oʻtilgan taqdirda ham oʻquvchi oʻz muammosidan kelib chiqib bu masalani guruhda koʻtarolmaydi va erkin usulda savol-javob oʻtkazolmaydi.
Erta tugʻruqqa yechim
— Hozircha yechim sifatida biz koʻrsatishimiz mumkin boʻlgan chora bolalarga oʻzining shaxsiy chegarasi haqida ma’lumot berishimiz, oʻz-oʻzini zoʻravonlikdan himoya qilish tushunchalarini singdirishimiz kerak. Bizning mentalitetimizga koʻra, bolani yoshligidan ota-onadan tashqari boshqa odamlar, begonalar ham oʻpib, quchoqlab ketaverishi normal holat. Buning natijasida, bola oʻzining shaxsiy chegarasini oʻrnatolmaydi va keyinchalik ham boshqa shaxslar unga shunday munosabat qilganida oʻzini qanday tutishni, nima qilishini bilmay qoladi. Shuning uchun ota-ona va ta’lim muassasalari bolaga shaxsiy chegaralarini oʻrnatib olishda koʻmakchi boʻlishlari maqsadga muvofiq.
Fayzimurodovaning fikricha, jinsiy tarbiya juda yopiq masala boʻlib, ota-onaning oʻzi farzandiga tushuntirishi kerak. Shundagina erta turmush, erta tugʻruq holatlarini oldi olinadi.



