$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

13-15 yoshli maktab oʻquvchilarining har 15 nafaridan biri chekuvchi

psixotrop

Soʻngi vaqtlarda maktab o‘quvchilari orasida turli psixotrop moddalar qabul qilish, chekish holatlari ko‘paygan. Elektron, turli tam va hid beruvchi vositalar koʻpaygani yoshlar orasida ushbu illatga ruju qoʻyishga sabab boʻlmoqda.

18-69 yoshlilarning 16,5 foizi chekuvchi

Ma’lum qilinishicha, 18-69 yosh oralig‘idagi O‘zbekiston aholisining 16,5 foizi, shu jumladan, erkaklarning 32,9 foizi, ayollarning 0,8 foizi tamaki chekadi. 

Aholining 9,9 foizi tutunsiz tamaki, o‘z navbatida tutunsiz tamaki chekuvchilarning 89 foizi esa nosvoy chekadi.

13-15 yoshdagi oʻquvchilar ham chekmoqda

Qayd etilishicha, ushbu zararli odatlar maktab yoshidagi bolalar orasida ham uchramoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 1,7 foizi – o‘g‘il bolalarning 2,3 foizi, qizlarning 0,9 foizi tamaki chekadi. 

Bunda o‘smirlarning 7,7 foizi – 10 foiz o‘g‘il bolalar hamda 5,2 foiz qizlar hayotida bir marta bo‘lsa ham chekib ko‘rgan.

Har 6 nafardan biri tamaki tutuni taʼsirida boʻladi

Statistikaga qaraganda, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 7 foizi (har 15 nafardan 1 nafari) uyda va 16 foizi (har 6 nafardan 1 nafari) yopiq jamoat joylarida tamaki tutuni ta’sirida bo‘lishadi.

Salomatlikka jiddiy zarar

Tamaki, nos va snyus singari zararli odatlar organizmi o‘sib borayotgan yoshlarga yanada yomonroq ta’sir qiladi. Bu haqda sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari qat’iy ogohlantirmoqda.

Ta’kidlanishicha, o‘smir yoshdagilarga tamaki va uning boshqa shakllari toksik ta’sir qilib, quyidagi salbiy oqibatlarga olib keladi:

nafas olish yo‘llari – tomoq-burun, halqum, traxeya, bronxlar, o‘pkaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;

o‘pkalarda yiliga 1 kggacha qatron yig‘iladi. Qatronlar kanserogen modda bo‘lib, o‘pka saratonini rivojlantiradi. Chekuvchilarda surunkali bronxit, bronxoektaz va o‘pka emfizemasi rivojlanadi, bu esa nafas yetishmovchiligiga olib keladi;

ko‘rish va xotira yomonlashadi, mushaklarning kuchi kamayadi;

yurakning muddatidan oldin qarishi ortadi, nerv hujayralari o‘ladi;

teri quriydi, husnbuzarlar toshib ketadi;

tana o‘sishdan to‘xtaydi, eshitish pasayadi, uyqu buziladi;

jinsiy ojizlik, farzand ko‘rish tizimida muammolar (erta bepushtlik), gormonal buzilishlar paydo bo‘ladi;

ateroskleroz, yurak miokardi infarkti, insult, gastrit va oshqozon-ichak yaralari bilan kasallanishlar kuzatiladi.

Bular sigaret, nos va snyus kabi o‘ta zararli odatlarning zamonaviy tibbiyot tomonidan hozirgacha isbotlangan oqibatlari.

Umrni 25 yilga qisqartiradi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 1,3 milliardga yaqin odam muntazam ravishda chekadi yoki boshqa shakllarda tamaki iste’mol qiladi. Erkaklarning taxminan 47 foizi va ayollarning taxminan 12 foizi chekadi. 

Chekishni erta boshlash va 20 yildan ortiq vaqt davomida muntazam chekish umr ko‘rish davomiyligini 20-25 yilga qisqartirar ekan.