$
 12715.13
-45.08
 14730.48
25.61
 161.75
1.67
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Ijtimoiy davlatning noijtimoy qarori: endi "suyunchi puli" yoʻq

hamyon pul

Keyingi farzandlar uchun beriladigan bir martalik pul faqatgina “ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi boʻlgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan barcha holatlarda nafaqa toʻlanmaydi. 

Ushbu yangi qaror yaqindagina ijtimoiy davlat deb eʼlon qilingan Oʻzbekiston aholisi uchun bahsli mavzuga aylandi, koʻpchilik eʼtiroz bildirmoqda. Xoʻsh, jamoatchilik faollari qanday fikr bildirmoqda?

Tejalgan pullar nimaga sarflanadi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov “suyunchi puli”dan tejalgan pullar nimaga sarflanishi haqidagi savolni o‘rtaga tashladi:

“Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilganlar va reyestrga kiritilgan ayollarning tug‘ish statistikasi bo‘yicha biron bir normal statistika yo‘q. Lekin yarmi yopiq va chala-chulpa demografiya statistikamizga ko‘ra, jami tug‘ilish ko‘rsatkichida birinchi farzandlarning ulushi 23,7% atrofida. 

Agar shu proporsiyani o‘tgan yilgi tug‘ilish soni ko‘rsatkichiga qo‘llasak, 2023-yilda ikkinchi va keyingi tug‘ilgan farzandlar 734 ming atrofida bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin. 

Tendensiyaga ko‘ra bu yil tug‘ilish umumiy soniyam, ikkinchi va undan keyingi tug‘ilgan farzandlar soni ham o‘sadi. Demak, hukumat mazkur byudjet manyovridan 2024-yilda 415 mlrd so‘mgacha tejab qoladi (kelasi yillarga iqtisod qilingan mablag‘ yanayam kattaroq ko‘rinish oladi). 

Asosiy savol shundaki, bu pullar nimaga va qaysi maqsadlar uchun ishlatiladi? Agar gap ayanchli ahvolda qolayotgan maktablarga yo kasalxonalarga yo‘naltirish haqida ketsa, bu bitta keys. Shunday maqsadlar uchun mazkur manyovrga qo‘l urilgan bo‘lsa, shaxsan men ikki qo‘lim bilan quvvatlayman. Lekin bizning yangi tariximiz prioritetlaridan kelib chiqilsa, kambag‘al va muhtojlardan tejalgan mablag‘lar odatda yaqin oligarxlar cho‘ntagiga ishlaydigan loyihalar yoki sxemalarga taqsimlanishi ehtimoli ko‘pligi xavotirga soladi”.

Aksar qismi erkaklardan iborat qaror qabul qiluvchilarimiz boshqacha o‘ylashadi

“Albatta, ayol sifatida, ona sifatida va fuqaro sifatida bu qaror meni xursand qilmadi. Biz ayollar uchun hamma farzandimiz birdek — 9 oy ko‘tarib, o‘n soatlab dard chekib tug‘iladi va bir xilda mashaqqat bilan katta qilinadi. Ertaga ular katta bo‘lsa, oilada nechanchi bo‘lib tug‘ilganidan qat’i nazar, shu vatan oldida teng huquqli va majburiyatli bo‘ladi. Afsuski, aksar qismi erkaklardan iborat qaror qabul qiluvchilarimiz boshqacha o‘ylashadi shekilli”, deb fikr bildiradi bloger Shahnoza Soatova.

Bu borada jahon tajribasi qanday?  

Ushbu mavzu diqqat markaziga koʻtarilar ekan, hozirgi kunda ko’p jihatlardan ilgarilab ketayotgan mamlakatlar bu masalaga qanday yondoshishmoqda degan savol tugʻiladi. Ularda yangi tugʻilgan bolalar uchun qanday imkoniyat-u imtiyozlar bor? Boshqa davlatlarda ham "suyunchi" puli bormi ? Agar mavjud bo’lsa miqdori qancha? Shu kabi savollarga javob topishga harakat qildik.

Muhtojligi isbotlansa, uy beriladi

Birlashgan Arab Amirligida o‘z fuqarolari va ularning yangi tug‘ilgan chaqaloqlariga nisbatan imtiyozlar mavjud. Avvalo, yangi oila qurgan kelin-kuyov (ikkalasi ham amirlik fuqarosi bo‘lishi lozim) BAA nikoh fondidan  20 000 AQSH dollari miqdorida kredit olishi mumkin. Bu kreditdan farzand ko‘rishlari zahoti voz kechiladi. Bu hali farzand puli emas. Farzand puli 50 000 dollardan 200 000 dollargacha to‘lanadi. Agar muhtojligi isbotlansa, uy ham beriladi. Bu uy shayxlar yashaydigan saroy bo‘lmasa ham kichik villa shaklida bo‘ladi. Fuqarolarning bu turdagi ijtimoiy himoyasiga sabab amirlikning tub aholisi kamayib borayotganidir. Hozirda tub aholi mamlakatda istiqomat qiluvchilarning 10 foizini tashkil etadi, xolos. 

Bepul tibbiy xizmat kafolatlanadi

Norvegiya davlat fuqarolari ham o‘ziga xos ijtimoiy himoya bilan ta’minlanadi. Agar ona homiladorlik ta’tiligacha ishlamagan bo‘lsa, 5000 AQSH dollarigacha mablag‘ beriladi. Agar ishlagan ayol bo‘lsa, bu jami daromadlar summasidan kelib chiqib hisoblanadi. 

Homiladorlik, tug‘ish va undan keyingi tibbiy xizmatlar bepulligi ta’minlanadi. 

Soliq imtiyozlari 

Yangi dunyo yuzini ko‘rgan avstraliyalik uchun 4000 Avstraliya dollari (3000 AQSH dollari) miqdorida nafaqa beriladi. Agar chaqaloqlar soni 3 va undan ortiq bo‘lsa, bu summa 16 yoshgacha berib boriladi. Bolali oilalar uchun soliq imtiyozlari belgilangan. 

Bundan tashqari, farzand uchun turli miqdorda ijtimoiy nafaqalar berib boriladi. Bu nafaqalar bolaning turli yoshida xarajatiga qarab, o‘zgarib boradi.

Shuningdek, Hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida turli xizmatlar uchun 50 foiz miqdorda chegirmalar beriladi (ta’lim, tibbiy xizmat). 

5 ming dollardan 10 ming dollargacha 

Singapurda chaqaloq tugʻilganida beriladigan “suyunchi puli” 5ming dollardan 10ming dollargacha. Bu yerda ota-onalarni pul mablag‘lari bilan rag‘batlantirish orqali mamlakatning tug‘ilish darajasini yaxshilash, bolalarni tarbiyalashdagi moliyaviy yukni kamaytirish va shu orqali ota-onalarni ko‘proq farzand ko‘rishga undash maqsad qilingan. 

Qo‘shni davlatlardachi?

Qo‘shni Qozog‘istonda ham bola tug‘ilganda to‘lanadigan bir martalik nafaqa mavjud. Bu nafaqa 2024-yil holatiga ko‘ra, birinchi 3 nafar bola uchun 140 296 tengeni (3 mln 907 ming so‘mni) tashkil qiladi. 

To‘rtinchi va undan keyingi bolalar uchun 232 596 tenge (6 mln 477 ming so‘m) miqdorida to‘lanadi. 

Qozog‘istonda tug‘ilganlik nafaqasi va bola parvarishi uchun to‘lanadigan to‘lovlar miqdori keyingi tug‘iladigan bolalarga qarab ko‘payib boradi. 

Qirgʻiziston

Qirg‘izistonda esa oila daromadidan qat’i nazar har bir bolaga tug‘ilganda bir martalik 4 ming som (560 ming so‘m) miqdorida nafaqa beriladi. 

Agar bir vaqtning o‘zida 3 va undan ortiq chaqaloq tug‘ilsa, ularning har biriga 50 ming somdan (7 mln so‘m) “suyunchi puli” beriladi.