$
 12739.95
7.39
 14191.03
9.5
 139.14
-0.23
weather
+26
Кечаси   +14°

“Ular mening hayotimni rasvo qildi”: Samarqandning “Dinamo“ klubi va jamoaning asosiy legioneri o‘rtasida mojaro kelib chiqdi

Kojo

Ma’lum bo‘lishicha, 2023-yilning fevral oyidan beri "Dinamo" safida o‘ynab kelayotgan Joel Kojo ushbu transferlar oynasida klubni tark etishga juda yaqin keladi. Biroq "Dinamo" rahbariyati bunga yo‘l qo‘ymaydi. Futbolchini ayni paytda Jaloliddin Masharipov harakat qilayotgan Eronning "Istiqlol" klubi o‘z tarkibiga qo‘shib olishga jiddiy harakat qiladi. Tabiiy ravishda Kojo ham bu taklifni qabul qiladi. Ammo "Dinamo" rahbariyati bunga rozilik bildirmaydi. Shu sababli, uning klubdan jahli chiqqan va tarmoqdagi sahifasida rahbariyat haqida keskin fikrlar bildirgan. 

"Futbolga bo‘lgan qiziqishimni o‘ldirdinglar"

"Meni eng katta orzularimdan biri oldimda, ammo murabbiy (Vadim Abramov) va rahbariyat bunga ruxsat bermadi. Ular taklifni rad etib yuragimni tilka-pora qildi. Bu murabbiy va uning rahbariyati mening hayotimni rasvo qildi. Alloh ularni menga qilgan ishini hech qachon kechirmaydi. Futbolga bo‘lgan qiziqishimni o‘ldirdinglar. Futbol o‘ynaydigan kayfiyatim qolmadi", — deb yozadi Joel Kojo tarmoqdagi o‘z sahifasiga. 

To‘liq tafsilotlar

championat.asia saytining futbolchi bilan bog‘langan holda taqdim etgan ma’lumotida futbolchining o‘zi vaziyatni quyidagicha to‘liq bayon qilgan.

Men "Dinamo" bilan shartnomani yangilash arafasida murabbiyga boshqa klubga ketishni xohlayotganimni aytdim, lekin bosh murabbiy biz Superligaga qaytganimiz va men jamoa yetakchisi ekanligimni ta’kidlab, ushbu klubga kerakligim va Superligaga qaytishga o‘z hissamni qo‘shganimni aytgan edi. Shundan so‘ng men undan agar qachondir boshqa klubdan taklif tushsa, meni qo‘yib yuborishlariga ishonch hosil qilishni so‘radim. O‘sha paytda men va rafiqam uning ofisida bo‘ldik va u taklif tushsa, meni qo‘yib yuborishini aytdi.
Keyinroq shartnoma imzolanganimdan so‘ng u meni qo‘yib yuborish uchun menga qiziqish bildirgan klub transfer uchun 100 ming AQSH dollar to‘lash kerakligini bildirdi, bu men uchun katta shok bo‘ldi. Agentimga qo‘ng‘iroq qildim va u menga murabbiyga ishonishimni, ortiqcha tashvishlanmasligim kerakligini aytdi. Shartnomani Antaliyada, mavsum oldidan o‘tkazilgan yig‘inda tuzdik. U menga agar taklif tushsa, meni qo‘yib yuborishiga ishontirdi va men "Dinamo" uchun har doim chin dildan o‘ynadim. Yaqinda Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasi bilan Eronga qarshi o‘ynadik va o‘yindan so‘ng "Istiqlol" klubi menga qiziqayotganini bildirdi. Men darhol agentim bilan bog‘landim va undan "Dinamo" bosh murabbiyi bilan gaplashishini so‘radim. Men o‘sha vaqti terma jamoa safida edim. O‘zbekistonga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng jamoaga qaytdim va shaxsan o‘zim murabbiy bilan gaplashdim. U menga: "Kojo, seni hozir qo‘yib yuborolmayman, chunki boshqa hujumchi yo‘q", deb aytdi. Men bosh murabbiyga jamoa uchun o‘ynashni istamayotganim uchun emas, bu taklif mening faoliyat uchun katta o‘sish bo‘lishi va shuning uchun mening holatimni tushunishini iltimos qildim. Bu murabbiy uchun qiyin bo‘lsa-da, keyin u rozi bo‘ldi va meni xarid qilmoqchi bo‘lgan klub taklifni yuborsa, masala hal bo‘lishini aytdi", — deb vaziyatni tushuntiradi futbolchi.

“Dinamo” PFK matbuot xizmati bayonoti

Samarqand klubi matbuot xizmati vaziyatga izoh berdi.

“Dinamo” PFK shuni ma’lum qiladiki, darhaqiqat Erondagi transfer oynasining so‘nggi kunida jamoamiz hujumchisi Joel Kojo bo‘yicha Eronning “Istiqlol” klubidan rasmiy taklif tushdi. Ammo O‘zbekiston Superligasida transfer oynasining allaqachon yopilgani, hozirda Joel Kojoning o‘rnini to‘ldirishning imkoni yo‘qligi sababli “Dinamo” PFK fors klubining taklifini rad etdi, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, klub futbolchining ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan fikrlarini ichki tartibda ko‘rib chiqishi va tegishli chora ko‘rishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, kelib chiqishi ganalik bo‘lgan Kojo “Dinamo” safida 17 uchrashuvda qatnashib 11 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan. Qirg‘iziston sharafini himoya qilayotgan futbolchi terma jamoa safida 15 uchrashuvda 7 bora gol urishga erishgan. 10-oktyabr kun Bishkekda o‘tkazilgan Qirg‘iziston — O‘zbekiston uchrashuvida ham qirg‘izistonliklarning birinchi goliga 26 yoshli Joel mualliflik qilgan. Samarqand klubi va Kojo o‘rtasidagi shartnoma muddati 2025-yilning so‘ngigacha amal qiladi.