$
 11847.16
52.28
 13843.41
157.81
 141.44
2.77
weather
+26
Кечаси   +14°

Kasbiy ta’limda yangi tartib: Direktorlar endi har 5 yilda sinovdan o‘tadi

menejer

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi kasbiy ta’lim tashkilotlariga direktor bo‘lish uchun menejerlik sertifikati talab qilinadi. Amaldagi direktorlar va ularning o‘rinbosarlari ham maxsus menejerlik kurslarida o‘qitiladi. Kurs yakunida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganlarga 5 yil amal qiladigan sertifikat beriladi. Yangi tartib Vazirlar Mahkamasining 20-avgustdagi qarori bilan tasdiqlandi.

Direktorlar 144 soatlik kursda o‘qiydi

Direktor va direktor o‘rinbosarlari menejerlik kursiga maxsus portal orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Arizalarni faqat ma’lum bir davrda emas, yil davomida elektron shaklda topshirish mumkin. Kursga qabul qilinganlarga o‘qish boshlanishidan oldin mashg‘ulotlar qancha davom etishi va qanday tartibda o‘tkazilishi haqida ma’lumot beriladi.

Kurs jami 144 soat davom etadi. Unda bir haftalik auditoriya mashg‘ulotlari bilan birga mustaqil ta’lim ham bo‘ladi. Darslarni faqat auditoriyada o‘tkazish shart emas — ular an’anaviy, masofaviy, mustaqil yoki bir nechta usulni birlashtirgan aralash shaklda tashkil qilinishi mumkin.

Yangi tizim direktorlarning faqat o‘z sohasi bo‘yicha bilimini emas, balki ta’lim tashkilotini boshqarish ko‘nikmalarini ham oshirishga qaratilgan. Ya’ni rahbarlik lavozimiga tayinlashda menejerlik qobiliyatiga ham alohida e’tibor beriladi.

50 ta savol va amaliy topshiriq bo‘ladi

Kursni tugatishning o‘zi sertifikat olish uchun yetarli emas. Tinglovchilar yakuniy sinovdan ham o‘tishi kerak. Sinov ikki qismdan — test va amaliy topshiriqlardan iborat bo‘ladi.

Testda jami 50 ta savol beriladi va undan kamida 70 ball olish talab etiladi. Amaliy topshiriqlar uchun esa 30 daqiqa vaqt ajratiladi. Yakuniy natijada 70 va undan yuqori ball to‘plagan tinglovchi sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi va unga menejerlik sertifikati beriladi.

Birinchi urinishda yetarli natija ko‘rsata olmaganlar uchun ham imkoniyat bor — ular yakuniy sinovni qayta topshirishi mumkin. Bundan tashqari, so‘nggi uch yil davomida kasbiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan va belgilangan mezonlarga javob beradigan direktor hamda direktor o‘rinbosarlariga kursda o‘qimasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri yakuniy sinovda qatnashishga ruxsat beriladi. Nizomda belgilangan ayrim holatlarda tinglovchilar yakuniy sinovdan butunlay ozod qilinishi ham mumkin.

Sertifikatni har 5 yilda yangilash kerak

Yakuniy sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganlarga menejerlik sertifikati qog‘oz shaklida emas, maxsus portal orqali elektron ko‘rinishda beriladi. Sertifikat agentlik tomonidan tasdiqlangan yakuniy sinov natijalari asosida rasmiylashtiriladi.

Hujjatda sertifikat raqami, berilgan sana, tartib raqami, amal qilish muddati va boshqa zarur ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Berilgan barcha sertifikatlarning alohida reyestri ham maxsus portal orqali yuritiladi.

Sertifikat bir marta olinib, muddatsiz ishlatilmaydi. U 5 yil davomida amal qiladi. Muddati tugaganidan keyin direktor yoki direktor o‘rinbosari sertifikatni yangilash uchun menejerlik kursida yana o‘qishi va yakuniy sinovdan qayta o‘tishi kerak.

2026-yilda kurs xarajatlarini davlat qoplaydi

Yangi tartib bilan birga kurs xarajatlarini kim to‘lashi ham belgilab qo‘yilgan. 2026-yilda direktor va direktor o‘rinbosarlarini menejerlik kurslarida o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar respublika byudjeti hisobidan qoplanadi.

2027-yildan boshlab esa o‘qish xarajatlari tegishli shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Yangi tizimdan ko‘zlangan maqsad kasbiy ta’lim tashkilotlari rahbarlarining boshqaruv va pedagogik ko‘nikmalarini kuchaytirish, ularning malakasini muntazam oshirib borishdir. Shu bilan birga, endi direktorlikka nomzodni tanlashda uning tajribasi bilan bir qatorda tashkilotni qay darajada boshqara olishi ham muhim mezonlardan biriga aylanadi.

Теги :
Jamiyat