$
 12813.04
-12.39
 13457.54
-36.09
 122.60
1.62
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonning Yevropaga “yashil” energiya eksport qilishi mamlakat energiya tizimiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?

 “yashil” energiya

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 18-noyabr kuni “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekistondan Yevropaga “yashil” elektr energiyasi eksporti mamlakat energiya tizimiga qanchalik ta’sir qilishi haqida gapirdi. 

“Yashil” energetikaga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 3 barobarga oshadi

Vazirning qayd etishicha, joriy yilda “yashil” energetika yo‘nalishida o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi uch barobardan ortiqqa — $1,3 mlrd.dan $4,6 mlrd.gacha oshadi. Yevropaga “yashil” energetika yo‘lagini tashkil etish loyihasiga xalqaro kompaniyalar va moliyaviy institutlar qiziqish bildirayotgani qayd etildi. 8-noyabr kuni Energetika vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) qo‘shma korxona faoliyatini tayyorlashni texnik qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida bitim imzoladi.

Loyihaga Saudiya Arabistonining aralashuvi

Keltirilishicha, Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi ishtirokida yo‘l xaritasini imzolangan. Ya’ni, Saudiya Arabistoni kompaniyalari bu loyihaga ham ulushdor, ham texnologik hamkor sifatida kirishga qiziqish bildirishdi va ular ishtirokida tegishli hujjatlar imzolandi. Loyiha doirasida Kaspiy dengizi tubidan, so‘ngra Ozarbayjon va Gruziya orqali, keyinroq Qora dengiz tubidan Ruminiyaga kabel yotqizish rejalashtirilgan. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini (TIA) ishlab chiqish uchun Italiyaning “CESI” kompaniyasi tanlangan. Hozirda kompaniya bilan TIA ishlab chiqilmoqda.

Loyihadan ko‘riladigan foydalar

Bundan tashqari, Mirzamahmudov O‘zbekistonning loyihadan ko‘radigan foydalarini sanab o‘tar ekan, bular qatorida mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarning kirib kelishini ta’kidladi. “Mazkur loyiha uchun Ustyurt hududida xorijiy investorlar ishtirokida elektr energetika tizimiga ulanmagan holda, alohida generatsiya obyektlari quriladi”, — dedi u.

Loyiha 2028–2030-yillarga borib ishga tushadi

Kelasi yilda TIA asosida hujjatlar kelishuvi, moliyaviy manbalarni hal qilish va pudratchi tashkilotlarni aniqlash amalga oshiriladi. Texnik-iqtisodiy asosda elektr energiyasini yetkazib berish hajmlari, loyihaning texnik ko‘rsatkichlari va tomonlarning ulushdorlik asosidagi ishtiroki kelishib olinadi. Vazir Ozarbayjon va Gruziya ham o‘z elektr energiyasini eksport qilishi mumkinligini ta’kidladi. Qurilish ishlarini 2026−2027-yilda boshlash rejalashtirilgan. Loyiha 2028–2030-yilga borib ishga tushirilishi mumkin.

Prezidentlar uchrashuvidagi xulosa

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev yoz oxirida O‘zbekistonga qilgan tashrif buyurgan edi. Ikki davlat prezidentlarining orasida bo‘lib o‘tgan suhbatda aynan ushbu masalaga ham to‘xtalib o‘tilgan. Yetakchilar “yashil” energiya ishlab chiqarish va uni Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha keng ko‘lamli mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib olishgan.

Теги :
Iqtisodiyot