$
 12968.34
-6.64
 13492.26
-48.43
 132.32
-0.74
weather
+26
Кечаси   +14°

“Yashil” energiyaga oʻtish orqali nimalarga erishishimiz mumkin?

yashil energiya

Bugungi ekologik muammolar tobora dolzarblashib borayotgan davrda “yashil” energetika oʻtish eng muqobil yechimlardan biri sifatida koʻrilmoqda. Shamol va quyoshdan energiya olish, quyosh panellari oʻrnatgan fuqarolarga imtiyozlar berish bu boradagi ishlarga dastlabki qadamlardir. Biroq koʻpchilik hali ham bu jarayon nima uchun kerakligi-yu, insoniyat uchun nega bunchalik dolzarbligi haqida toʻliq tasavvurga ega emas. Bugun shu xususida soʻz yuritamiz. 

Issiqxona gazlari tashlamalari kamayadi 

Аholi zichligi yuqori bo‘lgan shaharlarda (masalan, Toshkentda) havoning ifloslanishi aholi salomatligiga sezilarli taʼsir ko‘rsatadi. Gazdan elektr energiyasigao‘tish esa nafas yo‘llari kasalliklarini kamaytirish orqali aholi salomatligini yaxshilaydi. 

Qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan elektr energiyasi — quyosh, shamol va gidroenergetikadan foydalanish — karbonat angidrid (CO₂) va metangazlari kamaytirishga yordam beradi. Misol uchun, quyosh panellari yoki shamol turbinalari yordamida elektr energiyasini ishlab chiqarishda, ekspluatatsiya bosqichida uglerod chiqindilari deyarli yo‘q. 

Fakt! 

Tabiiy gazni yoqish paytida har bir kubometr gaz uchun taxminan 2,75 kg CO₂ ajralib chiqadi. Bu jarayon, shuningdek, oz miqdorda metanchiqaradi, bu karbonat angidriddan 25-28 marta kuchli issiqxona gazidir. 

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo panel (IPCC) maʼlumotlariga ko‘ra, qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanishni qisqartirish asr o‘rtalarida uglerod neytralligiga erishishning asosiy qadamlaridan biridir. 

Havo sifati yaxshilanadi 

Gaz qozonlari va pechlar o‘zidan NOₓ chiqaradi, bu esa yashash joylari va atrofidagi havo sifatini yomonlashtiradi. Ushbu birikmalar tutun va kislotali yomgʻirning shakllanishiga hissa qo‘shadi va inson salomatligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Gazdan foydalanishdan voz kechish esa aholi punktlarida havo sifatini yomonlashtiradigan azot oksidi (NOₓ) kabizaharli moddalar emissiyasini kamaytiradi. Chunki elektr isitkichlar va issiqlik nasoslari NOₓ yoki boshqa zaharli birikmalar chiqarmaydi. Bu xonadonlar va shaharlarda havo sifatini yaxshilash uchun, ayniqsa, muhimdir. 

Fakt! 

Ovqat pishirish jarayonida gaz plitasi soatiga taxminan 0,2—0,3 kub metr tabiiy gazni yoqadi, bu soatiga 0,4—0,6 kg. CO₂ tashlamalari ajralibchiqadi degani. Elektr pech esa soatiga o‘rtacha2-3 kVt / soat energiya (qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiya) isteʼmol qiladi, zararli tashlamalar esa deyarli yo‘q (soatiga 0,05 kg. CO₂ dan kam). 

Metan xavfi bartaraf etiladi 

Tabiiy gazni qazib olish va tashish jarayonida kuchli issiqxona gazi — metan ajralib chiqadi. Metan sizib chiqishini nazorat qilish juda qiyin va uglerodning salbiy taʼsirini sezilarli darajada oshiradi. Elektr energiyasidan, ayniqsa, qayta tiklanadigan manbalardan foydalanish esa bu xavfni butunlay yo‘q qiladi. 

Energiya samaradorligi oshiriladi 

Zamonaviy elektr jihozlari (masalan, induktsion pechlar, issiqlik nasoslari) gazga qaraganda ancha tejamkor, bu esa umumiy energiya sarfini kamaytiradi. 

Malumot: induktsion pechlar energiya yo‘qotilishini kamaytiradi va samaradorligi taxminan 85-90% ni tashkil qiladi, gaz plitalarida esa bu raqam taxminan 60% ga teng. 

Issiqlik nasoslari (havo, suv) anʼanaviy gaztizimlariga qaraganda kamroq energiya sarf qiladi. Masalan, bunday nasoslarning energiya konvertatsiya qilish samaradorligi 300-400% ga yetishi mumkin. 

Аtmosferaga 6,5 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi 

Yuqorida keltirib o‘tilgan omillar, umuman, butun dunyo ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish va boshqa dolzarb muammolarni bartaraf etish maqsadida to‘liq “yashil energetika”ga o‘tmoqda. Xususan, O‘zbekistonda ham 2030-yilga kelib ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 54 foizga yetkazish, 19 ming MVt quvvatga ega qo‘shimcha “yashil” quvvatlarni qurish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 3400 MVt quvvatga ega 18 ta quyosh va shamol elektr stantsiyasi hamda 1800 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimini ishga tushirish maqsad qilingan. Mazkur chora-tadbirlar “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini 12 milliard kVt/soatgacha oshirishi kutilmoqda. Bu 5 million xonadonning yillik isteʼmoliga teng bo‘lib, atmosferaga 6,5 million tonna zararli gazlarchiqishining oldini oladi. 

Umuman olganda, 2025-yilda mamlakatimizda 84 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan, bu 2016-yilga nisbatan 25 milliard kVt/soat yoki 1,5 barobar ko‘pdir. 

Yurtimizda aholi soni yildan-yilga oshib bormoqda. Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 million 543,2 ming kishiga yetdi va 2024-yilda aholi o‘sishi 2 foizniyoki 743,4 ming kishini tashkil etdi (2025-yil 1-yanvar holatida). Аholi eng zich hudud esa Toshkent shahri hisoblanadi. Аlbatta, har kim eng qulay sharoitlarda yashashni istaydi va bunga haqli. Ammo tabiat haqida ham qaygʻurish, nafaqat oʻzimiz, balki atrof-muhit bilan hisoblashib yashash vaqti keldi.

Теги :
Jamiyat