$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Prezident 7 ta milliy dasturni e’lon qildi: Ta’limdan iqtisodiyotgacha nimalar o‘zgaradi?

dastur

O‘zbekistonda keyingi yillar uchun 7 ta yirik milliy dastur amalga oshiriladi. Prezident e’lon qilgan rejalar ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyot, suv va ekologiya, sud-huquq tizimi, mahallalar hamda tashqi siyosatni qamrab oladi. Rejalardagi eng katta raqamlardan biri — kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish.

Ta’lim tizimida nimalar o‘zgaradi?

Birinchi milliy dastur ta’lim va yoshlarning kasb egallashiga qaratilgan. Eng avvalo, bolalarni maktabga tayyorlashga e’tibor kuchaytiriladi. 6 yoshli bolalarning tayyorlov guruhlariga qamrovi qisqa muddatda 100 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Xususiy bog‘cha ochayotgan tadbirkorlar uchun hozir mavjud imtiyozlar ham saqlab qolinadi.

Maktablarda ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash kengayadi. Barcha maktablarni xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olish maqsad qilingan. Bu orqali o‘quvchilarning bilim darajasini nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro ko‘rsatkichlar bilan ham solishtirish imkoniyati oshadi.

Texnikumlarda esa xalqaro ta’lim standartlari joriy qilinadi. Asosiy e’tibor yoshlarni bozorda talab yuqori va yaxshi daromad keltiradigan kasblarga o‘qitishga qaratiladi. Bunday ta’lim bilan qamrovni 1 million kishiga yetkazish rejalashtirilgan. Prezidentning ta’kidlashicha, maqsad — O‘zbekistonda birorta ham yigit-qiz kasbsiz qolmasligiga erishish.

Tibbiyotga ko‘proq mablag‘ ajratiladi

Ikkinchi milliy dastur odamlarning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishiga qaratiladi. Kelgusi besh yil ichida aholi salomatligiga sarflanadigan davlat xarajatlarini YAIMga nisbatan 5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Tibbiyotda kasallikni faqat davolash emas, uning oldini olishga ko‘proq e’tibor beriladi. Profilaktika kuchaytirilib, odamlarning sog‘lig‘ini kasallik paydo bo‘lishidan oldin nazorat qilish va asrash tizimini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Davlat tibbiy sug‘urtasi ham bosqichma-bosqich barcha xonadonlarni qamrab olishi kerak.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobatni oshirish uchun dunyoning kamida 5 ta nufuzli klinikasini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan. Bu mahalliy tibbiyot muassasalari uchun ham yangi tajriba va yuqori standartlarni olib kirishi kutilmoqda.

450 milliard dollar investitsiya, 2 millionta yaxshi daromadli ish o‘rni

Uchinchi dastur iqtisodiyotga tegishli. O‘zbekiston iqtisodiyotini yuqori texnologiya va yuqori mehnat unumdorligiga asoslangan modelga o‘tkazish maqsad qilingan. Buning uchun kelgusi o‘n yil davomida 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda.

2030-yilgacha O‘zbekiston YAIMini 300 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Sanoatning o‘zida 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishi kerak. Yoshlar uchun startaplar, venchur investitsiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalishlari ham asosiy ustuvor sohalardan biriga aylantiriladi.

Biznesning o‘sishi uchun ham alohida tizim yaratish rejalashtirilgan. Kichik biznesning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishiga sharoit yaratiladi. Prezident e’lon qilgan maqsadga ko‘ra, shu o‘zgarishlar hisobiga kelgusi o‘n yil ichida aholi jon boshiga YAIM 10 ming dollardan oshishi kerak.

Bu yo‘nalish bilan birga suv masalasiga ham alohida milliy dastur ajratiladi. Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi kuchayib borayotgan bir paytda, kelgusi besh yil ichida ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu to‘rtinchi milliy dasturning asosiy maqsadi bo‘ladi.

Sud, mahalla va tashqi siyosat bo‘yicha ham alohida dasturlar bo‘ladi

Beshinchi milliy dastur sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini kuchaytirishga qaratiladi. Huquqiy tarbiyani maktabdan boshlash, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini yanada mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralar ham kuchaytiriladi.

Теги :
Jamiyat