$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentdagi “viza fabrikasi” fosh etildi: Italiyaning sobiq elchisi hibsga olindi

Italiyaning sobiq elchisi

Italiya diplomatiyasi yirik korrupsion mojarolar iskanjasida qoldi. Mamlakatning O‘zbekistondagi sobiq favqulodda va muxtor elchisi Pergabriele Papadia de Bottini di Sant-Aneze Rim huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olindi. Sobiq yuqori martabali diplomat Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun Shengen vizalarini noqonuniy rasmiylashtirish mexanizmini yaratganlik, poraxo‘rlik va noqonuniy migratsiyaga yo‘l ochib berganlikda ayblanmoqda.

Elchixonadagi maxfiy sxema

Tergov materiallariga ko‘ra, Papadia Toshkentdagi diplomatik missiyaga rahbarlik qilgan davrida o‘z yordamchisi Tatyana Tarakanova bilan hamkorlikda haqiqiy jinoiy tarmoqni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu “viza fabrikasi” Rossiya fuqarolariga bir yildan uch yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli sayyohlik vizalarini hech qanday to‘siqlarsiz taqdim etib kelgan.

Eng hayratlanarlisi, bu xizmatlarning narxidir. Rasmiy ravishda konsullik yig‘imi atigi 45–60 yevroni tashkil etsa-da, qing‘ir yo‘l bilan viza oluvchilar har bir hujjat uchun 4 mingdan 16 ming yevrogacha haq to‘lashgan. Ushbu sxema nafaqat diplomatik me’yorlarni, balki Yevropa Ittifoqi xavfsizlik qoidalarini ham chetlab o‘tgan.

Telegram orqali boshqaruv

Jinoiy zanjirda Moskvada faoliyat yurituvchi uchta yirik sayyohlik operatori — “Happy Travel”, “Visa4you” va “Park Lane” vositachilik qilgan. Mazkur agentliklar mijozlar ro‘yxatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentga yo‘naltirgan. Tergovchilarning aniqlashicha, ayrim hollarda elchi vizaga oid ma’lumotlarni hatto Telegram messenjeri orqali qabul qilib, jarayonni tezlashtirgan.

Tekshiruvlar davomida elchixonaga viza uchun murojaat qilgan ko‘plab rossiyaliklarning O‘zbekistonda yashamasligi, konsullikka shaxsan kelmaganligi va Shengen hududiga kirish talablariga umuman javob bermasligi oydinlashdi. Tashrif buyuruvchilar jurnalidagi 81 ta holatda ismlar qayd etilmagan, arizalardagi imzolar esa qo‘pol ravishda soxtalashtirilgan. Elchi Papadia esa barcha qoidalarga zid ravishda, ushbu shubhali hujjatlarga shaxsan “OK” belgisini qo‘yib, o‘z imzosi bilan tasdiqlagan.

Mablag‘larning izi va Bolgariyadagi bank hisoblari

Korrupsion zanjirning moliyaviy tomoni ham sinchkovlik bilan o‘rganildi. 2025-yilning birinchi yarmi davomida rossiyalik agentliklar Bolgariyadagi bank hisob raqamlariga "foizli qarz" niqobi ostida 23 600 yevro o‘tkazishgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hisob raqami elchining yaqin yordamchisi Tatyana Tarakanovaga tegishli bo‘lgan.

Kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan Tarakanova avval ham Papadia bilan Moskvadagi konsullikda ishlagan va diplomat Toshkentga tayinlangach, uni o‘zi bilan birga olib kelgan. Bu esa jinoiy guruhning oldindan shakllanganligidan dalolat beradi.

Qo‘shtirnoq ichidagi meros

Ushbu tizimli qonunbuzarliklar 2025-yil yozida Italiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan taftish natijasida fosh bo‘ldi. Garchi sobiq elchi o‘z harakatlarini moddiy manfaat evaziga amalga oshirganini qisman tan olgan bo‘lsa-da, uning 3 million yevrolik mol-mulki borasidagi savollarga bular “meros” deya javob bermoqda.

Hozirda Italiya moliya politsiyasi 400 ga yaqin shubhali viza hujjatlarini tahlil qilmoqda. Sud sudlanuvchining Rossiyaga qochib ketish va u yerdan boshpana izlash xavfi yuqori deb topgani sababli, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini qo‘lladi.

Ma’lumot o‘rnida, Pergabriele Papadia O‘zbekistondagi missiyasini 2024-yil dekabrida boshlab, bor-yo‘g‘i bir yil davom ettirgan. 2026-yil yanvar oyidan buyon Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasini Gvido de Sanktis boshqarib kelmoqda.

Теги :
Jamiyat