Deputatlikka nomzodlar orasida pedogoglar ulushi koʻproq
Nomzodlar ichida eng yoshi 21da. Shuningdek, ular orasida 605 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar mavjud.
2 daqiqa o‘qiladi

Kuni kecha Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish hamda saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga oid masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.
Majlisda ko‘rilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumanida MSK Raisi Z.Nizomxodjayev majlisda qabul qilingan qarorlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
28 mingdan ortiq nomzod
Qayd etilganidek, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi tomonidan bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan jami 375 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.
Shuningdek, yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan jami 500 nafar partiya ro‘yxatidagi nomzodlar ro‘yxatga olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlariga har bir partiyadan nomzodlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, deputatlik mandati uchun 28 ming 475 nafar nomzodlar kurash olib boradi.
Majlisda qayd etilganidek, Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 391 nafarni yoki 44,7 foizni tashkil etdi. Bu saylov tariximizdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Nomzodlar asosan necha yoshda?
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) Kengashlari deputatligiga nomzodlarning o‘rtacha yoshi 44,4 yoshni tashkil etib, ulardan 54,9 foizi 45 yoshgacha bo‘lganlar, 36,4 foizi 45-60 yoshdagilar bo‘lib, viloyat Kengashiga nomzodlar orasida eng yoshi 24 yosh. Tuman Kengashlariga nomzodlar orasida eng yoshi 21 yosh.
Qaysi soha vakillari koʻproq?
Nomzodlarning 90,3 foizi oliy ma’lumotli. Ular orasida pedagoglar – 36 foiz, iqtisodchilar – 15,8 foiz, muhandislar – 9,6 foiz, shifokorlar – 9,4 foiz, huquqshunoslar – 3,3 foiz, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 25,9 foizni tashkil etadi.
Inklyuzivlik
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yashayotgan aksariyat millat va elatlarning vakillari ham nomzodlar orasida bor. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga nomzodlarning 973 nafari tojik, 588 nafari qozoq, 146 nafari turkman, 141 nafari qirg‘iz, 67 nafari rus va boshqa millatlarni tashkil etadi.
Nomzodlarni ko‘rsatishda siyosiy partiyalar inklyuzivlikka ham alohida e’tibor qaratganini kuzatish mumkin. Jumladan, Qonunchilik palatasi saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 11 nafar va mahalliy Kengashlar saylovi bo‘yicha deputatlikka nomzodlar orasida jami 605 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud. Bunday yuqori darajadagi inklyuzivlik birinchi marotaba kuzatilmoqda.



