200 kilovattlik norma aholiga qanday ta‘sir qildi?
O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ma‘lum qilishicha, abonentlar soni oshganiga qaramay 2023-yilning mos davri bilan solishtirganda 2024-yil iyunidan sentyabrigacha oylik iste’mol hajmi kamaygan.
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastida 200 kilovatt soatlik ijtimoiy norma oshirilishi kutilmayotganini ma’lum qildi.
“Ortig‘ini ishlatsa ishlatsin, faqat tabaqalashtirilgan tarifda”
Vazirning ta’kidlashicha, 200 kilovattlik norma ertaga oshirish uchun emas, tahlil qilib, me’yorlardan va iste’moldan kelib chiqib, barchasini o‘rganib chiqqandan so‘ng kiritilgan. Tahlillarga ko‘ra, iste’molchilarning 60 foizdan ortig‘i 200 kilovattdan kam ishlatgani ma’lum bo‘lgan. “Undan ortig‘ini ishlatsa ishlatsin, faqat tabaqalashtirilgan tarifda”, — dedi u.
Ijtimoiy norma ta’siri
Vazir yana shuni ta’kidladiki, mamlakatda elektr energiya ishlab chiqarish hajmi pasayib ketgan va bunga iste’mol kamligi sabab bo‘lgan. Abonentlar soni oshganiga qaramay 2023-yilning mos davri bilan solishtirganda 2024-yil iyunidan sentyabrigacha oylik iste’mol hajmi kamaygan. Ya’ni iste’molchilar ijtimoiy norma va tabaqalashtirilgan tariflar kiritilganidan so‘ng elektr energiyasini tejay boshlagan.

Vazir suhbat davomida oshiruvchi koeffitsiyentlar amalga kiritilgan noyabr oyidan boshlab iste’mol qanday o‘zgargani va umuman 2022−2024-yillar davomida aholi va ulgurji iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni ham taqdim etgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 1-mayidan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar miqdori oshirilgan. Shuningdek, energoresurslar iste’moli bo‘yicha ijtimoiy norma joriy etilgan.



