$
 12933.16
-14.94
 14719.23
23.14
 158.28
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Qirg‘izistonda elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga yetdi

energiya

Qirg‘izistonda 11-12-dekabr kunlari elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga yetdi. Bu haqda respublika Energetika vazirligiga tayanib, 24.kg xabar berdi.

Davlat tarixida kuzatilmagan yirik ko‘rsatkich

Ma’lum qilinishicha, qish kirib kelishi va havo haroratining pasayishi tufayli aholi elektr energiyasidan ko‘proq foydalana boshlagan. 12-dekabrda 3 ming 612 megavatt elektr energiyasi iste’mol qilinib, kunlik elektr energiyasi iste’moli 78,931 million kilovatt-soatga yetgan. Bunday ko‘rsatkich Qirg‘iziston tarixida kuzatilmagan.

O‘tgan yili 3 ming 401 megavatt energiya sarflangan

Elektr energiyasi iste’molining so‘nggi rekordi 2023-yil 14-dekabrda qayd etilgandi. O‘shanda iste’mol quvvati 3 ming 401 megavattni tashkil etib, kunlik iste’mol 73,3 million kilovatt-soatga yetgan. Biroq o‘shanda havo harorati 8-20 daraja sovuq, 2024-yil 11-12-dekabr kunlari esa atigi 5 dan 14 darajagacha sovuq bo‘lgan.

Bugungi kunda elektr energiyasidan ortiqcha foydalanilayotgan hududlarda elektr tarmog‘idagi uskunalar haddan tashqari yuklanmoqda. Bunday vaziyatda abonentlarning elektr ta’minotini boshqa liniyaga o‘tkazish uchun energetiklarga 1-2 soat vaqt kerak bo‘ladi.

Shu tufayli, elektr energiyasini vaqtincha uzib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Agar energetiklar bunday chora ko‘rmasa, qimmatbaho energetika uskunalari ishdan chiqishi mumkin.

Misol uchun, quvvati 250 megavatt bo‘lgan 220 kilovoltli transformatorning narxi 1 million 518 ming dollarni tashkil etadi. Uni tayyorlash va yetkazib berish muddati 150 kalendar kunni o‘z ichiga oladi. Transformatorni qayta o‘rnatish uchun esa taxminan 1-1,5 oy vaqt ketadi. Bu juda ko‘p kuch va mablag‘ talab qiladigan jarayondir.

Qo‘shni respublikalarda vaziyat qanday?

Shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa energiya tizimlarida ham elektr energiyasi va quvvat yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Shuning uchun elektr energiyasidan tejab foydalanish chaqirig‘iga qaramay, unga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, rekord darajaga yetmoqda.