$
 12900.37
-2.96
 13818.88
256.19
 143.80
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston “sherlar”i jahon yulduzlaridan iborat arab jamoasiga qarshi: “Paxtakor” — “Al Hilol” (Prevyu)

“Paxtakor” — “Al Hilol”

Bugun, 4-mart kuni “Paxtakor” Elit Chempionlar Ligasi nimchorak final bosqichida Saudiya Arabistoni va Osiyoning eng kuchli jamollaridan biri “Al Hilol”ga qarshi Toshkentdagi “Jar” stadionida maydonga tushadi. O‘yin oldidan jamoalarda imkoniyatlar qanday?

O‘zaro o‘yinlar tarixi

Portugaliyalik mutaxassis Jorze Jezush boshqaruvidagi “Al Hilol” “Paxtakor” bilan 8 marta to‘qnash kelgan. O‘yinlarning 5 tasida “Al Hilol” zafar quchgan bo‘lsa, qolgan 3 bellashuv durang natijasi bilan yakunlangan. O‘zaro o‘yinlar tarixiga ko‘ra, “Paxtakor” raqib darvozasini 5 bor ishg‘ol qilgan. Shulardan ikkitasi ayni dam “Paxtakor” safida bo‘lib turgan Igor Sergeyev nomiga rasmiylashtirilgan. Riyodliklarda bu ko‘rsatkich 15 tani tashkil qiladi. Umuman olganda, O‘zbekiston futbol klublari shu vaqtga qadar Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida “Al Hilol” klubi darvozasiga 14 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Ta’kidlash joiz, ikki klub mintaqaning klublar o‘rtasidagi birinchi raqamli nufuzli musobaqasida eng ko‘p marta qatnashgan klublar hisoblanadi - 19 tadan.

Jamoalarning ayni damdagi holati

“Al Hilol” jamoasi “Paxtakor”ga qarshi bahs oldidan Saudiya Arabistoni chempionatidagi so‘nggi ikki o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa birinchi o‘yinda Karim Benzema boshchiligidagi “Al-Ittihod”ga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi o‘tkazgan o‘yinida o‘z maydonida “Al-Ahli” klubini qabul qilib, 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ilk bor tashkil etilgan OFK Elit Chempionlar Ligasida qatnashayotgan O‘zbekiston vakilining vaziyati esa boshqacha. “Paxtakor” o‘zining so‘nggi o‘yinida kolumbiyalik hujumchi Brayan Riaskosning dubli evaziga “As Sadd”ni (2:1) mag‘lub etib, turnirdagi ilk g‘alabasiga erishib, 1/8 finaliga yo‘l olgandi.

Klublar tarkibidagi yo‘qotishlar

O‘yin oldi ikki jamoada ham ushbu bahsni o‘tkazib yuboradigan futbolchilar mavjud. Bu borada “Paxtakor”dagi vaziyat nisbatan yaxshiroq, riyodliklar safida esa jarohatlanganlar yetarlicha mavjud. Bugungi o‘yinni “Sherlar” safidan Sardor Sobirxo‘jayev diskvalifikatsiya sababli o‘tkazib yuboradi. “Al Hilol” safida esa naqd 6 ta yo‘qotish mavjud. Bular:

  • Aleksandr Mitrovich
  • Renan Lodi
  • Joao Kancelu
  • Yassir Al-Shahroni
  • Hasan Al-Tambakti
  • Hamad Al-Yami

Al Hilal v Al Kholood - Saudi Pro League - Source: Getty

“Al Hilol” safida Toshkentga kelgan yulduzlar haqida

Osiyo futboli, umuman, futboldan yiroq bo‘lmagan inson borki, so‘nggi bir necha yillar ichida Saudiya futbolida bo‘lgan o‘zgarishlardan xabardor. Ana shu o‘zgarishlar samarasi o‘laroq “Al Hilol” jamoasi Osiyodagi tarkibi eng qimmat hamda sifatli legionerlar bilan boyigan futbol klubga aylandi. Keling, maqolamiz yakunida jamoa safida to‘p surayotgan legioner yulduzlarni ikki og‘iz eslab o‘tsak.

  • Yassin Bono - Marokash terma jamoasi posboni. “Seviliya”, “Atletiko Madrid” kabi klublarining sobiq futbolchisi.
  • Kalidu Kulibali - Senegal terma jamoasi a’zosi. “Napoli” klubi sobiq futbolchisi.
  • Ruben Nevesh - Portugaliya terma jamoasi a’zosi. “Wolves”, “Porto” kabi klublarning sobiq futbolchisi.
  • Sergey Milinkovich-Savich - “Latsio” klubi sobiq futbolchisi. Serbiya terma jamoasi a’zosi.
  • Malkom - “Barselona” sobiq futbolchisi. Braziliya terma jamoasi a’zosi.
  • Markos Leonardo - “Santos” va “Benfika” klublari sobiq futbolchisi. Braziliya olimpiya terma jamoasi a’zosi.
  • Kaio Sezar - Braziliya olimpiya terma jamoasi a’zosi.

“Paxtakor“ va “Al Hilol” jamoalari o‘rtasidagi nimchorak final bahsi bugun, 4-mart seshanba kuni “Jar” stadionida 21:00 da boshlanadi. Javob uchrashuvi 11-mart kuni Riyodda bo‘lib o‘tadi. O‘yin “FutbolTV” telekanali orqali jonli efirda namoyish etilishi rejalashtirilgan. Ma’lumot uchun, ushbu uchrashuv chiptalari iTicket saytida sotilmoqda. Chipta narxi 50 ming so‘m hisoblanadi.

Теги :
Jamiyat