$
 12072.96
52.48
 14177.28
128.95
 161.17
2.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Elektromobillarning akkumulyatori eskirgan sayin yurish masofasi ham qisqaradimi?

Elektromobillar

Elektromobil xarid qilishdan to‘xtatib turuvchi asosiy omil — bu akkumulyatorning chidamliligiga bo‘lgan shubhadir. Potensial xaridorlarni batareya degradatsiyasi, ya’ni vaqt o‘tishi bilan uning quvvat saqlash qobiliyati pasayishi va natijada yurish masofasining kamayishi kabi muammolar ko‘p o‘ylantiradi.

Tadqiqot natijasi

Amerikaning Recurrent kompaniyasi tadqiqotchilari 1,6 milliard kilometrdan ortiq real yurish masofasi ma’lumotlarini tahlil qilib, avtomobil uch yil ichida dastlabki yurish masofasining o‘rtacha 97 foizini, besh yilda esa 95 foizini saqlab qolishini aniqladi.

Pasportida yurish masofasi 523 kilometr deb ko‘rsatilgan 2026-yilgi model besh yildan so‘ng taxminan 497 kilometr yo‘l bosadi. Aksariyat haydovchilar kundalik qatnovlarda buni deyarli sezmaydi ham.

Real koʻrsatkichlar yanada yaxshiroq

Bundan tashqari, 2023-yilda ishlab chiqarilgan elektromobillarning 68 foizi hozirgacha AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) tomonidan belgilangan rasmiy yurish masofasi ko‘rsatkichlaridan yuqoriroq natija qayd etmoqda. Ya’ni aksariyat mashinalarning real ko‘rsatkichlari belgilanganidan ham yaxshiroq bo‘lib chiqqan.

Ishlab chiqaruvchilar orasida bu borada yetakchilar ham bor. Masalan, Cadillac, Ford, Hyundai, Mercedes va Rivian foydalanishning dastlabki besh yilida yurish masofasi eng kam pasaygan avtomobillar bo‘ldi.

Qayd etilishicha, muhandislar bunday natijaga batareya sig‘imining zaxirasi (bir necha kilometrlik yashirin zaxira qo‘shish) va mashina eskirgani sari yurish masofasini hisoblash algoritmlarini to‘g‘rilab boruvchi dasturiy yangilanishlar evaziga erishmoqda.

Haydovchi deyarli sezmaydi

Bu, albatta, akkumulyatorlar umuman eskirmaydi, degani emas. Texnik jihatdan eskirish jarayoni davom etadi, biroq aqlli dasturiy ta’minot va muhandislik yechimlari bu degradatsiyani haydovchi deyarli sezmaydigan darajada qoplab beradi.

Oʻzbekiston sharoitidachi?

O‘zbekiston sharoitida ham ahvol qo‘rqinchli emas. To‘g‘ri, bizning 45 darajali jaziramamiz batareya uchun eng katta dushman, lekin zamonaviy elektromobillar bunga tayyor — ulardagi aqlli sovutish tizimi batareyani xuddi konditsioner kabi salqin ushlab turadi. Bozormizni egallagan BYD va boshqa Xitoy brendlaridagi LFP batareyalari esa o‘ta chidamliligi bilan mashhur, ular hatto 10 yildan keyin ham quvvatini yaxshi saqlab qoladi. 

Qolaversa, hozirgi 8 yillik kafolatlar xaridordagi “batareyka o‘lib qolsa-chi” degan vahimani ancha bosdi.

Теги :
Jamiyat