$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

Ebola global xavfga yaqinmi? — JSST javobi

Ebola

Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada Ebola virusining tarqalish sur’ati milliy hamda mintaqaviy miqyosda yuqori xavf tug‘dirishda davom etmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, xalqaro darajada ushbu epidemiya hozircha katta tahdid uyg‘otayotgani yoq.

Jenevada o‘tgan JSST Favqulodda qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishida so‘nggi vaziyat bo‘yicha aniq raqamlar keltirildi. Tashkilot rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytga qadar virusni yuqtirganlikda gumon qilinayotganlar soni qariyb 600 nafarga yetgan, kasallik oqibatida 139 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Kongo Demokratik Respublikasining shimoliy hududlarida virus bilan bog‘liq 51 ta holat rasman tasdiqlangan bo‘lsa-da, mutaxassislar mamlakatdagi epidemiyaning haqiqiy koʻlami rasmiy ko‘rsatkichlardan ancha keng bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Kasallik geografiyasi faqat mahalliy aholi bilan cheklanib qolmayotgani ham ma’lum bo‘ldi. Xususan, Kongo Demokratik Respublikasi hududida faoliyat olib borgan va keyinchalik Germaniyaga evakuatsiya qilingan AQSH fuqarosida ham Ebola virusi aniqlangan. JSST rahbari vaziyatni murakkablashtirayotgan va jiddiy xavotirga sabab boʻlayotgan bir nechta omillarni alohida qayd etdi.

Eksperimental dorilar va vaksina yetishmovchiligi muammosi

Ayni paytda hududda tarqalayotgan Bundibugio virusi boshqa Ebola shtammlariga qaraganda kamroq o‘lim ko‘rsatkichiga ega bo‘lsa-da, u o‘ziga xos tuzilishi sababli tibbiyot xodimlari uchun jiddiy qiyinchilik tug‘dirmoqda. Mazkur shtammning noyobligi unga qarshi samarali davolash usullarining cheklanganligiga olib kelgan.

Hozirgi vaqtda Bundibugio shtammiga qarshi rasman tasdiqlangan vaksina mavjud emas, biroq olimlar tomonidan eksperimental dorilarni ishlab chiqish jarayoni ketmoqda. JSST prognozlariga ko‘ra, Ebola virusining ushbu o‘ziga xos turiga qarshi samarali vaksinani tayyorlash va tayyor holatga keltirish uchun kamida toʻqqiz oygacha vaqt talab etilishi mumkin. Vaziyatning keskinligi sababli, JSST bundan oldinroq Afrikada Ebola epidemiyasi tufayli favqulodda holat eʼlon qilgan edi.

Epidemiya tarixi: 50 yillik kurash xronikasi

Kongo Demokratik Respublikasi uchun bu safargi epidemiya mamlakat tarixidagi 17-shunday inqiroz hisoblanadi. Davlat bundan avval ham bir necha bor og‘ir epidemiologik davrlarni boshdan kechirgan. Jumladan, o‘tgan yilning avgust oyida (2025-yil) kuzatilgan epidemiyada 34 kishi vafot etgan edi. Mamlakat tarixidagi eng yirik epidemiya esa 2018-yildan 2020-yilgacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi va o‘shanda taxminan 2300 kishi kasallik qurboniga aylangan.

Umuman olganda, Ebola virusi Afrika qit’asi uchun uzoq yillik global muammo bo‘lib kelmoqda. Oxirgi yarim asr davomida ushbu yuqumli kasallik sababli qit’ada jami bo‘lib 15 000 ga yaqin inson hayotdan ko‘z yumgan. Mintaqadagi hozirgi epidemiologik barqarorlikni ta’minlash va virus kengayishining oldini olish uchun xalqaro tibbiy ko‘mak guruhlari safarbar etilgan.

Теги :
Jamiyat