$
 12869.90
-4.96
 13496.66
-28.38
 124.94
1.88
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston kelasi yilda ham Afg‘onistonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi

Elektr energiyasi eksporti

Afg‘onistonning davlat energetika kompaniyasi O‘zbekiston bilan elektr energiyasi importi bo‘yicha kelishuv muddatini 2025-yil oxirigacha uzaytirganini e’lon qildi

O‘zbekiston bilan hamkorlik

17-dekabr kuni Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat davlat energetika kompaniyasi O‘zbekiston bilan elektr energiyasi importi bo‘yicha kelishuv muddatini 2025-yil oxirigacha uzaytirganini e’lon qildi. Shartnoma O‘zbekistonda DABS bosh direktori Abdulboriy Umar va "O‘zenergosotish" AJ boshqaruvi raisi Jahongir Obidjonov tomonidan imzolangan. Kelishuv bilan bog‘liq ta’minotning hajmi hamda narxi kabi muhim tafsilotlar oshkor etilmagan. Xabarlarga ko‘ra, muzokaralarda "Surxon-Puli Xumri" elektr energiyasi loyihasi qurilishini boshlash masalalari ham muhokama etilgan.

Umumiy shartnomalar

Afg‘oniston hukumati yuqorisida turgan "Tolibon" 2025-yilda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha O‘zbekistondan tashqari Turkmaniston va Tojikiston bilan ham shartnomalar imzolagan. Afg‘oniston noyabr oyi oxirida Tojikiston bilan va 7 dekabr kuni Turkmaniston bilan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishib olgan edi. 

Energoinqiroz

Avvalroq sovuq ob-havo sharoitida Afg‘onistonda elektr energiyasining keskin tanqisligi kuzatilayotgani ma’lum qilingan edi. Ayni shu pallada O‘zbekiston va Turkmanistondan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazish uzilib qolgan edi. Afg‘onistonda har yili qish fasli kelishi bilan fuqarolar elektr ta’minotidagi jiddiy muammolarga duch keladi. 

 O‘tgan yilgi aloqalar

Afg‘oniston o‘zining zarur elektr energiyasining asosiy qismini Eron, O‘zbekiston va Turkmanistondan import qiladi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati 2023-yilda Afg‘onistonga 91,2 million dollarlik elektr energiyasi eksportini va 9,6 million dollarlik elektr energiyasi tranzitini amalga oshirgan. 2023-yilda eksport ko‘rsatkichlari jami 100,8 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, magistral elektr tarmoqlari orqali 71,9 milliard kVt/soat elektr energiyasi uzatilgan.

Ma’lumot uchun, Afg‘oniston Energetika va suv resurslari vazirligining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 1500 MWt ni tashkil qiladi. Shundan 720 MWt ga yaqini import qilinsa, qolgani mamlakatda ishlab chiqariladi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot