O‘zbekiston mahsulotlari uchun potensial eksport bozorlari
Buyurtmachilarning 75,5 foizi uchun mahsulotning qaysi mamlakatdan yetkazib berilishi muhim ahamiyatga ega emas.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan O‘zbekiston mahsulotlari uchun potensial eksport bozorlari aniqlandi.
Meva-sabzavotlar hamda ulardan tayyorlangan turli xil qiyom va sharbatlar
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2024-yilning III choragida Buyuk Britaniya, Hindiston, Kanada, AQSH, Tailand, Avstraliya kabi mamlakatlarda meva-sabzavotlar hamda ulardan tayyorlangan turli xil qiyom va sharbatlarga bo‘lgan talab yuqori bo‘lgan. Ushbu mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha Surxondaryo, Xorazm, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Andijon viloyatlari yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lib, qayd etilgan mamlakatlarga eksportni doimiy ravishda yo‘lga qo‘yish mazkur hududlarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ip-gazlama, kiyimlar, kimyoviy tola va teri mahsulotlari
Mazkur tovarlarga bo‘lgan talab AQSH, Fransiya va Indoneziya davlatlarida yuqori ekanligi aniqlangan. Bu tovarlarni eksport qilishda nisbiy ustunlikka ega bo‘lgan Namangan, Qashqadaryo, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tadbirkorlarida mazkur bozorlarga chiqish imkoniyatlari mavjud.
O‘g‘itlar, kimyoviy mahsulotlar, un va kraxmal
O‘zbekiston ushbu mahsulotlarini eksport qilishda ham nisbiy ustunlikka ega bo‘lib, mazkur mahsulotlarga asosan AQSH, Buyuk Britaniya, Malayziya, Hindiston, Kanada, Koreya Respublikasi davlatlarida talab yuqori. Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri tadbirkorlari ushbu mahsulotlarni nisbatan pastroq xarajatlar evaziga eksport qilishi mumkin.
Qimmatbaho toshlar va metallar
Kanada, Fransiya, AQSH, Germaniya, Koreya Respublikasi, BAA va Xitoy mamlakatlaridagi ko‘pgina buyurtmachilarga qimmatbaho toshlar va metallar, rux mahsulotlari va mis mahsulotlari zarur ekanligi aniqlanadi. Ushbu mahsulotlarni eksport qilish Navoiy va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarga tavsiya etiladi.
Buyurtmachilar talabi
Ma’lum bo‘lishicha, buyurtmachilarning 75,5 foizi uchun mahsulotning qaysi mamlakatdan yetkazib berilishi muhim ahamiyatga ega emas. Mazkur guruhdagi buyurtmachilarning 78,4 foizi mahsulotni Incoterms qoidalarining CIF shartlari (mahsulotni ishlab chiqarish, sug‘urtalash va yetkazib berish xarajatlari sotuvchining zimmasiga yuklatiladi) asosida yetkazib berilishini ma’qul ko‘rishi aniqlandi. Mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha ma’lum bir davlat talabini qo‘ymagan buyurtmachilarning 60 foizi to‘lov shakli sifatida akkreditivni, 28,4 foizi esa telegrafik pul o‘tkazmasi hamda bank orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazmani afzal ko‘rishi ma’lum bo‘lgan.



