$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklar asosan qaysi kasallikdan vafot etmoqda?

O

O‘zbekiston fuqarolari asosan qon aylanish tizimi kasalliklaridan vafot etayotgani ma’lum bo‘ldi. Statistika agentligi 2024-yil uchun demografik statistikalarni taqdim etdi.

O‘tgan yili 174,4 ming kishi vafot etgan

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-dekabr oylari davomida mamlakatda 174,4 ming kishi vafot etgan. Ulardan 96 mingi erkaklar, 78,4 mingi esa ayollardir. Vafot etganlar soni shahar joylarida 98,2 ming kishini, qishloq joylarida 76,2 ming kishini tashkil etgan.

O‘zbekistonliklarning o‘limiga eng ko‘p sabab bo‘lgan holatlar quyida qayd etilgan:

·      Qon aylanish tizimi kasalliklari – o‘rtacha 57,6 foiz;

·      Yangi o‘smalar (shishlar) – 9,4 foiz;

·      Nafas olish organlari kasalliklari – 6,3 foiz;

·      Baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlar – 5,8 foiz;

·      Hazm qilish organlari kasalliklari – 4,1 foiz;

·      Infeksion va parazitar kasalliklar – 1,1 foiz;

·      Boshqa kasalliklar – 15,7 foiz.

Shuningdek, 2023-yil bilan solishtirganda o‘lim ko‘rsatkichi 1,6 ming kishiga ko‘paygan.

O‘lim holati qaysi hududda ko‘proq?

O‘lim holatlarining eng katta ulushi Samarqand viloyatida (10,8 foiz) yuz berdi, Farg‘ona viloyatida — 10,3 foiz, Andijon viloyatida — 10,2 foiz, Toshkent shahrida — 9,6 foiz, Toshkent viloyatida — 9,4 foiz.

Sirdaryo (2,6 foiz), Navoiy (2,8 foiz), Jizzax (3,5 foiz), Xorazm (5,2 foiz) va Buxoro (5,5 foiz) viloyatlarida o‘lim ulushi nisbatan kam.

Doimiy aholi soni

O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 37 million 543,2 ming kishiga yetdi. Shu tariqa 2024-yilda aholi o‘sishi 2 foizni yoki 743,4 ming kishini tashkil etdi.

Jami aholining 18,9 millioni (50,4 foizi) erkaklar, 18,6 millioni (49,6 foizi) ayollardir. Shahar aholisi 19,1 million (51 foiz), qishloq aholisi 18,4 million (49 foiz) kishini tashkil etadi.

Aholi zichligi

Aholi zichligi — har kvadrat kilometrga 83,6 nafar kishi. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 1,6 kishiga ko‘p (2024-yil 1-yanvar holatiga 1 kv. km.ga 82 kishi).

Hududlar kesimida aholining eng yuqori zichligi Toshkent shahrida 6948,1 nafar, Andijon viloyatida 804,9, Farg‘ona viloyatida 613,1 nafarni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyatida — 9,9 va Qoraqalpog‘istonda — 12,2.

O‘tgan yili 926,4 ming bola tug‘ildi

2024-yilda 926,4 ming bola tug‘ildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,7 foizga kam. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2017-yildan beri ilk bor tug‘ilish kamaymoqda.

Tug‘ilganlar ulushi shaharlarda 49,1 foiz (454,5 ming chaqaloq), qishloq joylarda 50,9 foiz (471,9 ming).

O‘tgan yil davomida 479,5 ming (51,8 foiz) o‘g‘il bola, 446,9 ming (48,2 foiz) qiz bola tug‘ildi.

2024-yilda tug‘ilganlar soni tahlil qilinganda quyidagi taqsimot qayd etildi: bir bola tug‘ilishi 97,7 foizni, ikkita bola tug‘ilishi 2,2 foizni, uch va undan ortiq bola tug‘ilishi 0,1 foizni tashkil etdi.

Otalar bo‘yicha yosh toifasi

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning otalari yoshga qarab quyidagi nisbatda taqsimlandi: 10,7 foiz — 25 yoshgacha, 82,5 foiz — 25−39 yosh, 6,8 foiz — 40 yosh va undan katta. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 39,3 foizida onalar yoshi 25 yoshgacha, 59,5 foizida 25−39 yosh, 1,2 foizida 40 yosh va undan katta bo‘lgan.

Eng ko‘p tug‘ilish ham Samarqandda

Tug‘ilishning eng katta ulushi Samarqand viloyatida (12 foiz) kuzatildi, Farg‘ona viloyatida — 11,1 foiz, Qashqadaryo viloyatida — 10,9 foiz, Andijon viloyatida — 9,3 foiz va Surxondaryo viloyatida — 9,1 foiz.

Tug‘ilish darajasi Sirdaryo viloyatida (2,4 foiz), Navoiy viloyatida (2,8 foiz), Jizzax viloyatida (4,2 foiz), Qoraqalpog‘istonda (4,5 foiz) va Buxoro viloyatida (5 foiz) nisbatan past.

Теги :
Jamiyat