$
 12158.13
-33.12
 14166.65
55.28
 153.98
-0.22
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘istonga aloqador xakerlar O‘zbekistonning viloyat hokimliklari va Suv xo‘jaligi vazirligiga hujum qilib kelgan

kiber

Qozog‘istonga aloqador xakerlar O‘zbekistonning viloyat hokimliklari, ilmiy-tadqiqot institutlari va Suv xo‘jaligi vazirligiga hujum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik sohasida dunyoning yetakchi tadqiqot markazlaridan biri — VMRay portali xabar berdi.

Xavotirli hisobot

Portal mutaxassislari Markaziy Osiyo mintaqasi uchun o‘ta xavotirli hisobotni e’lon qildi. Unga ko‘ra, kelib chiqishi Qozog‘iston bilan bog‘liq ekani taxmin qilinayotgan Hydra Saiga (shuningdek, YoroTrooper, ShadowSilk va Silent Lynx nomlari bilan tanilgan) xakerlar guruhi mintaqadagi strategik obyektlarga tizimli hujumlar uyushtirgan. 

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu guruh hukumat idoralari, energetika sektori va o‘ta muhim infratuzilma obyektlariga qaratilgan keng ko‘lamli kiber-josuslik bilan shug‘ullanib kelgan. Xususan, O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi, hokimliklar va ilmiy-tadqiqot institutlari nishonga olingan.

Strategik resurslar uchun xavf 

Ma’lumotlarga ko‘ra, faol kiberhujumlar fazasi 2024-yilning sentyabridan 2025-yilning martigacha davom etgan. Xakerlarning asosiy qiziqishi suv resurslarini boshqarish tizimlariga qaratilgani e’tiborga molik. Bu nafaqat ma’lumotlarni o‘g‘irlash, balki strategik resurs hisoblangan suv va energiya tizimlari ustidan yashirin nazorat o‘rnatishga urinish bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchilarning xulosalariga ko‘ra, Hydra Saiga guruhining xatti-harakatlari tijorat maqsadlarini ko‘zlamaydi, balki sof geosiyosiy va strategik xarakterdadir. Guruhning nishonlari va ishlash geografiyasidan kelib chiqib, mutaxassislar uning faoliyatini Qozog‘iston manfaatlari bilan bog‘lashmoqda. 

Bunday “davlat homiyligidagi” (state-sponsored) guruhlarga xos bo‘lgan asosiy jihat — moliyaviy foyda olish emas, balki mintaqadagi suv va energetika kabi muhim resurslar ustidan axborot ustunligiga ega bo‘lish va strategik ma’lumotlarni to‘plashdir. Garchi bu borada rasmiy ayblovlar bo‘lmasa-da, hujumlarning aynan Markaziy Osiyodagi suv taqsimotiga mas’ul idoralarga qaratilgani ushbu kiber-josuslik amaliyoti ortida yuqori darajadagi siyosiy qiziqishlar turganiga ishora qiladi.

Теги :
Jamiyat