$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda yarim yil mobaynida tug‘ilganlarning ota-onasi necha yoshda?

demografiya

Bu haqda Statistika agentligi aholining demografik holatiga doir bergan ma’lumotlarda keltirilgan.

Tug‘ilishlar soni qancha?

O‘zbekistonda 2024-yil yanvar–iyun oylarida tirik tug‘ilgan chaqaloqlar soni 419,9 ming nafarni tashkil etdi (2023-yil mos davrida 434,6 ming bola tug‘ilgan). Shundan o‘g‘il bolalar soni 218,1 ming nafar, qiz bolalar 201,8 ming nafar bo‘lgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tirik tug‘ilganlar soni shaharlarda 212,3 ming kishini, qishloqlarda 207,6 ming kishini tashkil etgan.

Eng ko‘p tug‘ilish qaysi oyga to‘g‘ri kelmoqda?

Yarim yil davomida eng ko‘p tug‘ilishlar may oyida yuz bergan bo‘lib, bir oy ichida 38 026 nafar o‘g‘il bola, 34 865 nafar qiz bola dunyoga kelgan.

Yanvar–iyun oylarida jami chaqaloqlarning 97,7 foizi 1 nafar, 2,2 foizi 2 nafar tug‘ilgan.

Yarim yil mobaynida tug‘ilgan chaqaloqlarning ota-onasining yoshi kesimida

Olti oy davomida tug‘ilgan chaqaloqlardan 9,9 foizining otasi 25 yoshgacha, 82,9 foiziniki 25–39 yoshlarga hamda 7,2 foizining otalari 40 yosh va undan katta yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tug‘ilgan bolalardan 37,4 foizining onasi 25 yoshgacha, 61,3 foiziniki 25–39 yoshlar,1,3 foiziniki 40 yosh va undan katta yoshdagilardan iborat bo‘lgan.

Tug‘ilishlar soni eng ko‘p viloyatlar

Yarim yil davomida tug‘ilganlar sonining eng ko‘p ulushi Samarqand viloyatida qayd etildi —50 360 nafar (jami tug‘ilganlarning 12 foizi). Shu bilan birga, Farg‘ona (47 004 bola), Qashqadaryo (43 909), Andijon (38 482) va Surxondaryo (37 663 ) viloyatlarida tug‘ilishlar soni nisbatan yuqori bo‘ldi.

Tug‘ilishlar soni kam viloyatlar

Tug‘ilganlar sonining eng kam ulushi Sirdaryo viloyatida kuzatildi — 10 414 nafar (jami tug‘ilganlarning 2,5 foizi). O‘z navbatida Navoiy (12 365), Jizzax (18 619), Xorazm (18 708) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda (18 969) tug‘ilishlar boshqa hududlarga qaraganda sezilarli kam.

O‘tgan yilgi statistika

Respublikada o‘tgan yillarning yanvar–iyun oylarida tug‘ilgan chaqaloqlar soni quyidagicha bo‘lgan:

 2015-yil — 311,7 ming nafar;

 2016-yil — 317,9 ming nafar;

 2017-yil — 311,8 min nafar;

 2018-yil — 324,3 ming nafar;

 2019-yil — 347,3 ming nafar;

 2020-yil — 365,6 ming nafar;

 2021-yil — 390,7 ming nafar;

 2022-yil — 413,6 ming nafar.

Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov tug‘ilish kamayishi noxush ishora ekanini qayd etib, agar bu qisqarish chuqur omillar ta’sirida shakllanishni boshlagan bo‘lsa, uni to‘xtatish qiyinligidan xavotir bildirgandi.

Теги :
Jamiyat