$
 12814.78
-14.29
 13442.70
97.9
 123.50
-1.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘iston Rossiya donlarini O‘zbekistonga reeksport qilishni taqiqladi

Don

Qozogʻiston bosh vaziri Oljas Bektenovning maʼlum qilishicha, mamlakat ichki bozorni himoya qilish maqsadida Rossiya donlarini Xitoy va Oʻzbekistonga reeksport qilishga taqiq qoʻyilgan. Bu haqda Knews nashri xabar berdi.

BU YEOII mamlakatlaridagi cheklov bilan bog‘liq

Bosh vazirning ta’kidlashicha, ushbu qaror uchinchi davlatlar va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) mamlakatlaridan bugʻdoy import qilishga qoʻyilgan cheklovlar bilan bogʻliq. Bu cheklovlar ichki bozorni himoya qilishga qaratilgan.

Qozog‘iston mahsulotlari O‘zbekiston orqali eksport qilinadi

Hozirgi kunda Qozogʻistonning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari temir yoʻl orqali quyidagi yoʻnalishlarda tashilmoqda: “Qozogʻiston — Turkmaniston — Eron” (Inche-Burun) va “Qozogʻiston — Oʻzbekiston — Turkmaniston — Eron” (Sheroz). Ushbu yoʻllar orqali mahsulotlar Eronga, keyinchalik Bender-Abbas porti orqali Fors koʻrfazi mamlakatlariga yuboriladi.

Qozog‘iston bug‘doy eksporti 40 foizga qisqardi

Umuman olganda, Qozog‘iston 2024-yilning sakkiz oyida 3,13 million tonna bug‘doy eksport qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga (5,15 million tonna) nisbatan 39,2 foizga kam.

Ta’kidlanishicha, bug‘doy eksportining qisqarishi o‘tgan yilgi hosilning pastligi, shuningdek, Qozog‘iston uchun an’anaviy bozorlarda raqobatning kuchayishi bilan bog‘liq. Masalan, Italiya, Turkmaniston, Afg‘oniston va Rossiya Qozog‘iston bug‘doy iste’molini bir necha barobar kamaytirdi. Sababi boshqa don yetkazib beruvchilar eksport narxlarini pasaytirdi, bu esa Qozog‘iston mahsulotlarini siqib chiqarishga olib keldi.

Rossiya va Qozog‘istonning keying mavsum rejasi

Shuningdek, Rossiya 2024—2025-yillarda 53 million tonna bug‘doy eksport qilishini aytdi, bu avvalgi mavsumga nisbatan 10,1 foizga kam.

Qozog‘iston yangi mavsumda 12 million tonna don eksport qilishni rejalashtirmoqda, shundan 7-7,5 million tonnasi bug‘doyga, 1,3-1,4 million tonnasi arpaga, 300 ming tonnasi makkajo‘xoriga, 1 million tonnasi moyli ekinlarga to‘g‘ri keladi.

4,2 million tonnasi Markaziy Osiyo va Afg‘onistonga eksport qilinadi

12 million tonna donning 4,2 million tonnasi Markaziy Osiyo va Afg‘onistonga yetkazib berilishi kutilmoqda. Qozog‘iston 2023-yilda Xitoyga 1,4 million tonna don eksport qilgan, bu 2022-yilga nisbatan 5,5 barobar ko‘pdir. Shundan bug‘doy eksporti 538 ming tonnani tashkil etib, 15 barobar o‘sgan.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston 2023-yilda O‘zbekistonga 9 million tonna don eksport qildi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot