$
 11891.18
-46.71
 13753.34
-15.82
 141.83
0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

AQShda muhojirlarni sirtdan deportatsiya qilish rekord darajaga yetdi

Deport

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi immigratsiya sudlarida Donald Tramp ma’muriyati davrida muhojirlarning shaxsiy ishtirokisiz, ya’ni sirtdan deportatsiya qilish bo‘yicha chiqarilayotgan qarorlar soni keskin ortib bormoqda. The Guardian nashri taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning iyun oyida sudyalar tomonidan shunday shakldagi 53 808 ta qaror qabul qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 183,6 foizlik o‘sishni tashkil etadi.

Advokatsiz qolgan muhojirlar muammosi

Yuzaga kelayotgan vaziyatning asosiy sabablaridan biri sifatida immigratsiya sudyalarining ish tartibi ko‘rsatilmokda. Hozirgi kunda sudyalar bitta sud majlisining o‘zida 100 tadan 200 tagacha ishni ko‘rib chiqadigan ommaviy dastlabki tinglovlarni tashkillashtirmoqda. Bunday ko‘p sonli ro‘yxatlardan birinchi navbatda o‘z manfaatlarini himoya qiluvchi advokatga ega bo‘lmagan fuqarolar o‘rin olmoqda. Ishlarni ko‘rish jarayonidagi shoshilinchlik va muhojirlarning huquqiy yordamsiz qolayotgani muammoni yanada chuqurlashtirmoqda.

Muddatlarning qisqarishi

Shu bilan birga, sud majlislari tayinlanadigan sanalarning kutilmaganda juda yaqin muddatlarga ko‘chirilayotgani kuzatilmoqda. Masalan, iyun oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ozodlikda bo‘lgan muhojirlarning yarmiga sud majlisigacha bor-yo‘g‘i 42 kunlik muddat berilgan, ayrim holatlarda esa bu muddat o‘rtacha 24 kunni tashkil etgan. Vaziyatni qiyinlashtirayotgan yana bir omil — sud chaqiruv qog‘ozlarining hali ham an’anaviy oddiy pochta xizmati orqali yuborilayotganidir. Buning oqibatida ko‘plab muhojirlar o‘zlarining sud kuni haqida o‘z vaqtida xabar topa olmayapti, natijada ularning boshpana so‘rab topshirgan arizalari hatto ko‘rib chiqilmasdan bekor qilinmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar ogohlantirishi

Inson huquqlari himoyachilari mazkur amaliyot ortidan kelib chiqadigan jiddiy xavflarga e’tibor qaratmoqda. Ularning ta’kidlashicha, ko‘plab muhojirlar o‘zlari bilmagan holda sirtdan deportatsiya qilinadigan shaxslar ro‘yxatiga tushib qolmoqda. Bu esa ularni ko‘chada yoki yashash joyida ICE hamda mahalliy politsiya xodimlari tomonidan o‘tkaziladigan birinchi tekshiruvning o‘zidayoq darhol hibsga olinishi va mamlakatdan chiqarib yuborilishi xavfi ostida qoldirmoqda.

Теги :
Jamiyat