$
 11881.60
-55.29
 13749.39
-19.81
 151.05
-0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Ekoreydlar: Maxsus komissiya nimalar bilan band?

ecoreyd

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan tuzilgan maxsus komissiya atmosferaga zararli tashlamalar chiqarayotgan manbalarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan reyd tadbirlarini tunu-kun davom ettirmoqda.

Issiqxonalarga gaz yetkazib berish

Xususan, “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxona xo‘jaligi obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuzishni tashkil etish belgilangan.

Shu asosda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan issiqxona xo‘jaliklari bilan uch tomonlama shartnomalarni rasmiylashtirish jarayonlari izchil olib borilmoqda.

Xususan, Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilgan Toshkent shahar va unga tutash hududlardagi 68 ta issiqxona xo‘jaligiga (173,1 gektar maydonda) belgilangan tartibga ko‘ra tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan va tabiiy gaz yetkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, Zangiota tumanidagi 34 ta va Qibray tumanidagi 66 ta issiqxona xo‘jaligi bilan “issiqlik energiyasini yetkazib berish” bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Shunga asosan ushbu issiqxona xo‘jaliklariga belgilangan miqdorda issiqlik energiyasi yetkazib berilyapti.

11 ta sanitar tozalash korxonasiga jarima

Shuningdek, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 2025-yil aprel-noyabr oylarida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini yangilangan mezonlar asosida baholab bordi.

Olib borilgan monitoring natijasida jami 105 ta sanitar tozalash korxonasi reytingdan o‘tkazilib, ulardan 41 tasi “yashil”, 53 tasi “sariq” va 11 tasi “qizil” toifaga kiritildi.

Sun’iy namlantirish 24/7 rejimda olib borilmoqda

Shahar muhitining yuqori changlanishi sharoitida eng tezkor samarali choralardan biri — yo‘l qoplamasi va unga yaqin hududlarni namlashdir. Bu usul ilmiy asosga ega bo‘lib, dunyoning ko‘plab yirik shaharlarida ifloslanish avj olgan davrlarda qo‘llaniladi.

Shu asosda mas’ul tashkilotlar tomonidan Toshkent shahri bo‘ylab yo‘llarga hamda yashil maydonlarga suv sepish, shuningdek, sug‘orish tizimlarini hamda favvoralarni mavsumdan tashqari vaqtda ishga tushirish orqali havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.

Yo‘llar va yo‘l chetlariga suv sepish ishlari 24/7 tashkil qilingan bo‘lib, faqat kunning tig‘iz paytida, ya’ni 17:00 dan 20:00 gacha ishlar to‘xtatib turiladi.

“Maxam-Chirchiq” faoliyatining to‘xtatilishi

Ma’lum qilinishicha, korxona faoliyatida tekshirish o‘tkazilganda 11 ta holatda kamchilik aniqlanganligi, jumladan chang-gaz tozalash uskunasining samaradorligi me’yoriy hujjat talabiga javob bermasligi, ifloslantiruvchi moddalar belgilangan me’yordan ortiq chiqarilayotganligi, kimyoviy moddalar belgilangan hududda joylashtirilmaganligi, suv tarkibidagi kimyoviy moddalarning ortiqcha chiqarilayotganligi, kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmaganligi natijasida amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilinmagan.

Shu bois Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi sudga ariza bilan murojaat qilib, “Maxam-Chirchiq” AJning faoliyatini kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatishni so‘ragan.

Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2025-yil 26-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Maxam-Chirchiq” AJning faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatildi.

Теги :
Jamiyat