$
 12683.99
35.87
 13647.97
25.94
 139.24
0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

Fuqaro yolg‘on ma’lumot uchun 3 yilga qamaldi

Lie

U Qo‘qonda novvoychilik qiluvchi tanishi va boshqa shaxslarning ekstremistik oqimga aʼzo ekani, O‘zbekistonda o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yolg‘on maʼlumot bergan.

34 yoshli erkak tanishlari ustidan shikoyat qildi

Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida ko‘rib chiqildi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1990-yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Nurulloh Mavlonov o‘zining novvoy tanishi va boshqa bir nechta shaxslar ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yolg‘on xabar bergan.

“Jihod” qilish va “shahid” bo‘lish

U 2023-yil 15-dekabr kuni DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqarolar B.Ibragimov, А.Mamajonov va boshqa shaxslarning turli xildagi taqiqlangan diniy uyushmalarga aʼzoligi, ular odamlarni “jihod” qilish, “shahid” bo‘lish kabi harakatlarga undayotgani hamda O‘zbekiston hududida o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirgan.

Ma’lumotlar yolg‘on bo‘lib chiqdi

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida N.Mavlonovning arizasida ko‘rsatilgan holatlar yolg‘on xabar ekani aniqlangan.

Arizada keltirilishicha…

Nurulloh Mavlonov o‘z arizasida 2023-yilning sentyabr oyida Marg‘ilon shahrida yashovchi, novvoychilik bilan shug‘ullanuvchi B.Ibragimov bilan tanishganini, ushbu shaxs uni asta-sekinlik bilan diniy amallarni bajarishga daʼvat qila boshlaganini, oktyabr oyida Ibragimov o‘zini Farg‘ona shahrida joylashgan xonadonlardan biriga taklif qilib, Marg‘ilon shahrida yashovchi А.Mamajonov hamda Qo‘qon shahridan bo‘lgan Аnvar va Toshloq tumanidan bo‘lgan Аkmal ismli shaxslar bilan tanishtirganini, shundan so‘ng ushbu shaxslar bilan Marg‘ilon shahridagi “Аsr”, “Yangi davr” va “Sharq” choyxonalaridagi diniy yig‘ilishlarda qatnashganini keltirgan.

“PM” va “Kalashnikov” berilgan

Shuningdek, u 2023-yil oktyabr oyida B.Ibragimov daromadli ish borligini aytib, uni Farg‘ona shahri Аbdulla Qodiriy mavzesida joylashgan xonadonlardan biriga olib kelgani va qora rangli qopga o‘ralgan 2 ta o‘qotar qurollar – “PM” to‘pponchasi hamda “Kalashnikov” avtomatini olib chiqib, to‘pponchani unga berganini, Ibragimovdan ushbu qurollar nima maqsadda saqlanayotganini so‘raganida, 2023-yil 29-dekabr kuni Toshkent shahrida amalga oshirilishi kutilayotgan qo‘poruvchilik harakatlarida foydalanilishi rejalashtirilayotganini maʼlum qilganini bayon etgan.

Bir necha shaxslarni Suriyaga jo‘natgan

Bundan tashqari, u arizasida B.Ibragimov Suriyadagi xalqaro terroristik tashkilotlar safiga O‘zbekiston fuqarolarini jo‘natish bilan shug‘ullanib kelishini, uning topshirig‘iga binoan 2023-yil 1-dekabr kuni Farg‘ona shahri markazida namanganlik Behzod ismli hamda Toshkent shahridan bo‘lgan shaxslar bilan uchrashib, ularni Toshkent shahriga jo‘natib yuborganini, ushbu shaxslar “Toshkent-Rossiya-Turkiya-Suriya” yo‘nalishidagi aviareyslar orqali uchib ketib, Suriyadagi terrorchi tashkilotlar safiga qo‘shilgani haqida maʼlumot bergan.

Maqsad qarzlardan qutilish

Sudda sudlanuvchi arizasida ko‘rsatib o‘tilgan ushbu holatlar bo‘lmaganini, yaʼni yolg‘on ekanini aytib, aybiga iqror bo‘lgan. U mazkur yolg‘onni o‘ylab topishdan maqsadi qarzlaridan qutulish bo‘lganini bildirgan. Yaʼni Marg‘ilon shahrida yashovchi bir nechta fuqarolarning ustidan DXXga yolg‘on maʼlumot bersa, ular qarzlarini so‘rashmaydi deb o‘ylagan.

3 yilga “kesildi”

Sud hukmiga ko‘ra, Nurulloh Mavlonov Jinoyat kodeksining 237-moddasi 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Теги :
Жамият