$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi eng yirik energetika “gigantlari” ishga tushdi

ies

O‘zbekistonda umumiy qiymati 1,7 mlrd dollar, quvvati 2 423 MVt bo‘lgan yangi energetika obyektlari ish boshladi. Ular Sirdaryo, Navoiy, Qoraqalpog‘iston va Namanganda joylashgan. Yangi loyihalar orasida yirik issiqlik va shamol elektr stansiyalari, quyoshdan elektr ishlab chiqaradigan majmua hamda elektr energiyasini batareyalarda saqlab turadigan tizimlar bor. Energetika vazirligiga ko‘ra, ayrim obyektlar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yiriklaridan hisoblanadi.

Sirdaryoda 900 mln dollarlik elektr stansiyasi ish boshladi

Boyovut tumanida 1 573 MVt quvvatga ega yangi issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Uning qiymati 900 mln dollar bo‘lib, loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobidan amalga oshirilgan. Qurilishda Fransiyaning EDF, Qatarning Nebras Power hamda Yaponiyaning Sojitz Corporation va Kyuden International kompaniyalari ishtirok etgan.

Yangi stansiya yiliga 13 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Uning samaradorligi 61,7 foizni tashkil etadi. Shu hisobiga yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash mumkin bo‘ladi. Energetika vazirligi ushbu obyektni Markaziy Osiyodagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri sifatida qayd etmoqda.

Navoiyda quyoshdan olingan elektr batareyalarda ham saqlanadi

Nurota tumanida 300 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi va 150 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Qiymati 390 mln dollar bo‘lgan loyiha Xitoyning China Energy Overseas Investment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Stansiya yiliga 657 mln kVt soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu 273 mingta xonadonning bir yillik elektr iste’moliga teng. Eng muhim tomoni, quyoshdan olingan energiyaning bir qismini shu yerning o‘zida batareyalarda saqlab, kerak bo‘lgan vaqtda tarmoqqa uzatish mumkin.

Loyiha hisobiga yiliga 175 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi, atmosferaga 377 ming tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olinishi kutilmoqda.

Qoraqalpog‘istondagi shamol stansiyasi 292 ming xonadon iste’moliga teng elektr ishlab chiqaradi

Qorao‘zak tumanida 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi va 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi foydalanishga topshirildi. 263 mln dollarlik loyiha Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Stansiya yiliga 701 mln kVt soat “yashil” elektr ishlab chiqaradi. Bu 292 mingta xonadonning bir yillik elektr iste’moliga teng. Shu bilan birga, yiliga 187 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi va atmosferaga 403 ming tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olinishi kutilmoqda.

Bu yerda ham ishlab chiqarilgan energiyani saqlash imkoniyati bor. Ya’ni elektrga talab kam bo‘lgan vaqtda energiya zaxiralanib, iste’mol oshgan paytda tarmoqqa uzatilishi mumkin.

Namanganda elektrni zaxiralaydigan yirik tizim ishga tushdi

Uychi tumanida 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ish boshladi. Xitoyning China Energy Overseas Investment kompaniyasi amalga oshirgan loyihaning qiymati 110 mln dollarni tashkil etadi.

Tizim elektr energiyasini kuniga ikki marta, ikki soatdan zaxiralash imkonini beradi. Zaxiradagi elektr tarmoqqa yuklama oshgan vaqtda ishlatiladi. Bu elektr ta’minotidagi barqarorlikni saqlashga yordam beradi. Loyiha ishga tushishi bilan 30 ta doimiy ish o‘rni ham yaratilgan.

Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayevning aytishicha, ishga tushirilgan obyektlar orasida Markaziy Osiyodagi eng yirik energiya saqlash tizimlaridan ikkitasi ham bor. Yangi loyihalar mamlakatda elektr ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, tabiiy gaz sarfini kamaytirish va energetika tizimining barqarorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat