$
 12004.75
-16.57
 13691.42
-42.94
 157.11
-0.53
weather
+26
Кечаси   +14°

30 yoshdan oshgan avtomobil egalari eko-kompensatsiya to‘lamaydi

Eski avtomobil Foto: Gazeta.uz

Qonun loyihasidan har yili majburiy ekologik to‘lov undirish haqidagi band olib tashlandi. Buning o‘rniga hukumat vaucherlar tizimi, eski mashinalarni bozor bahosida baholash va yangi avtomobil xaridi uchun foizsiz muddatli to‘lovni taklif qilmoqda.

Eko-kompensatsiya bekor qilindi

O‘zbekistonda 30 yoshdan oshgan transport vositalari egalaridan har yili BHMning 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya undirish g‘oyasidan voz kechishga qaror qilindi.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining ma’lum qilishicha, ushbu qaror jamoatchilik muhokamalari va fuqarolarning ko‘plab e’tirozlaridan so‘ng qabul qilingan. Ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan bu norma qonun loyihasidan butunlay chiqarib tashlandi.

Buning o‘rniga nima taklif etilyapti?

Yangi konsepsiyaga ko‘ra, butun respublika bo‘ylab eski avtomobillarni baholash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi mustaqil korxonalar tarmog‘i tashkil etiladi.

Hatto nosoz holatdagi mashinalar ham bozor bahosida baholanadi — buning uchun mutaxassislar avtomobil turgan joyga borishlari ham mumkin. Baholashdan so‘ng mulkdor o‘z xohishiga ko‘ra pul yoki maxsus vaucher olishi mumkin bo‘ladi.

Vaucherdan yangi avtomobil sotib olishda foydalanish mumkin

Olingan vaucherni rasmiy dilerdan yangi avtomobil xarid qilayotganda boshlang‘ich badal sifatida ishlatish mumkin. Qolgan summani esa 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga, foizsiz bo‘lib to‘lash (rassrochka) rejalashtirilmoqda. Agar avtomobil egasi vaucherdan foydalanishni istamasa, uni bir oy ichida naqd pulga almashtirib olishi mumkin.

Tizim qanday ishlaydi?

Agentlik narxi 165 million so‘m bo‘lgan yangi “Cobalt” avtomobili misolida buni tushuntirib berdi.

  • 1-variant: Agar eski avtomobil 5 million so‘mga baholansa, egasi boshlang‘ich badalsiz yangi mashina xarid qilishi va qolgan 160 million so‘mni 7 yil davomida foizsiz, oyiga 1,9 million so‘mdan to‘lab borishi mumkin.
  • 2-variant: Agar eski mashina 70 million so‘mga baholansa, oylik to‘lov miqdori taxminan 1,13 million so‘mgacha kamayadi.

Islohotdan maqsad nima?

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 5 millionga yaqin avtomobil ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning qariyb 100 mingtasi nosoz holatda. Shaharlardagi zararli tashlamalarning 63 foizi aynan mana shu mashinalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bundan tashqari, bitta eski avtomobil utilizatsiya qilinganda 50 kg gacha xavfli qattiq chiqindi hosil bo‘ladi. Shu bois rasmiylar mamlakat avtoparkini bosqichma-bosqich yangilashni maqsad qilgan.

Qonun loyihasi hali yakuniga yetmagan

Agentlik hujjat ustidagi ishlar hali davom etayotganini alohida ta’kidladi. Loyihaning yakuniy varianti ekspertlar takliflari va fuqarolarning fikr-mulohazalari inobatga olingan holda tayyorlanadi.

Теги :
Jamiyat