$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

10 yilgacha qamoq yoki 10 ming dollar jarima

камера эко радар

O‘zbekistonda daraxtlarni kesish mumkin emas, jarimalar ham belgilangan. Biroq har kuni qayerdadir daraxtlar noqonuniy kesilgani, qasddan quritilgani haqidagi xabarlarni eshitamiz. Albatta, bu muammo faqat yurtimizdagina emas. O‘rmonlarning yo‘q qilinishi jahonning ko‘plab mamlakatlarida jiddiy ekologik muammoga aylanyapti. Hukumatlarning daraxt o‘tqazish bo‘yicha sa’y-harakatlariga qaramay, insoniyat har yili 15−18 million gektar o‘rmonni yo‘q qilmoqda.

Tan olish kerakki, odamlarimiz daraxt ekishdan ko‘ra, kesishdan rohat topayotgandek. Ko‘rkam daraxtlarni kesib, o‘rniga qurilish qilayotgan, savdo do‘konlari qurayotgan, hatto vijdonsizlarcha daraxtlarni tagini sementlab tashlayotgan insonlar ham oramizda yo‘q emas. Mamlakatimizda esa bu holat Yer yuzidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdanda yomonroq. Mana shunday sharoitda dunyoning boshqa davlatlarida daraxt kesganlik uchun turli javobgarliklar haqida ma’lumot beramiz.

10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi

O‘rmonlar Saudiya Arabistoni umumiy maydonining atigi 0,5 foizini tashkil etgani bois, bu yerda daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jiddiy jarimalar va hatto jinoiy javobgarlik ham ko‘zda tutilgan.Podshohlik prokuraturasi 2020-yili o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun jazo choralari kuchaytirilganini e’lon qilgan edi.  

Ekologik qonunchilikka muvofiq (8-bob, 40-modda), daraxtlarni noqonuniy kesganlik, kundakov qilib tozalaganlik yoki ko‘chirib o‘tqazganlik, shoxlarini kesganlik, ildizini olib tashlaganlik uchun 30 mln rial (salkam 8 mln AQSH dollari)gacha jarima yoki 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Ayrim hollarda jarima va ozodlikdan mahrum qilish jazosi birgalikda tayinlanishi ham mumkin.

Agar bir yil ichida ushbu qonunbuzarlik takroran amalga oshirilsa, jarima miqdori ikki barobar oshiriladi. Bundan tashqari, qonunbuzar yetkazgan zararining oqibatlarini bartaraf etishi va qonunchilikka muvofiq tovon puli (kompensatsiya) to‘lashi lozim bo‘ladi.

Daraxtshunoslar xizmati mavjud

O‘rmonlar AQSH hududining 33,9 foizini tashkil etadi. Bu yerda har bir shahar va tumanda Daraxtlarni muhofaza qilish bo‘yicha nizom qabul qilingan bo‘lib, ushbu hujjat hududdagi daraxtlarni parvarishlash va kesish qoidalarini belgilaydi. Mamlakatda daraxtlarga xizmat ko‘rsatish va ularni parvarishlash bo‘yicha sertifikatlangan mutaxassislar — arboristlar (daraxtshunoslar) xizmati rivojlangan.

Har bir shahar, okrug va shtatda xususiy hududdagi daraxtlarni kesishni tartibga soluvchi qonunlar bor. AQSHda beruxsat daraxt kesganlik uchun jarima miqdori 500 dollardan boshlanib, 10 ming dollargacha yetishi mumkin. Ayrim hollarda va ba’zi shtatlarda eng katta jarima miqdori 100 ming dollarni ham tashkil etishi mumkin.

AQSH Jinoyat kodeksiga ko‘ra (18-bo‘lim, 1853-paragraf), daraxtlarni noqonuniy kesganlik yoki qasddan shikast yetkazganlik uchun, jarima jazosidan tashqari, bir yil muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham tayinlanishi mumkin.

Jazo: 10 yil davomida parvarishlash

Buyuk Britaniya hududining 13,2 foizini o‘rmonlar tashkil etadi. 2023- yilgacha o‘rmonlarni beruxsat kesganlik uchun belgilangan jarima miqdori bir daraxt tanasi (poyasi) uchun 2,5 ming funtni yoki qo‘lga kiritilgan yog‘och-taxta qiymatining ikki barobarini tashkil etardi (bunda aynan qaysi to‘lov usuli bo‘yicha ko‘proq jarima chiqsa, o‘shanisi tanlangan).

Atrof muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan va 2023- yil 1- yanvardan kuchga kirgan o‘zgartishlarga ko‘ra, daraxtni noqonuniy kesgan shaxs ko‘chat ekib, uni 10 yil davomida parvarishlashi lozim. Buyuk Britaniyada yo‘q qilingan daraxtzorlarni qayta tiklash bo‘yicha sud qarorini bajarishdan bosh tortganlarga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanishi mumkin.

Noqonuniy kesib olingan yog‘och-taxta savdosi bilan shug‘ullanish cheklanmagan miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Jonivorlar yashaydigan daraxtlarni kesish qat’iyan taqiqlangan.

Daraxtni qonunni buzmay kesish uchun uzoq davom etadigan byurokratik jarayondan o‘tish lozim

Germaniyada o‘rmonlar mamlakat hududining 32,7 foizini tashkil etadi. O‘rmon resurslari davlatning qimmatli mulkidir, shu bois ulardan noqonuniy foydalanish jinoyat hisoblanadi. Germaniya qonunchiligiga muvofiq, o‘rmonlarni muhofaza qilish davlat va har bir fuqaroning majburiyatidir, ushbu sohadagi qoidabuzarlar esa aholining ekologik xavfsizligiga putur yetkazishda ayblanadi.

O‘zboshimchalik bilan daraxtlarga zarar yetkazganlik yoki ularni kesganlik uchun jarima miqdori har bir federal yer tomonidan alohida belgilanadi. Qo‘llaniladigan qonunchilik va kesilgan daraxt turiga qarab, jarima summasi 50 ming yevrodan 100 ming yevrogacha farqlanishi mumkin.

Germaniyada daraxtni qonunni buzmay kesish uchun uzoq davom etadigan byurokratik jarayondan o‘tish lozim, bu jarayonni buzganlar esa 50 ming yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. 

Shuningdek, daraxt kesishning federal muddatlariga ham rioya etish lozim. Atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha federal qonunga ko‘ra, martdan oktyabrga qadar daraxt kesish taqiqlangan. Shoxlariga qushlar in qurgan yoki boshqa jonivorlar yashaydigan daraxtlarni kesish esa qat’iyan taqiqlangan.

Huquqbuzarlarga tabiatga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyati yuklanishi mumkin. Jarimalar va kompensatsiya to‘lovlaridan tushgan pullar o‘rmonlarni muhofaza qilish va qayta tiklashga yo‘naltiriladi.