O‘zbekistonliklar mablag‘larini asosan nimaga sarflamoqda?
O‘zbekiston Markaziy banki 2024-yil fevral oyi uchun iste’mol kayfiyati sharhini e’lon qildi. Tadqiqotda respondentlarning daromad va xarajatlari, ularning jamg‘armaga moyilligi, shuningdek, kelajakdagi ehtiyojlari tahlil qilingan.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Markaziy banki 2024-yil fevral oyi uchun iste’mol kayfiyati sharhini e’lon qildi. Tadqiqotda respondentlarning daromad va xarajatlari, ularning jamg‘armaga moyilligi, shuningdek, kelajakdagi ehtiyojlari tahlil qilingan.
Jamg‘arishga moyillik oxirgi 3 yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarilgan
Qayd etilishicha, 2024-yilning yanvar oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oydagi iqtisodiy kutilmalari III chorakka nisbatan sezilarli darajada yaxshilangan.
Xususan, daromad va xarajatlari bo‘yicha kutilmalari hamda jamg‘arishga moyilligi oxirgi 3 yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarilgan.
73 foiz ishtirokchi daromadi oshishini kutmoqda
So‘rovda ishtirok etgan aholi vakillarining 73 foizi kelgusi 12 oyda daromadlari oshishini kutmoqda. Bu ko‘rsatkich avvalgi chorakka nisbatan 8 foiz bandga yuqoriroqni tashkil etgan.
Shuningdek, daromadlari o‘zgarmasligini qayd etganlar ulushi 4 foiz bandga kamayib, jami respondentlarning 21 foizini, kelgusida daromadlari kamayishini taʼkidlaganlar ham 4 barobarga kamayib, 6 foizni tashkil etgan.
Aksariyat mablagʻ uy taʼmiriga sarflangan
O‘zbekistonliklarning aksariyat qismi mablag‘larini uy-joy ta’miri (14,2 foiz), ta’lim (14,1 foiz), avtomobil (8,4 foiz), davolanish (11,3 foiz), uy-joy xaridi (4,3 foiz) hamda maishiy texnika xaridiga (6,8 foiz) sarflagan.
Kelgusi oyda ham uy taʼmiri birinchi
Kelgusi oylarda respondentlarning 16,1 foiz pul mablag‘larini uy-joy ta’miriga, 12,8 foizi — ta’limga, 8,1 foizi — avtomobil xaridiga, 8,5 foizi — davolanishga, 10,8 foizi — ko‘chmas mulkka, 6,2 foizi — to‘yga sarflash niyatida.



