$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Olimlar yuqori IQ darajasini belgilab beradigan g‘alati xatti-harakatlarni aniqladilar

Eynshteyn

Albert Eynshteyn va Charlz Darvin kabi buyuk zakovat egalari yolg‘izlikni xush ko‘rish va o‘zi bilan gaplashish kabi ajabtovur xatti-harakatlarni namoyon etgan. Dunyo bu odatlarni g‘alati deb hisoblagan bo‘lsa-da, ko‘plab tadqiqotlar ularni yuqori IQ bilan bog‘liq ekanligini aniqladi.

Kundalik odatlarimiz hayot tarzimizga katta ta’sir ko‘rsatadi va hatto fikrlash tarzimizni o‘zgartirishi mumkin. Olimlar daholarning ba’zi g‘alati “qiliq”larini aynan daholik bilan bog‘liq ekanini tasdiqladilar.

Odam o‘zi bilan gaplashishi aqldan ozishmi?

Agar siz o‘zingiz bilan gaplashsangiz, bu aqldan ozganingizni anglatmaydi. Bu aslida, sizning normal odamdan aqlliroq ekanligingizning belgisi bo‘lishi mumkin.

Garchi bu xatti-harakat biroz mantiqsiz bo‘lsa-da, ko‘plab dalillar uning foydali, balki, juda foydali ekanini ko‘rsatmoqda –o‘zi bilan gaplashish o‘ziga ishonch, hushyorlik va xotirani yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatar ekan.

2012-yilda amerikalik tadqiqotchilar jamoasi ishtirokchilarga turli xil buyumlarning 20 ta rasmini ko‘rsatdi va ular orasidan ma’lum bir buyumni topishni so‘radi. Olimlar rasmlarga qarab, o‘z-o‘ziga gapirgan odamlar topshiriqni tezroq uddalay olganini aniqladi.

Keyingi safar o‘zingiz bilan gaplashayotganingizda, uyalmasangiz ham bo‘laveradi. O‘zingiz bilan “kelishib” yashash sizga ma’lumotlarni qayta ishlashda va aqlni charxlashda yordam beryapti.

Tun qorovuli

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, tun “qorovul”lari aslida, juda yuqori IQga ega bo‘lishadi.

Yanvar oyida chop etilgan tadqiqotda 26 000 xil ma’lumotlarni tahlil qilindi va testlar davomida kech uxlab, kech uyg‘onadigan odamlar “xo‘roz qichqirmasdan”uyg‘onadiganlarga qaraganda, yuqori natijalarni ko‘rsatganligini aniqladi.

Ko‘plab buyuk zakovat egalari kechasi bilan ishlashni odat qilgan, jumladan, Charlz Darvin va Marsel Prust ham tun “qorovul”lari hisoblangan.

Butun dunyo mudrayotgan bir vaqtda sizning miyangiz faol bo‘lsa, bilingki, siz daholikka da’vo qilsangiz ham bo‘laveradi.

Ajoyib xayolparast

Xayollarga g‘arq bo‘lib, hamma narsani unutish bizda, ko‘pincha, ovsarlikning bir belgisi sanaladi. Ammo olimlar bu aslida insonning aqlli, tasavvuri keng va ijodkor ekanligining belgisi deyishmoqda.

Jorjiya Texnika universiteti psixologiya professori Erik Shumaxerning tadqiqotlari shuni isbotladiki, xayol surish odatiga ega bo‘lgan odamlar intellektual va ijodiy qobiliyat nafaqat uning testlarida, balki amaliyotda ham yuqori natijalarni ko‘rsatganlar.

Xayol surish aslida miyamiz uchun ajoyib mashg‘ulotdir, u miyaning burchaklarida qolib ketgan xotiralarni “titkilab”, aqlimizni charxlashga xizmat qiladi.

Betartiblik

Ba’zi odamlar tartibsiz xonani yoki ish stolini yoqtirmaydi. Ammo yuqori intellektga ega odamlar bunday vaziyatga e’tibor bermaydilar – yoki ehtimol, shunday muhitni afzal ko‘rishadi.

Tadqiqotchilar guruhi buni aniqlash uchun ishtirokchilarni ikkiga bo‘lib, bir guruhni to‘zg‘igan va 2-guruhni ozoda ofis joyiga joylashtirdi va ulardan stol tennisi to‘plaridan foydalanishning yangi usullarini o‘ylab topishni so‘radi.

Natijada, tadqiqotchilar tartibsiz xonada bo‘lgan ishtirokchilar ko‘proq kreativ va qiziqarli g‘oyalarni o‘ylab topganiga guvoh bo‘ldi.

Aytish mumkinki, ish joyingizni tartibsiz saqlash tashqi dunyo doirasidan tashqarida fikrlashingizga yordam berar ekan.

Demak, Matmusa salkam daho ekan-da?

Agar siz doimo narsalarning qanday ishlashini, qayerdan kelganini va miyangizga kelgan boshqa ko‘plab savollarni javobsiz qoldirmay, ularni izlashga tirishsangiz, ehtimol siz juda aqllisiz.

Qiziquvchanlik, ko‘p savol berish daholikning eng keng tarqalgan belgisidir. Bu sizning ongingiz atrof dunyoni tushunishga doim intilayotganidan dalolat beradi.

Bu shuningdek, siz doimo yangi ma’lumotlarni o‘rganayotganingizni va o‘zlashtirayotganingizni anglatadi. Qanchalik ko‘p savol bersangiz, fikrlash doirangiz shunchalik kengayadi.

Ba’zilar uchun bu zerikarli tuyulishi mumkin. Ammo yuqori IQga ega odamlar uchun to‘xtovsiz savol so‘rash, doimiy yechim izlash tabiiy hol.

Eynshteyn degani kabi: "Mening hech qanday noyob qobiliyatim yo‘q. Men faqat qiziquvchanlik bilan shug‘ullanaman".

Introvertlik

Ko‘plab daholar yolg‘izlikda, tinch va osoyishta muhitda ishlash yoki fikrlashni afzal ko‘rishadi.

Buning mantig‘i bor – ijtimoiy muhitda, odamlar orasida diqqatni jamlash qiyin bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, introvertlar ekstravertlarga qaraganda chuqurroq va tanqidiy fikrlashadi, bu esa yuqori IQ bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Kitobqurtlari

Ko‘p kitob o‘qiydigan odamlar doimo yangi ma’lumotlar, murakkab g‘oyalar va turli nuqtai nazarlarni o‘rganib, so‘z boyligini oshirib boradilar. Bu miyaning faoliyatini mustahkamlash uchun ajoyib mashg‘ulotdir, deydi olimlar.

Bundan tashqari, o‘qish diqqatni jamlash, tasavvurni rivojlantirish va empatiyani shakllantirishga yordam beradi. Ko‘p kitob o‘qiydigan odamlar doimo o‘z intellektini rivojlantirayotgan bo‘lishadi, bu esa ularning yuqori IQga ega bo‘lish ehtimolini oshiradi.

Biznes olami qirollaridan, investor Uorren Baffet kuniga deyarli sakkiz soatni kitob o‘qishga sarflaydi. Agar siz doimo kitobga sho‘ng‘ib o‘tirsangiz, bilingki, har bir sahifa bilan yanada aqlli boryapsiz.